
Oliy Majlis va xalq oldidagi yillik murojaatda prezident Shavkat Mirziyoyev transport tizimini katta “qayta yigʻish” zarurligini taʼkidladi. Turizmga qiziqish keskin oshayotgan bir paytda logistika va yoʻlovchi tashish zanjirlari zamonaviy talabga javob bermayotgani qayd etildi.
Davlat rahbari aviatsiya va temir yoʻlda oʻtkazuvchanlikni shunchaki yangilash emas, balki kamida ikki barobar oshirish vazifasi turganini aytdi. Maqsad — hududlararo qatnovni tezlatish va sayyohlar oqimini bemalol qabul qila oladigan tizim yaratish.
Aviatsiya yoʻnalishida 2026 yilga borib milliy aviaparkni 120 ta havo kemasigacha kengaytirish rejalashtirmoqda. Biroq strategiya faqat samolyot sonini ko‘paytirish bilan cheklanmaydi.
Ichki aviaqatnovlar uchun yangi moliyaviy qoʻllab-quvvatlash mexanizmi kiritilishi aytildi: har bir sotilgan chipta uchun belgilangan miqdorda davlat subsidiyasi ajratiladi. Muhimi, bu toʻlov chipta narxiga bogʻlanmaydi — natijada aviakompaniyalar yakuniy narxni pasaytirib, ichki turizm va hududlararo biznes faolligini oshirishi kutilmoqda.
Kadrlar masalasi ham kun tartibida: park kattalashishi bilan malakali mutaxassislar ehtiyoji ortadi. Shu bois fuqarolik aviatsiyasi bo‘yicha ixtisoslashgan universitet tashkil etilishi, u yerda zamonaviy laynerlar uchuvchilari, texnik xizmat injyenerlari va aeroport boshqaruvi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanishi bildirildi.
Temir yoʻl sohasida esa 2026 yil boshidan start oladigan besh yillik dastur tasdiqlandi. Dastur doirasida yurt bo‘ylab yirik shaharlarga yoʻnaltirilgan yuqori tezlikdagi qatnovlar uchun 500 kilometr yangi rels yotqizish ko‘zda tutilgan.
Toshkent viloyatini yagona transport aglomeratsiyasiga bogʻlashga alohida urgʻu berildi. Kelgusi yildan 110 kilometrli yoʻnalish qurilishi boshlanib, u poytaxtni Boʻka, Piskent, Bekobod, Boyovut tumanlari hamda viloyatning tez rivojlanayotgan maʼmuriy markazi — Nurafshon bilan tutashtiradi.
Shuningdek, Toshkent — Samarqand yoʻnalishida yuqori tezlikdagi poyezdlar uchun mutlaqo yangi tarmoq barpo etilishi eʼlon qilindi. Hozirgi infratuzilma bu yo‘lakda eng yuqori yuklama ostida ishlayotgani uchun, qo‘shimcha liniya oqimni yengillatishi va yo‘l vaqtini qisqartirishi kerak.
Infratuzilmani boshqarishda xususiy kapitalni faol jalb qilish rejasi ham yangradi. Prezident Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva va Navoiydagi temir yoʻl vokzallarini xususiy hamkorlar boshqaruviga berishga tayyor ekanini aytdi — davlat-xususiy sheriklik servis sifatini oshirishi va modernizatsiyaga sarmoya olib kirishi kutilmoqda.
Taʼkidlanishicha, Oʻzbekiston dunyoda “ikki karra dengizga chiqish yoʻli yoʻq” davlatlardan biri hisoblanadi: okeanga chiqish uchun kamida ikki davlat chegarasidan o‘tish talab etiladi. Shu sababli samarali aviatsiya va tezkor temir yoʻl tarmoqlari mamlakat uchun strategik ahamiyatga ega yo‘nalish sifatida ko‘rilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.