date

Rossiyada yana o‘zbekistonlik mehnatkashlar tahqirlandi va kaltaklandi

Rossiyada yana o‘zbekistonlik mehnatkashlar tahqirlandi va kaltaklandi

Rossiyaning Vladivostok shahrida sodir bo‘lgan navbatdagi holat ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalarida katta muhokamalarga sabab bo‘ldi. 13 sentyabr kuni Xabarovskaya ko‘chasida mahalliy yoshlar guruhi o‘zbekistonlik ekani aytilgan bir necha migrantlarga hujum qilgani haqida “Vladivostok1” nashri xabar tarqatdi.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, avvaliga yoshlar migrantlar harakatlanayotgan mashinalarga tosh otgan. Shundan so‘ng haydovchilar vaziyatni aniqlash uchun tushishganida, guruh bo‘lib ularga tajovuz qilishgan. Hujum oqibatida bir nechta shaxs turli darajada jarohat olgani qayd etilmoqda.

Bezorilar o‘z xatti-harakatlarini videoga ham yozib olishgan. Yozuvda muallifning baland kulgisi, tajovuzkorlarni qo‘llab-quvvatlovchi chaqiriqlari aniq eshitiladi. Kadrlarda “ur” degan chaqiriqlar, nojni tashlash talablari va ayrim migrantlar o‘zini samokat bilan himoya qilishga uringani aks etgan. Bir yigit do‘kon ichiga qochmoqchi bo‘lgan, ammo ortidan kirganlar uning yuziga zarba bergan. Hatto do‘konda kamera borligi haqida ogohlantirilganda ham, video muallifi “bilaman” deb javob qaytarib, tasvirga olishda davom etgan.

Hozirda politsiya voqea yuzasidan tekshiruv boshlagan. Biroq nashr ma’lumotlariga ko‘ra, hujumdan jabrlanganlar ham, guvohlar ham hali rasmiy ariza yozmagan. Shu bilan birga, tajovuzkorlar voyaga yetmaganlar bo‘lishi mumkinligi ham qayd etilmoqda.

O‘zbekistonning Vladivostok shahridagi Bosh konsulxonasi voqeadan darhol xabardor bo‘lgan. Bosh konsul Yusuf Qobiljonovning ta’kidlashicha, jabrlanganlar bilan tezkor aloqa o‘rnatilib, ularga zarur huquqiy yordam ko‘rsatilgan. Shuningdek, O‘zbekiston fuqarolari tomonidan shahar Ichki ishlar boshqarmasiga rasmiy ariza topshirilgan. Rossiya TIVning Vladivostokdagi vakolatxonasi va Primorsk o‘lkasi prokuraturasiga ham tegishli notalar yo‘llandi.

Mazkur voqea O‘zbekistonning Vladivostokdagi Bosh konsulxonasi hamda Rossiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan alohida nazoratga olingani qayd etildi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oy ham internetda bir rossiyalik shaxsning o‘zbek taksichini haqorat qilishi, unga nisbatan milliy haqoratli ifodalar ishlatishi katta muhokamalarga sabab bo‘lgandi. U paytda ham O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Rossiya tomoniga rasmiy nota yuborib, aybdorga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan edi.

Shu kabi holatlar migrantlar xavfsizligi masalasini yanada kun tartibiga chiqarmoqda. Mutaxassislar ta’kidlashicha, ikki davlat organlarining hamkorligi va jamoatchilikning qat’iy munosabati orqali bunday tahqir va hujumlarning oldini olish mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Rossiyada yana o‘zbekistonlik mehnatkashlar tahqirlandi va kaltaklandi