
Taniqli tadbirkor va qurilish sohasi vakili Murod Nazarov IMAN podkastidagi suhbati davomida so‘nggi yillarda ommalashib borayotgan “pod kotlovan” — ya’ni qurilishi endi boshlangan uylarga sarmoya kiritish tendensiyasi haqida o‘z fikrini bildirdi. U bu amaliyotga haddan ortiq berilib ketishni xatarli deb baholadi va investorlarni ehtiyotkor bo‘lishga chaqirdi, deb xabar berdi IMAN podkasti.
Nazarovning ta’kidlashicha, ko‘plab odamlar qurilish endi boshlangan loyihalarga mablag‘ tikib, keyin bu uylarni qimmatroq narxda sotish orqali tez foyda olishni niyat qilishmoqda. Ammo u bu strategiya hamma uchun to‘g‘ri yechim emasligini ta’kidladi.
“20 ming, 30 ming dollaringiz bo‘lsa, ‘poydevor holatidagi uyga tiking’, deyishni eshityapsizlar. Mening o‘zimda 50 ming, 100 ming yoki million dollar bo‘lsa ham, ‘pod kotlovan’ uyga pul tikishni ma’qul ko‘rmaganman. Bu fikrimni doimo aytaman. Chunki bu usul ko‘pchilik uchun xavfli. Hozir juda ko‘p odamlar shunday yo‘l tutmoqda, ammo hammasi ham foyda ko‘rayotgani yo‘q”, – dedi tadbirkor.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘pchilik bu uylarni qurilish jarayonida arzon narxda olib, keyin narxi oshganda sotishni rejalashtiradi. Biroq bozorda bunday “investorlar” soni ko‘paygani uchun bu model endi unchalik samarali ishlamaydi.
“Ochig‘ini aytay, uyning narxi qurilish tugagach, biroz ko‘tarilishi mumkin. Lekin bu hamma uchun foyda kafolati emas. Chunki xaridorlar ko‘payib ketdi. Natijada ko‘p odam uyini sotolmayapti. Shuning uchun bu ishni ehtiyotkorlik bilan qilish kerak”, — deya ta’kidladi Nazarov.
Tadbirkor fikricha, sarmoyani “qayoqqa bo‘lsa ham tik” degan fikr bilan emas, balki maqsad va qiymat yaratish nuqtayi nazaridan qarab yo‘naltirish lozim. “Agar uy kerak bo‘lsa — olish kerak. Lekin faqat sotish niyati bilan poydevordagi uyga pul tikish — iqtisodiy jihatdan to‘g‘ri qaror emas”, — dedi u.
Murod Nazarov bu holatni “moliyaviy illyuziya” deb atadi: “Vaqt o‘tishi bilan narx oshadi, deb hisoblaymiz. Lekin bu haqiqiy o‘sish emas. Agar pul jonli biznesga, ishlab chiqarishga yoki xizmat sohasiga yo‘naltirilsa, u yerda yangidan qiymat yaratiladi. Bu esa jamiyat uchun ham, iqtisodiyot uchun ham foydali bo‘ladi.”
Uning fikricha, haqiqiy investitsiya — bu narxning vaqt bilan emas, yaratilgan qiymat hisobiga o‘sishi. “Pul aylansa, ish o‘rinlari yaratiladi, mahsulot paydo bo‘ladi va natijada haqiqiy iqtisodiy o‘sish kuzatiladi. Bu — yo‘qdan bor qilishning eng sog‘lom usuli”, — deya xulosa qildi tadbirkor.
Murod Nazarovning mazkur chiqishi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinmoqda. Ko‘plab foydalanuvchilar uning fikrini “real bozor sharoitidagi to‘g‘ri signal” sifatida baholashmoqda va bu mulohazalarni qurilish sohasidagi ortiqcha spekulyatsiyalarga qarshi hushyorlik da’vati deb qabul qilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!