Huquq tizimida korrupsiyaga aralashgan advokat qo‘lga olindi

Foto: DXX
Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, advokatlik byurosida faoliyat yurituvchi advokat jinoyatga shubha tug‘diruvchi ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Maʼlum bo‘lishicha, u sud idoralari orqali mahalliy fuqaroga tayinlangan 2 yillik ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘zining sud tizimidagi aloqadorlaridan foydalanib, ozodlikni cheklash jazosiga o‘zgartirishni vaʼda qilgan. Bu xizmat uchun esa 10 ming AQSH dollari olingan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan advokatga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari faol olib borilmoqda. Shu bilan birga, DXX aholiga bu kabi qonunbuzilishlarga duch kelganda, 1520 qisqa raqami orqali murojaat qilish imkoniyati borligini eslatdi. Murojaat qiluvchining shaxsiy maʼlumotlari sir saqlanishi kafolatlanadi.
Bu hodisa mamlakatda huquq va adolat tizimidagi shaffoflikka eʼtibor qaratish va qonunbuzarlarni jazoga tortish zarurligini yana bir bor ko‘rsatib berdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!