Farzand – insonning umr daraxti mevasi. Bu mevaning shirinligi esa ularning mehr suviga qay darajada qonganligiga bog‘liq. Afsuski, bu haqiqatni aksariyat ota-onalar yoddan chiqarishganday… Tobora tezkorlashib borayotgan dunyoda turli yumushlar bilan ovora bo‘lib, hammadan ham farzandlariga kerak ekanliklarini unutishganday…
Meni anchadan buyon o‘ylantirayotgan shu kabi mulohazalar bir suhbatdan so‘ng yanada qat’iylashdi – dugonam oilasi haqida gapira turib, to‘rt yashar qizalog‘ining ularga bildirgan noroziligidan hayratlandi: “Qizim kun bo‘yi “men bilan o‘ynang”, “birga multfilm ko‘raylik”, deb xarxasha qildi. Tabiiyki, men uy ishlaridan ortib u bilan o‘ynay olmadim. Kech tushgach, dadasi keldi. Dadasiga ham xarxashalarini boshladi. Shunda turmush o‘rtog‘im charchaganligini aytib, dam olgani kirib ketdi. Yuzlari jahldan qizargan qizim esa ovozining boricha: “Meni yaxshi ko‘rmasalaring, nega bola qilib yuribsizlar. Berib yuboringlar boshqalarga, ular yaxshi ko‘rib, bola qilsin!” – dedi-da, xonasiga kirib ketdi…”
Farzandlar ota-onalaridan norozi bo‘lishmoqda, balki bunga haqlidirlar ham. Chunki faqat dugonamgina emas, boshqa ko‘pchilik ham farzandlariga vaqt ajrata olmayapti. Uzundan-uzoq seriallarni ko‘rishga, telefonda soatlab gaplashishga, bazmu jamshidlarda ko‘ngil ochishga vaqt topgan ota-onalar farzandlar tarbiyasi bilan shug‘ullanish, suhbatlashish, o‘yinlariga hamroh bo‘lishga erinadilar.
Ruhshunoslarning ta’kidlashicha, yurtimizda ota-onalar farzandlari uchun bir kundan 12 daqiqanigina (!) ajratar ekanlar. Bu muddat ham ovqat paytidagi “taomni unday yegin”, “issiq kiyin”, “maktabda to‘polon qilma” kabi gap-so‘zlarga sarflanadi…
Farzand tarbiyasi uchun 12 daqiqa kifoya qiladimi? Bolalar uchun shugina muddatni ajratish noinsoflik emasmi? Bu holda ularga odamiylik shartlarini, odob-axloq namunalarini kim o‘rgatadi?! Kim ularga mehrning ta’mini, samimiylikning suratini, oilaviy baxtning taftini ko‘rsatadi?!
Zamondoshim, bir hisob-kitob qilib ko‘ring-a, siz farzandingizga bir kunda qancha vaqt ajratasiz? O‘z javobingizdan ko‘nglingiz to‘larmikan?!
Nigora Mirzayeva
«Irfon» taqvimidan olindi. “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Rossiya dunyodagi birinchi vodorod yoqilg‘ili avtomobilni taqdim etdi
Qaysi kundalik odatlar immunitet pasayishiga olib kelishini bilasizmi?
Amerikalik olimlar barcha uchun birdek foydali jismoniy faollik turini aniqladi
Zoir Mirzayev “Telefonsiz maktab”ga 300 mln so‘m mukofot berdi
AQSHning G‘azodagi siyosatidan norozi Davlat departamenti rasmiysi iste’foga chiqdi
Mariya Zaxarova ukrainaliklarni Amerika hindulariga o‘xshatdi
Germaniyada maktab o‘quvchilari ommaviy ravishda islom dinini qabul qilmoqda
Piyoda yurish va bog‘dorchilik bilan shug‘ullanish depressiyaga chalinishni 23 foizga kamaytiradi