O‘zbekistonning Vladivostok shahridagi Bosh konsulxonasi yaqinda sodir bo‘lgan o‘zbekistonlik fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlik holati yuzasidan Rossiyaning tegishli idoralariga rasmiy nota yo‘lladi. Bu haqda O‘zbekistonning Vladivostokdagi bosh konsuli Yusuf Qobuljonov ma’lumot berdi.
Uning aytishicha, voqea yuzaga kelgan zahoti konsullik xodimlari jabrlangan vatandoshlar bilan bog‘lanib, ularga zarur huquqiy yordam ko‘rsatdi. Shu bilan birga, jabrlanuvchilar Vladivostok shahar ichki ishlar boshqarmasiga rasmiy ariza taqdim qilishgan. Masala Primorsk o‘lkasi prokuraturasi va Rossiya tashqi ishlar vazirligi vakolatxonasiga ham yetkazilib, choralar ko‘rish zarurligi haqida notalar yuborilgan.
Ayni damda bu ish O‘zbekiston Bosh konsulxonasi hamda Rossiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan alohida nazoratga olingani ta’kidlandi.
Ma’lumki, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda Vladivostoklik yoshlar guruhi o‘zbek fuqarolarini kaltaklab, tahqirlagani aks etgan. “Novaya gazeta” nashri ularni “millatchi yigitlar” deb atadi.
Rossiya matbuotining yozishicha, Primore o‘lkasi Tergov qo‘mitasi ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Xabarga ko‘ra, voqea Xabarovsk ko‘chasida 10-sentyabrga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan. Mast holatdagi o‘smirlar hech qanday sababsiz to‘xtab turgan avtomashinaga zarar yetkazib, yo‘lovchilarga hujum qilgan. Ularga nisbatan Rossiya Jinoyat kodeksining 213-moddasi (bezorilik) bilan ish ochilgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, gumonlanuvchilardan biri qo‘lga olingan, yana ikki nafari esa qidiruvda.
Jamoat faoli va sobiq deputat Rasul Kusherboyev bu holatni “ularning yagona aybi – markaziy osiyolik migrant bo‘lgani” sifatida baholadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya ichki ishlariga murojaat qilish ko‘pincha foydasiz va xavfli, chunki bunday holatlarda adolat ta’minlanishi shubhali.
Tahlilchi Muhammadqodir Sobirov esa bu tendensiyani Rossiya hukumatining targ‘iboti bilan bog‘ladi:
“Jamiyatdagi norozilikni yo‘naltirish uchun kimgadir ayb yuklashi kerak edi. Ukrainadagi sharmandali vaziyat va dunyo miqyosidagi yakkallanishdan so‘ng markaziy osiyolik migrantlar ‘o‘ljali qurbon’ sifatida tanlandi. Bugungi kunga kelib, hatto 2010-yilda tug‘ilgan o‘smirlar o‘zbek migrantini ursa ham, o‘zini jazodan himoyalangan deb his qiladi. Chunki ular har hafta OMON tomonidan migrantlarga nisbatan kuch ishlatilishini ko‘ryapti, televideniye va tarmoqlarda esa migrantlar haqida yomon targ‘ibot eshityapti. Shu orqali nafrat avloddan avlodga o‘tib, mutlaqo xavfli ko‘rinishga keldi”, – deya o‘z fikrini bildirdi tahlilchi.
Voqea nafaqat o‘sha yoshlar, balki Rossiyadagi umumiy muhit va migrantlarga nisbatan munosabatni ham yanada keskin muhokamaga olib chiqdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!