22:38 / 30.01.2018
6 574

Aqto‘be fojiasi o‘z-o‘zidan bo‘lgani yo‘q... Qishloqda yer yo‘q, ish ham...

Aqto‘be fojiasi o‘z-o‘zidan bo‘lgani yo‘q... Qishloqda yer yo‘q, ish ham...
Ulug‘ jang kunidir, jangki beomon,
Lashkar degan axir, bexatar bo‘lmas, –deb yozgan edi G‘afur G‘ulom.

O‘tgan haftada qozoqning Irg‘iz dashtida yonib ketgan ellik ikki nafar o‘zbek bolasi haqidagi xabarni o‘qib, tirikchilik qirg‘inbarotida nobud bo‘lgan bu yoshlarning taqdiriga achinmagan odam qolmadi. Men jang, qirg‘in degan so‘zlarni ishlatdim. Darhaqiqat, tirikchilik ham hozirgi zamonda katta bir jang, u odamdan jiddu jahdni talab etadi. Shoyadki, kechagina jahd qilib yo‘lga chiqqan yigitlarimiz shahidlar qatoriga o‘tgan bo‘lsalar. Negaki, ular, Prezidentimiz aytganidek, “umid bilan, ne niyatlar bilan bolamni boqaman, otamga bir so‘m olib kelaman”, deb olis safarga chiqqandilar. Tekin oshni emas, og‘ir mehnatni bo‘yinga olib, pok niyat bilan safarga ketayotgan edilar.

Bu... navbatdagi qurbonlik bo‘ldi, sal avvalroq temir yo‘l ustida to‘xtab qolgan avtobusni poyezd urib yubordi. Ichi to‘la migrant o‘zbeklar ekan, qanchasi nobud bo‘ldi. Undan ilgari esa o‘zbeklar tushgan avtobus ag‘anab ketib, yana qancha yosh jonlarning hayotiga nuqta qo‘yildi. Ko‘mirdan is gazi chiqqani uchun, yo ular yotgan uy yonib ketgani sababli, yo qurilayotgan binoning nechanchidir qavatidan tushib ketgani bois, o‘zbeklarning o‘ligi qaytayotir. Ularning soni afg‘onda nobud bo‘lgan yigitlarimizdan necha baravar ko‘p.

Ammo bular ham xamir uchidan patir. Millionlab o‘zbeklarning hayotini barbod etgan, orzu-umidlarini chilparchin qilgan bu mehnat migratsiyasi degan balo biz bilmagan, yoki o‘zimizni aldab, payqamayotganga solib turgan, ammo keyinroq yuzaga chiqadigan yana bir talay jinoyat va gunoh ishlarning boshi ekani ham aniq. Chunki ularning bolalari hayoti ham bor:

- ishlayman deb Rossiyaga ketgan yigit olti oy o‘tib-o‘tmay, uydagi bola-chaqayu ota-onasini unutib, biron marusyaga uylanib, yo‘qolib ketgani;

- ota-onasi umid bilan o‘stirgan qiz allaqaysi, otini biz hatto eshitmagan ham yurtlarga yetib borib, islovotxonalarni “obod” qila-qila, kasallik yuqtirib, ne ahvolga tushgach, “aldangan sho‘rlik” bo‘lib qaytib kelib, endi odamlarga odob va hayo borasida nasihat o‘qiyotgani;

- institutni tamomlab, ishga kirgach, oyligi yo‘lkiraga ham yetmay, noiloj til o‘rganayotgan, imtihondan o‘tsam, Koreyaga borib ishlardim, degan niyatda yurgan yigitlar... Ularning turmush qurishi kechikishi;

- ishlab topgan pulini zo‘ravonlarga oldirib, qaytish uchun yo‘lkirani ham qarzga olib kelib, bo‘yni qisilib, ish topa olmay yurganlar;

- shayton vasvasa qilib, yo shaytonga ham dars beradigan makkoralarning tuzog‘iga ilinib, hirsini tiyolmay, qo‘lga tushib qamalib ketayotganlar;

- eri necha yillab qorasini ham ko‘rsatmay, oxirida, tirik jon ekan, yo‘ldan ozib, odob-axloqni unutgan juvonlar...

Yana qaysi bir noxush holatlarni sanaylik? Adog‘i bormi ularning?

O‘zbekiston televideniyesining “Mehr ko‘zda” degan ko‘rsatuvi bo‘lardi, yodingizdadir? Hozir yopilgan. Chunki har hafta yuzlab odamlar TV eshigi tagiga kelib yotib olishar ekan. “Bolam Rossiyaga ketgan, olti yil bo‘ldi, daragi yo‘q, topib beringlar”, “Erim Qozog‘istonda, pul yubormaydi, telefon ham qilmaydi, tirik bormikin?” va hokazo. Hali minglab odamlar bor, hech kimga ovoza qilmay, unsiz kutayotgan, dardini ichiga yutayotgan.

Ba’zilar kuladi, hozir o‘zbeklar dunyoning istalgan mamlakatida bor, deb. Aslida, sochilib ketishdan ham katta fojia bormi millat uchun?

Kechagi nogahoniy baloda qazo topgan vatandoshlar qismatiga kuyingan bir do‘stimiz bunga avvalo ta’lim sifatining pastligi, shu sababli yoshlarimizning saviyasi qora mehnatdan boshqasiga yaramayotganini sabab qilib ko‘rsatsa, boshqa adibimiz aviabiletlar narxi O‘zbekistonda haddan tashqari qimmat bo‘lgani uchun aksar odamlar Rossiyaga shalog‘i chiqib ketgan avtobuslarda yo‘l olishga majbur ekanini aytadi. Rost, ana shu yigitlar Toshkentning o‘zida samolyotga o‘tirganlarida bu fojia yuz bermagan bo‘lar edi-ku! Temir yo‘ldan o‘tishda motori o‘chib qoladigan, trassada ag‘anab ketadigan, yo‘lda buzilib, 57 odamning kuni bitta kavsharlagich lampaning ilig‘iga qoladigan avtobuslar ham ana shu fojiaga sabab bo‘lgani bor gap.

Albatta, mardikorlikka ketayotgan yigitlarning bexatar yo‘l yurishini ta’minlash bo‘yicha nimaiki choralar bo‘lsa, qilish kerak. Ammo bundan ham avval nega bizning vatandoshlar xorijga chiqib ishlashga mahkumligi sababini topish kerak. Axir besh yil, boring ana o‘n yil yigitlarimiz chetda ishlab pul topishga majbur bo‘lganliklarini tushunsa bo‘ladi – iqtisodiy turmush tarzi yangilangani, eski xo‘jalik mexanizmlari ishdan chiqib, yangisi tiklanguncha – ammo bu abadiy davom etuvchi, shunday bo‘lishi muqarrar holmi? Hozir shunday bo‘lyaptiki, mardikorchilik mexanizmlarini yanada takomillashtirish, migrantlarining huquqini yaxshiroq himoya qilish, ularning ish sharoitini yaxshilash kabi tadbirlar ustida ko‘proq o‘ylayapmiz.

Ular xorijga chiqib ketmasa, o‘zimizda ish topilmaydimi? Axir O‘zbekiston – shu o‘ttiz uch million tabaani boqishga yetadigan yurt-ku? Ularni “noshukur”, “ishyoqmas” deb ayblash ham yetarli bo‘ldi, chamasi. Chetga jo‘nayotgan yigitlarning umri ham, xuddi bizniki kabi, aziz-ku? Nega ularning joni bu mash’um “tirikchilik” uchun qurbon bo‘laveradi?

Andijonlik shifokor jiyanim bir qishloqqa kasal ko‘rgani borsa, ikki hovli narida birov qazo qilgan ekan, bemorni ko‘rib bo‘lgach, janozada qatnashibdi. Qarasa, ellik-oltmish yashar odamlar tobut ko‘tarishga unnab yotishgan ekan. “Hoy tog‘a, yoshlarni chaqiring, nimaga siz ko‘tarasiz?” deb so‘ragan ekan, u odam: “He, duxtur, qishlog‘imizda yoshlar qolmadi, bari Rossiyada, – deb uf tortibdi. – Hali ko‘rasiz, mayitni qabristonga olib borayotganda yalinamiz odamlarga, baraka topkurlar, ko‘tarishib yuboringlar, savob bo‘ladi, deb. Hatto o‘likni mozorga eltishga ham yoshlar kerak ekan. Hech kim qolmay, bari ishlagani ketgan, tobutni bir amallab ko‘taramiz-da!”

Shaharda uncha bilinmaydi, ammo qishloqlarimizdagi yigirma bilan qirq yoshning o‘rtasidagi – avj yigitlar o‘zga yurtlarda ekani yaqqol seziladi. Axir bu inson umrining gullagan, yurtini ham yashnatadigan eng navqiron chog‘i-ku? Ammo bizning yoshlar bu kunda Rossiyani obod qilyapti, mol boqyapti Qozog‘istonda, qizlar esa Amirlikda kanizlik... kabi ishlar bilan mashg‘ul.

“Kechagi bo‘lgan falokat odamga ko‘p narsadan dalolat beradi, – dedi Prezidentimiz. – ...Odamlarimizga sharoit yaratmaganimiz uchun ular begona yurtlarga borib, ish qidirib yurishibdi... bu – eng katta xato va kamchiliklarimizni o‘z vaqtida hal qilmaganimizdan dalolat. Shuning uchun ular begona yurtlarda sarson-sargardon”.

Biz yigitlarimizni asray olmayapmiz, yigit degani millatning guli edi-ku. O‘zbek genofondining oltin zaxirasi xorijda xor bo‘lyapti bu kunda.

Yigit omon bo‘lsa, xavfu xatar yo‘q,
Qalqon bor, qal’a but, qo‘rg‘on salomat.
Qizlar kulgusida avju daromad,
Chollar uyqusida jannat, farog‘at, – deb yozganida G‘afur G‘ulom naqadar haq edi!

Bir zamonlarda vabo, o‘lat kabi epidemik kasalliklar yurtga yopirilib kelib, behisob odamlarning yostig‘ini quritgan. Qariyb chorak asrdan beri qishloqlarimizdan o‘zga yurtlarga jo‘nab, hanuz qaytmagan yoki qayta olmagan, shu ko‘yi o‘lgan, mayib-majruh bo‘lib qolgan, oilasidan ajralgan yurtdoshlarimizning sanog‘i qancha ekan, xabarim yo‘q. Ammo bir o‘lat keltirgan balodan o‘n chandon ko‘p, desangiz ham ishonaman. Go‘yo, qishloqlarimizga vabo kelib, eng baquvvat yigitlarni olib ketayotganday.

Ehtimol kimdir, ha endi, besh-olti yil borib ishlab, pul topib kelsa, uy qursa, mashina olib minsa, yaxshi-ku, deyar. Ammo bir yigit qaytib kelib-kelmay turib ukasi, yo jiyani yo‘lga otlanyapti-da! Ya’ni, kamida uch million nafar eng sara mehnat kishisi doimo chetda. Hozir Rossiyaning o‘zida (rasmiy ma’lumot bo‘yicha) 2 million 834 ming 848 kishi “gastrbayter”lik qilib yurgan ekan. Migratsiya qonunlarini buzib bo‘lsa ham borib ishlayotgan, yertulalarda jon saqlab, pul topishga urinayotganlar kirmagan bu hisobga! Qozog‘iston, Koreya, Polsha...ga ketib ishlayotganlarni ham qo‘shing-chi bunga!

O‘rtacha bir mamlakat aholisiga teng keladi bu raqam. Ammo qari-qartang, xotin-xalaj, go‘dak bolalari bor bo‘lgan “umuman” aholi emas, eng sara, baquvvat, ishga yaroqli yigit degani bu. Agar shuncha mehnat qilishga qodir odam o‘zimizda ishlab yotgan bo‘lsa bormi! Ammo bu hozir armon, xolos.

Men boya chetga ishlash uchun asosan qishloqlarimizdagi yigitlar yo‘l olishayotganini aytgandim. Shahardan ketayotganlar ham bor, ammo ancha kam.

Bilasizmi nimaga shunaqa? Chunki qishloqda ish qolmadi. Odam mehnat qilib o‘zi va oilasini boqishi mumkin bo‘lgan ish yo‘q. Barcha yer boylarga, amerikancha qilib “fermer” deb ataladigan kishilarga berilgan. Shu qishloqda tug‘ilib-o‘sgan, yashayotgan, ammo fermer bo‘lish uchun talab etilgan traktori, yuk yo yengil avtomashinasi, oliy ma’lumoti va hokazolari yo‘q, qisqasi, qo‘li yupqa odamlarga fermerlik tegmay, yerdan chiqarib yuborilgan. Shaxsiy traktor, yuk yo yengil avtomashinasi kimda bo‘lardi, deysiz? Albatta, rais buvada, bosh agronomda, bosh injenerda, tumanning avvalgi “katta”larida! Oliy ma’lumotni ham ana o‘shalarning farzandlari olishar, ketmonchining bolalari esa mushtdayligidan dalaga chiqib ishlardi, kambag‘alda diplom nima qilsin? Holbuki, o‘tgan asr boshida o‘tkazilgan yer islohotida hamma yerli bo‘lgan, so‘ng esa “kolxozlashtirish” zug‘umi bilan yerlarini davlatga topshirgan edi ana shu yeri fermerlarga o‘tib ketgan sho‘rliklarning ota-bobolari. Bu yer ularning ham yeri edi. Endi shapaloqday uyi bor, ammo deqonchiliq qilishga yeri yo‘q odam qishloqda nimani tishiga bosadi? Fermer esa hammani ishga ololmaydi, o‘z yaqinlarini, qolaversa, haqqini hadeb so‘ramaydigan bo‘sh-bayov kishilarni ishlatish payidan bo‘ladi.

Odamlar tirikchilik manbaisiz qolgach, ish izlab shaharga yopirildi, erkaklargina emas, xotinlar ham mardikorlikka chiqa boshladi, hatto xotin mardikorlar bozorlari ochilib ketdi. Yana shunchadan keyin, “olam bizga mahliyo!” qabilidagi qo‘shiqlar ko‘payganini aytmaysizmi.

Buning bari qishloq odamlarining ko‘pchiligini boqib turgan yer ulardan olib qo‘yilib, bir necha fermerga xatlab berilgani oqibati bo‘ldi (albatta, fermerlarga ham oson bo‘lmadi, ammo bu endi boshqa mavzu).

Qirg‘izistonda xuddi shu jarayon boshqacha kechgan. U yerda biron kolxoz tugatilgan bo‘lsa, uning hududida 1994 yilgacha qancha odam yashaganiga qarab ekin yeri ulush sifatida taqsimlab berildi. Aytaylik, bir ming ikki yuz gektar ekin yeri bor qishloqda o‘n ming nafar odam yashasa, kishi boshiga 12 sotixdan yer to‘g‘ri keladi. Ana marhamat, oilada besh jon bo‘lsa, yarim gektar yer olgan, sakkiz kishi bo‘lsa, 96 sotix yer o‘lchab berilgan. Albatta, bu yerga uy-joy qurish mumkin emas, alohida o‘rab olishga ham yo‘l qo‘yilmaydi, o‘q ariqlar – chegara. Shu yer shu oilaniki, nima eksa, o‘zi biladi, o‘zi sotadi. Hokim ham o‘z ishini qiladi, fermer xo‘jaligiga biriktirilmagan rayzdrav boshlig‘i ham tunlari traktorga solyarka qidirmay, duxturligi bilan band. Qarang, odamlar paxta ham ekyapti, chunki mehnati og‘irroq, ammo daromadi yaxshi ekan, o‘zi terib olib, uyiga opketadi, qishda yo bahorda keladigan turnaqator xaridorlar bilan bahosini kelishib, sota beradi.

Albatta, har yerning o‘z toshi, o‘z tarozisi bor. Biroq bir narsa aniq: yoppasiga kolxozlashtirish va paxta ektirish o‘zbek dehqonchiligi uchun ofat bo‘lgan edi, yoppa fermerlashtirish ham o‘shanaqa bir kampaniya bo‘ldi. Bunaqa katta ijtimoiy islohotlarni avval bir viloyat miqyosida sinab ko‘rib, yaxshi natija bergachgina boshqalarida ham joriy etish kerakmikan, deyman.

Demak, xulosa ham shunga yarasha: biron viloyatda fermer xo‘jaligi degan narsaga barham berib, yerni kishi boshiga qarab oilalarga taqsimlash yo boshqacha tarzda qishloq xo‘jaligi sohasida o‘zgarish o‘tkazib ko‘rish kerak. Men aminman: qishloq oilasida loaqal yarim gektar yer bo‘lsa, u holda shu oilaning eng devkor yigitlari ish izlab chetda sarson bo‘lmaydi, oilasi bag‘rida bog‘u ekinzorini gullatadi, tirikchiligini bemalol o‘tkazadi, ming xil jinoyatlarning ham ildizi qirqiladi, bolalar esa ota nazoratida, ota mehrini ko‘rib ulg‘ayadi. Yigitlarimiz yo‘llarda nobud bo‘lmaydi, kuygan jasadlari kelmaydi ularning. Chol-kampirlar uyqusida halovat tuyadi. Ishlash uchun xorijga ketgan ayollar ham uyiga qaytadi, eri erkakday bo‘lib ko‘chaga chiqadi. Bozorlarda kartoshka-piyoz ham, boshqasi xiyla arzonlashadi.

O‘shanda o‘zbek o‘ziga bek bo‘ladi, inshoollo. Ammo hozir, hozir esa...
Zuhriddin Isomiddinov

Manba: Qalampir.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Aqto‘be fojiasi o‘z-o‘zidan bo‘lgani yo‘q... Qishloqda yer yo‘q, ish ham...