10:02 / 03.03.2018
4 920

Otabek Muhammadzohid: “O‘zbek to‘ylari o‘zbekcha bo‘lsin”

Отабек Муҳаммадзоҳид: "Ўзбек тўйлари ўзбекча бўлсин"
Poytaxt yoki viloyatlar markazida o‘tkazilayotgan xalqimizning to‘y marosimlarida keyingi paytda yevropacha qo‘shiqlar ko‘proq urf bo‘lgani turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Aynan shu savolga javob izlab, xonanda Otabek MUHAMMADZOHIDga yuzlandik.

— Bugungi to‘ylarda o‘zbekcha qo‘shiqlarimizni ijro etishga ikkilanib qolaman. Sababi, to‘ylarimizda o‘zbekona uslubdagi, milliy estrada yo‘nalishidagi taronalarni tinglashga odamlarning sabri yetmayotgani, yevropacha qo‘shiqlarni so‘rashayotganiga ko‘p guvoh bo‘lyapmiz. Mehmonlar tinimsiz ravishda sho‘x, ammo yevropacha ohangdagi qo‘shiqlarga raqsga tushishadi. Xalqimizning tinchligidan, xursandchiligidan quvonamiz, biroq masalaning boshqa tomoni bor: biz ma’naviyati, madaniyati, andishasi kuchli bo‘lgan ajdodlarning avlodlarimiz. Milliy mentalitetimizga yot musiqaga raqsga tushish yoki behayolarcha kiyingan qizlarimizning qanchadan-qancha yoshi ulug‘ insonlar oldida o‘zlarini “raqs guruhi a’zolari” deya tanishtirib, ommaviy tarzda raqsga tushishi kishini jiddiy o‘yga soladi. Eng achinarlisi, bu kabi odatlar va holatlar asta-sekinlik bilan shahardan qishloqlarga kirib bormokda.

Yoshlarni yosh desangiz, qirqdan oshgan erkak va ayollar ham xorij musiqasini so‘raydi. Shunday vaziyatlarda xonanda nima qilishini bilmay, oddiy disk bilan to‘y o‘tkazishiga to‘g‘ri kelyapti. To‘ylarda, konsert zallarida, madaniyat maskanlarida “Maqom eshitamiz” deydiganlar kamaymokda. Hatto maqom kechalarida zalni to‘ldirib o‘tirgan tomoshabinlarning ko‘p qismi konsert tugamasdan, necha ming yillik mavqega ega san’atimizga, san’at ahlimizga behurmatlarcha zalni tark etayotgani to‘g‘risida kuyinib gapirilmoqda. O‘sha insonlarning ma’naviyati kuchli, fikrlash darajasi yuqori bo‘lsa, bunday vaziyatlar kuzatilmasligi aniq. Chunki maqom qo‘shiqlarining har bir misrasidagi so‘zlar o‘z mazmun-mohiyati jihatdan inson uchun ma’naviy ozuqa, tarbiya masalasida muhim ahamiyatga ega hisoblanadi.

San’atkorlarimiz to‘yda xalq talabini bajaraman, deb yevropacha, turkcha yo‘nalishdagi qo‘shiqlarni kuylashga majbur bo‘lsa, yana o‘sha xalqimiz tomonidan turli telekanallardagi shou ko‘rsatuvlarida saviyasiz qo‘shiq muallifi sifatida ayblanmoqda.

Musiqa ixlosmandlarining saviyasi bu darajada pasayishi sabablari bilimsizlik, kitob o‘qimaslik bilan bog‘liq ekanligi —ayni haqiqat. Agar xalqimiz kitob o‘qishga ko‘proq e’tibor qaratsa, farzandlaridan ham shuni talab etsa, ma’noli so‘zlar bilan kuylangan qo‘shiqlarga ehtiyoj sezadi va to‘ylarimizda yengil-yelpi, yoshlar tarbiyasining buzilishiga ta’sir etuvchi, ota-onaga, ustoziga, yaqinlariga bo‘lgan hurmatni susaytiruvchi videokliplar, taronalar soni kamayib boradi. Yosh avlod kitobga oshno bo‘lsa, qadriyatlarimizga yot bo‘lgan behayo kliplar, serial yoki badiiy filmlarni tomosha qilish noto‘g‘ri ekanligini o‘z-o‘zidan tushunadi va va do‘stlariga ham yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadi. To‘y masalalari ham shu muammo bilan bog‘liq.
Sh.TOJIDDINOVA yozib oldi.

Manba: tasvir.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Otabek Muhammadzohid: “O‘zbek to‘ylari o‘zbekcha bo‘lsin”