date

Surxondaryoda bir vaqtda 3 ta huquqbuzarlik qilgan fuqaro 15 sutkaga qamaldi

Surxondaryoda bir vaqtda 3 ta huquqbuzarlik qilgan fuqaro 15 sutkaga qamaldi

Surxondaryo viloyatida qonunni bir necha bor buzgan fuqaroga nisbatan sud tomonidan qat’iy chora ko‘rildi. Bu haqda “Zamon” axborot dasturi orqali ma’lum qilindi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, voqea Uzun tumanida sodir bo‘lgan. 52 yoshli fuqaro Cobalt rusumli avtomashinasini boshqarib ketayotganida, uni Yo‘l-patrul xizmati xodimlari to‘xtatgan. Tekshiruv vaqtida haydovchining spirtli ichimlik iste’mol qilgan holda transport boshqargani aniqlangan.

Biroq bu bilan ish tugamagan — qonunbuzarning avtomobilida o‘rnatilgan avtoraqam “Jiguli” avtomashinasiga tegishli bo‘lib chiqqan. Shu bilan birga, u haydovchilik guvohnomasisiz harakatlangani ham ma’lum bo‘lgan. Ya’ni u bir vaqtning o‘zida uchta huquqbuzarlik — mast holda avto haydash, hujjatsiz harakatlanish va yot raqamdan foydalanish holatlarini sodir etgan.

Holat yuzasidan ish sudga oshirilgan va fuqaroga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Tegishli idoralar ta’kidlashicha, bunday holatlar nafaqat haydovchi, balki boshqa fuqarolarning xavfsizligi uchun ham jiddiy tahdid soladi. Shu bois ichki ishlar organlari mast holda avto haydash holatlariga nisbatan kurashni kuchaytirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand viloyati Jomboy tumanida ham mast holda avtomashina boshqargan to‘rt nafar haydovchiga nisbatan sud hukmi o‘qilgan edi. Ulardan biri ham 15 sutkaga qamalgan, qolganlariga esa jarima jazolari qo‘llanilgan.

Mutaxassislar haydovchilarni yana bir bor ogohlantirmoqda: transport vositasini mast holda boshqarish nafaqat ma’muriy, balki og‘ir holatlarda jinoiy javobgarlikka ham sabab bo‘lishi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Surxondaryoda bir vaqtda 3 ta huquqbuzarlik qilgan fuqaro 15 sutkaga qamaldi