
Toshkent shahrida ayolni himoya qilishga uringan erkakni qattiq jarohatlagan shaxsga nisbatan sud hukmi chiqarildi. Mirzo Ulug‘bek tuman sudi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, aybdor 8-yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
Ma’lum bo‘lishicha, voqea joriy yil mart oyida soat taxminan 02:30larda poytaxtdagi restoranlardan birida sodir bo‘lgan. Mojaro chog‘ida ayolni himoya qilishga harakat qilgan erkakga og‘ir tan jarohati yetkazilgan. Jabrlanuvchi hushini yo‘qotgan holda shifoxonaga yetkazilgan va unga besh soat davom etgan jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan. Amaliyotdan so‘ng shifokorlar uni sun’iy komaga tushirishga majbur bo‘lgan.
Sud materiallarida qayd etilishicha, 1995-yilda tug‘ilgan A.Sh. jinoyat sodir etish vaqtida nafaqat og‘ir tan jarohati yetkazgan, balki firibgarlik va bezorilik holatlariga ham qo‘l urgani aniqlangan. Tergov davomida uning qilmishlari yuzasidan barcha dalillar to‘plangan va jinoyat ishi sud muhokamasiga oshirilgan.
Sud hukmiga ko‘ra, ayblanuvchi A.Sh. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “ye” bandi (qasddan og‘ir tan jarohati yetkazish), 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (katta miqdordagi firibgarlik) hamda 277-moddasi 3-qismi “g” bandi (bezorilik) bo‘yicha aybdor deb topildi.
Jinoyat kodeksining 59-moddasi talablariga asosan, bir nechta jinoyatlar sodir etgani uchun jazolarni yig‘ishtirib, unga nisbatan 8-yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi. U hukmga ko‘ra, jazosini umumiy tartibli koloniyada o‘taydi.
Sud tomonidan ta’kidlanishicha, jabrlanuvchi hozirda tiklanish jarayonini o‘tamoqda, uning sog‘ligi ustidan shifokorlar nazorati davom etmoqda. Shu bilan birga, taraflar qonunchilikda belgilangan tartibda hukm ustidan appelyatsiya yoki kassatsiya tartibida shikoyat berish huquqiga ega.
Mazkur voqea jamoatchilik orasida katta muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ko‘plab fuqarolar ayolni himoya qilgan erkakning jasoratini yuqori baholab, jinoyatchining jazolanishi adolat qaror topishi deb ta’kidlashdi. Sud hukmi orqali bunday holatlarga nisbatan qonun ustuvorligi yana bir bor tasdiqlandi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!