
Poytaxt Toshkentda jamoatchilikni larzaga solgan noodatiy holat aniqlandi. Tibbiy ma’lumotga, ma’lumotnomaga va guvohnoma-diplomga ega bo‘lmagan bir yigit o‘zini ayollar shifokori — ginekolog sifatida tanitib, odamlardan pul olgan. U Telegram tarmog‘ida soxta akkaunt ochib, o‘zini Toshkentdagi ayollar klinikasida faoliyat yurituvchi haqiqiy shifokor ayol deb ko‘rsatgan. Mazkur soxtakorlik sudda ko‘rib chiqildi va u ma’muriy javobgarlikka tortildi.
Kun.uz'ning xabar berishicha, 1996 yilda tug‘ilgan B.Sh. ismli fuqaro 2025 yil iyun oyi oxirlarida Telegram'da soxta profil yaratgan. Bu virtual sahifada u o‘zini aniq bir ayol shifokor – D.Saydumarova deb tanishtirgan. Uning feyk profilida aynan shifokorning haqiqiy surati va ismi joylashtirilgan. Eng xavflisi shundaki, u odamlarga professional tibbiy maslahat berayotgandek qilib, noto‘g‘ri va zararli ma’lumot tarqatgan.
Fuqaro B.Sh. sudda o‘z qilmishiga to‘liq iqror bo‘lgan. U soxta shaxs sifatida odamlar bilan muloqot qilganini, ba’zi bemorlardan hatto xizmatlari uchun haq olganini tan olgan. U shifokorlikka hech qanday aloqasi yo‘q ekanini, amalda tibbiyot sohasiga daxldor bilim va tajribaga ega emasligini aytgan. Sudda u qilmishidan afsusda ekanini bildirib, yengillik so‘ragan.
Jabrlanuvchi D.Saydumarova esa sudda qilgan bayonotida o‘zining shaxsiy haq-huquqlari, obro‘si va kasbiy mavqei buzilganini bildirgan. Uning aytishicha, mazkur feyk akkaunt orqali tarqatilgan maslahatlar ginekologiya sohasi talablariga mutlaqo zid va yolg‘on bo‘lgan. Eng achinarlisi — u maslahatlar orqali muolaja qilish takliflari uchun pul talab qilingan. Bu nafaqat shifokorning obro‘siga, balki bemor ayollarning sog‘lig‘iga ham jiddiy tahdid solgan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ushbu holatni MJtKning 202-2-moddasi 1-qismi (boshqa shaxsning nomidan soxta akkaunt yaratish, shaxsiy ma’lumotlardan foydalanish) asosida baholagan. Sud hukmiga ko‘ra, B.Sh. 18 million 750 ming so‘m miqdorida jarima to‘lashga mahkum etilgan. Bu esa BHMning 50 baravariga tengdir.
Bu voqea nafaqat shaxsiy huquqbuzarlik, balki butun jamiyat xavfsizligi va internetdagi axloqiy me’yorlarga oid jiddiy signal sifatida qabul qilinishi lozim. Chunki internetda shaxslar nomidan soxta sahifalar yaratish, odamlarni aldash orqali pul topish holatlari ko‘payib bormoqda. Bu kabi holatlar faqat jabrlanuvchiga emas, balki keng jamoatchilikka ham ta’sir o‘tkazadi.
Yuridik jihatdan qaralganda, fuqarolar shaxsiy ma’lumotlari muhofaza qilinishiga kafolatlangan. Ularning surati, ismi va kasbiy ma’lumotlari boshqalar tomonidan ruxsatsiz ishlatilishi jinoyat hisoblanadi. Ammo amalda bu hali ham ko‘pchilik tomonidan “oddiy internet hazili” sifatida baholanmoqda. Mazkur sud ishi bu kabi illyuziyalarning haqiqiy oqibatlarini ko‘rsatdi.
Jamoatchilik bu voqeaga juda keskin munosabat bildirmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda odamlar “nafaqat jarima, balki qamoq jazosi kerak edi” degan fikrlarni bildirishmoqda. Chunki odamlar o‘z sog‘lig‘i borasida kimga ishonishni ham bilmay qolayotgan bir paytda, shunday soxtakorlar jamiyatda ishonchni yo‘qotishga xizmat qilmoqda.
Bu voqea barchamiz uchun ogohlik sabog‘i bo‘lishi lozim. Har qanday internetda ko‘rilgan maslahatni amalga oshirishdan avval tekshirish, shifokorning haqiqiy ekanini aniqlash, rasmiy manbalar orqali ma’lumotga ega bo‘lish talab etiladi. Jamiyatda ishonch uyg‘otish faqat shaffoflik va mas’uliyat bilan bog‘liq. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar