22:42 / 05.08.2017
5 973

Benzin taqchilligi sababi nimada: uni barataraf qilish choralari topiladimi?

Benzin taqchilligi sababi nimada: uni barataraf qilish choralari topiladimi?
Keyingi paytlarda aholini neft mahsulotlari bilan ta’minlashda uzilishlar yuz berayotgani hammamizga ma’lum holat. Ayniqsa, viloyatlarda bu tizim butkul izdan chiqqaniga guvoh bo‘lib kelayotgan edik.

Ai-80 benzinining AYoQShda sotilishi kerak bo‘lgan narxi — 2800 so‘m, Ai-91 niki — 3000 so‘m bo‘lgani holda, viloyatlarda AYoQShlardan benzin xarid qilishning mutlaqo iloji yo‘q. Benzinni faqat ko‘cha-ko‘yda, chayqovchilarning qo‘lidan litrini 4000 so‘mdan kam bo‘lmagan narxda xarid qilishingiz mumkin.

Chayqovchilarga Toshkentga qatnovchi, o‘zlari metan gazda yuruvchi taksilar poytaxtdagi AYoQShlardan 2800 so‘mga bakini to‘ldirib benzin xarid qilib, 3500 so‘mdan topshirib kelishayotgan edi. Iste’molchilarga esa o‘sha yuqorida aytganimiz — 4000 so‘mdan taklif qilinmoqda.

Lekin bunday holat yuz berayotganiga viloyatlardagi xususiy AYoQShlarning noinsoflarcha ish tutayotgani ham sabab bo‘lmoqda. Ular fond orqali o‘zlariga ajratilgan benzinni kamida 3500 so‘mdan naqd pulga chayqovchilarga pullab, ajratilgan fonddagi benzin uchun 2800 so‘mdan fuqarolarning plastik kartochkalarini kirim qilib, plastik kartochkalarni ham 90-95 foizdan naqdlashtirib, mo‘may va noqonuniy daromad qilish bilan shug‘ullanayotgani uchungina shu holat yuzaga kelmoqda. Buning hech qanday sirli tomoni yo‘q, hamma ko‘rib-bilib turibdi. Viloyat uchun ajratilgan benzin AYoQShlarga ham kirmasdan qo‘lga chiqarilib yuborilmoqda.

Shu o‘rinda bir taklif: umuman, mashinasi faqat benzinda yuradigan haydovchilarga qo‘ldan bu narxda benzin olib qo‘yish oson emas. Shu sababli mutasaddilar metan yoki propan gaz bilan jihozlangan mashinalarga benzin sotishni butun respublika bo‘ylab cheklash (masalan, maksimum 10 litr) haqida qaror chiqarishsa muammoning echilishiga katta yordam bo‘lgan bo‘larmidi…

Masalaga oydinlik kiritish va mutasaddilarning fikrini bilish maqsadida Kun.uz muxbiri Xurshid Daliev «O‘zneftmahsulot» AJning neft mahsulotlari sifatini nazorat qilish, meterologik ta’minot va sertifikatlash bo‘limi boshlig‘i Rustam Abduqodirovga ayrim savollar bilan murojaat qildi.

— Rustam aka, viloyatlarda benzin mahsulotining taqchiligi, ularning chayqovchilar qo‘liga chiqib ketishi borasida fikrlaringizni bilmoqchimiz. Buni Qashqadaryoga xizmat safariga borganimizda ham o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib, guvoh bo‘ldik. Boshqa viloyatlardan ham bu borada tahririyatimizga murojaatlar, foto va videolar kelib turibdi.

— Avvalo, siz ko‘targan bu masalaga tashkilotimizda javob berishi kerak bo‘lgan mas’ul rahbarlar bor, lekin mayli, men bu boradagi o‘z fikrlarimni bildirib o‘taman. Yashirishning hojati yo‘q, ayni damda Respublikamizning turli viloyatlarida ana shunday tanqislik ko‘zga tashlanmoqda.

Yaqinda 1 avgustda test sinovlari bo‘lib o‘tganda poytaxtimizga viloyatlardan farzandlarini o‘qishga olib kelgan yuz minglab mashinalar kirib keldi va ular ham poytaxtdagi AYoQShlardan benzin xarid qilib Toshkentda ham ajiotaj kuzatilishiga sabab bo‘lishdi. Ayni damda respublikamizda ikkita neftni qayta ishlash zavodi ishlab turibdi. Shunday holatlarning oldini olish maqsadida Farg‘ona va Buxoroda ishlab chiqarilayotgan benzinning kattaroq qismini poytaxtga yo‘naltirishga majbur bo‘ldik. Bu ham o‘z navbatida viloyatlarimizda shu kunlarda tanqislik kelib chiqishiga o‘z hissasini qo‘shmasdan qolmadi.

Buni hal qilish uchun zavodlarga mahsulotni bir maromda etkazib berish haqida topshiriqlar berilgan. Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining shu yil 29 iyunda qabul qilingan respublika aholisini neft mahsulotlari bilan ta’minlashni takomillashtirish to‘g‘risidagi №87-sonli bayonnomasi tasdiqlangan. G‘.Ibragimov tomonidan tasdiqlangan ana shu bayonnoma asosida joylarda shtablar tashkil qilingan «O‘zneftmahsulot» aksiyadorlik jamiyati xodimlari, «O‘zdavneftgazinspeksiya», prokuratura va ichki ishlar xodimlari tomonidan guruh tashkil qilinib, ular neft bazalaridan xususiy AYoQShlarga benzin mahsulotlari etkazib berishda, ular nomigagina uning bir qismini sotib, keyin shoxobchani yopib qo‘yib, benzinni o‘zining tanish chayqovchilarga pullash holatlariga qarshi kurashish bilan shug‘ullanishmoqda.

Hozir avgust oyini boshida turgan bo‘lsak, bizni hali Mustaqillik, Qurbon hayit bayramlari kutmoqda. Hozir shu maqsadda ishlab chiqarish hajmlarini ko‘paytirish, joylarga o‘z vaqtida etkazib berish va benzin tanqisligini oldini olish borasida hukumatimiz tomonidan topshiriq bo‘ldi. Bu topshiriqni bajarish yuzasidan ishlar olib borilmoqda.

Benzinning qo‘lga — «baklashkalar»ga chiqib ketayotganining asosiy sababi ham shu ekanligi aniqlandi. Xususiy AYoQShlarga berilayotgan benzin turli yo‘llar bilan chayqovchilar qo‘liga tushib qolmoqda. Hozir bunga chek qo‘yish uchun tadbirlar to‘liq olib borilmoqda. Boya yuqorida tilga olib o‘tilgan bayonnoma 13 ta banddan iborat bo‘lib, chayqovchilikka qarshi kurashishda ichki ishlar, prokuratura, soliq qo‘mitasi xodimlari, «O‘zdavneftgazinspeksiya» va bizning xodimlarimiz birgalikda ish olib borishmoqda.

«O‘zbekiston24» telekanalining axborot dasturida bizning qo‘shma tadbirlarimizdan lavhalar ham ko‘rsatildi.

Sizga etkazishim mumkin bo‘lgan ma’lumotlarim ana shulardan iborat. Lekin Respublika bo‘yicha kimga qancha benzin ajratilayotganini fond bo‘limimiz va raismizning birinchi o‘rinbosaridan bilib olsangiz bo‘ladi.

Hozir Qashqadaryo, Samarqand va Surxondaryo viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida ishlar birmuncha nazoratga olingan. Bu bo‘yicha idoramizda shtab tashkil qilingan, viloyatlarga belgilangan mahsulotlar o‘z vaqtida etkazilib, aholining ehtiyojlari qondirilishi nazorat qilib turilibdi.

— Benzin tanqisligining oldini olish chora-tadbirlari qo‘llanilayotganda kamchiliklar, ularga yo‘l qo‘yayotgan aybdorlar, holatlar aniqlanib, ularga nisbatan chora qo‘llanilgan holatlar ham bo‘layaptimi?

— Albatta. Masalan, yuqorida tilga olib o‘tilgan yig‘ilish bayonnomasiga ko‘ra ishlar boshlab yuborilganidan so‘ng «O‘zdavneftegazinspeksiya» bilan hamkorlikda kechqurun reyd o‘tkazganimizda Toshkent shahrida, eski somon bozor tomondagi AYoQSh Samarqand viloyatidan kelgan, ichiga 3 ming litrlik bak o‘rnatilgan «Mersedes» yuk mashinasiga benzin yuklanayotganiga guvoh bo‘ldik. Yana bir holat — Qo‘yliq ko‘prigidan o‘tganingizdan so‘ng chap tomonda «Polimer» AQYoShi bor. U erda Qashqadaryo viloyatidan kelgan mashinaga qo‘lbola idishlarga benzin qo‘yib berilayotganiga guvoh bo‘ldik. Bu AQYoShlar kabi, Toshkent viloyatida 4 ta shoxobcha yopildi, Farg‘ona viloyatida — 5 ta, Samarqand viloyatida 6 ta shoxobchaga mahsulot berishni to‘xtatib qo‘yib, ularning lisenziyasini bekor qilish uchun lisenziya komissiyasiga xulosa berganmiz.

Joylarda tuzilgan shtablardagi xodimlarimiz ham hozir ishlarni boshlashgan, bu holat yaqin 10 kunlarning o‘zida o‘zining ijobiy samarasini beradi va aholiga AYoQShlar orqali mahsulot etkazib berish yo‘lga tushadi.

Kun.uz’ning Samarqanddagi muxbiri Shuhrat Shokirjonovning xabar qilishicha, darhaqiqat avgust oyining boshlanishidan shahardagi ayrim AYoQShlarda benzin uzluksiz sotilmoqda, albatta hozircha biroz tirbandliklar ham vujudga kelmoqda.

Lekin Ai-80 va Ai-91 kabi xaridorgir benzinlar savdoga chiqmayapti. Masalan, shahardagi «Sharq-S» AYoQShida yuqori oktanli Ai-95 benzini 3301 so‘mdan savdoga chiqarilgani e’lon qilingan (garchi kassada 3300 so‘mdan hisoblashayotgan bo‘lsa-da). Endi shu pulga rostdan ham yuqori oktanli benzin berilmoqdami yoki Ai-80 yoki 91 benzinlari 95 ning narxida qimmatroqqa pullanmoqdami — bunisi AYoQSh xodimlarining vijdoniga havola. «Shukr qilsalaring-chi, 4000 so‘mdan qo‘ldan ham sotib olayotuvdinglar-ku, noinsoflar», deyishmasa bo‘ldi.


Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Benzin taqchilligi sababi nimada: uni barataraf qilish choralari topiladimi?