
Toshkent shaharining Chilonzor tumanida joriy yilning bahorida sodir bo‘lgan rezonans hodisa bo‘yicha sud qarorini chiqardi. Yo‘l-patrul xodimidan qochib, bir nechta avtomobilni urib ketgan yigit va qiz jinoiy javobgarlikka tortildi, deb xabar berdi “Millar” dasturi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, jinoiy ish Chilonzor tuman sudida sudya Abbosjon Abdug‘afforov raisligida ko‘rib chiqilgan. Sud hujjatlarida keltirilishicha, voqea sodir bo‘lgan vaqtda Gentra avtomobilida bo‘lgan yigit va qiz narkotik moddalar ta’sirida bo‘lgan, ammo ular buni rad etgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, avtomobilni haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan qiz boshqargan, mashina esa yigitning otasi nomida bo‘lgan. Ular davlat raqam belgisini yechib tashlab, avtomashinani shunday holda haydashgan. Yo‘l-patrul xodimi ularga to‘xtash ishorasini berganida, ular bu buyruqqa itoat etmay, yo‘lda qochishni davom ettirgan.
Qochish jarayonida Gentra beshta boshqa transport vositasini urib ketgan va faqat avariya sodir bo‘lganidan keyin to‘xtagan. Qiz suddagi bayonotida shunday degan: “Harakatlanib ketayotganda bizga YPX xodimi to‘xtash ishorasi berdi. Biz to‘xtamadik, chunki mashinaning davlat raqami yo‘q edi. Keyin quvlash boshlandi, men qochdim va avariya bo‘ldi. Hech kim mening xatomni takrorlamasin.”
Hodisa oqibatida bir nechta avtomashinaga shikast yetgan, biroq ularning egalariga yetkazilgan zarar keyinchalik to‘liq qoplangan.
Bo‘lib o‘tgan ishlarni o‘rgangandan keyin, Chilonzor tuman sudi yigit va qizni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi “g” bandi (bezorilik) bo‘yicha aybli deb topdi.
Sud hukmiga ko‘ra, yigit ilgarigi hukm bilan tayinlangan jazo qisman qo‘shilgan holda 5-yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Qiz esa 4-yilga ozodlikni cheklash jazosiga tortildi.
Eslatib o‘tamiz, qora Gentra ishtirokidagi ushbu hodisa 2025-yil 19-aprel tongida sodir bo‘lgan edi. YPXdan qochish va yo‘ldagi boshqa haydovchilarga xavf tug‘dirish jamoatchilik orasida katta muhokamalarga sabab bo‘lgandi.
Sudning mazkur hukmi orqali, mutaxassislar ta’kidlaganidek, yo‘l qoidalarini qasddan buzish va davlat organlari talablariga itoat etmaslik kabi holatlarga nisbatan jazo muqarrarligi yana bir bor namoyon bo‘ldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!