
Samarqand viloyatining Urgut tumanida 5 nafar farzandning onasi bo‘lgan 43 yoshli ayol tomorqasida taqiqlangan o‘simlik — kannabis yetishtirgani uchun jinoiy javobgarlikka tortildi. Sud hukmi bilan u ozodlikdan mahrum etildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 1982-yilda tug‘ilgan M.U. ismli ayol o‘z yashash hovlisida 2025-yil aprel oyi o‘rtalarida kannabis urug‘larini eggan. U ularni “gul urug‘i” deb o‘ylab, parvarish qilib kelgan va 229 tup o‘simlik yetishtirgan.
2025-yil 4-avgust kuni o‘tkazilgan tezkor tadbir chog‘ida uning hovlisidan giyohvandlik xususiyatiga ega bo‘lgan ushbu o‘simliklar ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirib olingan. Ekspert-kriminalistika markazi xulosasiga ko‘ra, yetishtirilgan o‘simliklar tarkibida tetrogidrokannabinol — kannabis giyohvand moddasi mavjudligi aniqlangan.
Sudda ayol o‘z qilmishiga to‘liq iqror bo‘lgan va bu ishni ongli ravishda qilmaganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, u dehqon bozoridan pomidor ko‘chatlari va gul urug‘ini sotib olgan, ammo keyin ulardan gul chiqmagan. “Men ular gul deb o‘ylaganman, hech qanday giyohvand o‘simlik egganimni bilmaganman. Agar bilganimda, parvarishlamagan bo‘lardim”, — degan u sudda.
M.U.ning aytishicha, turmush o‘rtog‘i boshqa viloyatlarda ustachilik bilan shug‘ullanadi, o‘zi esa uyda xo‘jalik ishlari bilan band bo‘lgan. U, shuningdek, o‘simlikni sotish niyati bo‘lmaganini va qilmishidan chin dildan pushaymonligini bildirib, suddan yengil jazo so‘ragan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Urgut tuman sudi ayolni O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 270-moddasi (taqiqlangan ekinlarni yetishtirish) 1-qismi va 273-moddasi (giyohvand moddalarni tayyorlash va saqlash) 2-qismi bo‘yicha aybli deb topdi.
Sud hukmiga ko‘ra, u 3-yil 8 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi va jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘taydi.
Hozirda hukm qonuniy kuchga kirmagan va taraflar apellyatsiya tartibida shikoyat berish huquqiga ega.
Bu holat yana bir bor aholini, ayniqsa dehqonchilik bilan shug‘ullanuvchi fuqarolarni ehtiyot bo‘lishga, har qanday “gul urug‘i”ni manbasini aniqlab olishga chorlaydi — chunki qonun taqiqlagan o‘simlikni yetishtirish jinoiy javobgarlikni keltirib chiqaradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!