01:20 / 06.07.2018
7 025

Bir ayol tahqirlab yechintirildi… Jamiyat qanday aks-sado berdi?

Bir ayol tahqirlab yechintirildi… Jamiyat qanday aks-sado berdi?
Vaqti-vaqti bilan muxbirlar tili bilan aytganda «bomba»lar paydo bo‘ladi. Ular axborot olamida shu darajada kuchli portlash sodir etadiki, hech bir inson ta’sirlanmay qolmaydi. Kattaqo‘rg‘onlik ayolning tahqirlab yechintirilgani va kamiga bu videoning ommaga tarqatilgani, eng alam qilarlisi, bu ishni huquqni muhofaza qiluvchi xodimning o‘zi amalga oshirgani ana shunday «bomba» bo‘ldi va rasmiy OAVni chetlab o‘tib, internet olamida kuchli aks-sado berdi.

Fikrlar turli-tuman, ammo bitta nuqtada yakdillik bor — bu haqsizlik va qonunbuzarlikka chidab bo‘lmaydi, jim turmoqning iloji yo‘q!


* Ovozim boricha yig‘lagim kelayapti. O‘zimizda o‘zimiznikilar shunchalik xo‘rlashsa-ya… Chetda yurganlarning huquqlari poymol bo‘layapti deb jar solmasak ham bo‘larkan.
Dilfuza Sobirova, jurnalist

* * *
Hozir bir videoga ko‘zim tushib qoldi, uni oxirigacha ko‘rib bo‘lmaydi, tarqatib ham. «Ozodlik» chiqaribdi. Bizning militsiyamiz jinoyatda gumon qilib o‘zbek ayolini yechintirib, videoga olibdi kamiga.

Bizni himoya qilishi, qo‘riqlashi kerak bo‘lgan militsiyamiz ayollarimizni, opa-singillarimizni, millatdoshlarimizni haqorat qilayapti, ularning iffati, or-nomusiga tajovuz qilayapti. Ehtimol ayol jinoyatchidir, ammo u bunday tahqirga munosib emas!

Hoy, bizni kunu tun kuzatayotgan IIV mutasaddilari! Bu videoni o‘rganib chiqdingizmi? Xodimingizga chora ko‘rdingizmi yoki qarg‘a qarg‘aning ko‘zini cho‘qimaydi qilib ko‘z yumasizmi bunday holatlarga? Qachongacha davom etadi bunday holatlar?

Samarqand va Kattaqo‘rg‘on o‘z uslubida: bo‘lmagan, hech kim, yolg‘on. Odamlar esa Samarqand IIBdan emas, balki vazirdan izoh kutayapti. Janob vazir uyg‘ondimikan?

Bitta buzoq podani bulg‘aydi deganday militsiyadagi shunaqa parazitlar hamma islohotlar, urinishlarni bir pulga chiqaradi.

Bu masala la’nati militsionerni jazolash bilan yakunlanmasligi kerak. Hali jamiyatda ayollar huquqlarini himoya qilishning samarali mexanizmi va qonuniy asoslari shakllanganicha yo‘q. Kuchaytirish, har qanday holatda ham ularga davlat organlari xodimlari ziyon yetkazadigan tirqishlar, yo‘llar qoldirilmasligi kerak.

Davlat xizmatchisi fuqaro bilan muloqotga kirishayotganda tarbiyasi, axloqi, shaxsining qandayligidan qat’i nazar qonun belgilagan me’yor va mezonlar, chegaralarni buza olmasligi kerak.

Iloji boricha bunday muloqotlarni kamaytirish, muloqot jarayonini shaffoflashtirish, nazorat va ayniqsa javobgarlik va jazoni qat’iy va hamma uchun (hatto prokurorning jiyani, zamnachalnik militsiyaning o‘g‘lini ham chetlab o‘tmasligi shart) muqarrar qilish lozim. Aks holda jamiyat, ayniqsa ojiz va himoyasiz qatlam bo‘lgan ayollar va bolalar bugungidek qiynoq va xavf ichida qolaveradi.
Sanjar Said, bloger

* * *
Onang demayman, zotan unda ayb yo‘q! Aybi sen marazni tuqqani. Lekin qizing shu ko‘yga tushsin!
Qamariddin Shayxov, «Qalampir.uz» sayti rahbari

* * *
Agar samarqandlik tergovchini qamoqqa tiqmasak O‘zbekistonda adolat yo‘q. Voz kechish kerak bunday tizimdan.
Sanjar Obid

* * *
Xalqni nomusda qoldirgan, dunyoga sharmanda qilgan melisa xalq oldida sud qilinishi kerak. Inson huquqlari bo‘yicha ombudsman qani? Nega indamayapti? Qonunda bormi yechintirish degan band?!
Ahad Jumanqulov

* * *
Kattaqo‘rg‘ondagi holatlar jiddiy o‘zgarishlarga sabab bo‘layapti. Zora, bu hol ham kameraga tushmay qolgan ko‘plab zo‘ravonliklarning oldi olinishiga turtki bo‘lsa. Zora, shundan keyin davlat gerbi tushirilgan forma kiyib yurganlar davlatga munosib bo‘lib, muomala va madaniyatini to‘g‘rilasa… Zora…
Bekzod Ibrohimov, jurnalist

* * *
O‘zbekiston ma’naviyat va ma’rifat markazi va O‘zbekiston musulmonlari idorasi Kattaqo‘rg‘on voqeasi bo‘yicha o‘z pozitsiyalarini bildirishmaydimi? Axir bu voqea inson sha’nini, ma’rifatini va islomni toptash emasmi?! Yoki ular chuqur va ma’noli sukut saqlab o‘tirishaveradimi? Xalqqa biror narsa deng, taqsirlar, hamma junbushga kelgan!
Azamat Toshtemirov

* * *
Ichki ishlar tizimidagi islohotlar o‘z mevasini berayaptimi?
Azizbek Egamberdiyev

* * *
Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Aziz Anvarovich Toshpo‘latov! Qo‘l ostingizda yana qancha mana shunday mulozimlar ishlaydi? Tezroq OAV orqali va FBdagi postlarga reaksiya qilib javob qaytaring. O‘sha mulozimning jazosini Alloh belgilab qo‘yib bo‘ldi. Hayvonlar ham o‘z avratini berkitib yurishga odatlangan. Lekin inson haq-huquqlari himoyalangan bir paytda bu hol yuz bergani, ayniqsa ayol kishining avrat hisoblangan barcha a’zolarining tasviri pastkashlarcha ommaga tarqatib yuborilgani hali ham IIBda pastkash insonlar borligini bildirib turibdi. Prezidentimizning odilona olib borayotgan siyosatiga, davlat boshqaruvi tizimidagi barcha xodimlarning shart-sharoitlarini yaxshilab berib, oylik ish haqlarini oshirib bergani, uy-joy bilan ta’minlab qo‘ygani, mashina bilan ta’minlab qo‘ygani, zamonaviy aloqa vositalari bilan ta’minlab berganiga javob shunday bo‘ldimi? Eh, qandaylarga qoldi bu tizim? Hammaga o‘rnak bo‘lishi kerak bo‘lgan xodimlar o‘zlari rasvo bo‘lib tursa, boshqalardan nimani kutish kerak?
Muhriddin Usmonov

* * *
Samarqandda ayol tahqirlangan videoni hamma ko‘rdi va ko‘pchilik o‘z munosabatini bildirdi. Menimcha, bu kabi ishlarning oldini olish uchun huquqni muhofaza qiluvchi barcha organlarga telefon olib kirish mumkin emas dengan qoidani bekor qilish kerak. Telefonni olib qo‘yib ichkarida nima ishlar qila olishlari mumkinligini bu voqeadan ko‘rdik.
Nodirbek Alimov

* * *
Voyaga yetmagan shaxsni xo‘rlagan, keti uzilmay pora bilan ko‘lga tushayotgan, huquqlarini talab qilib videos’yomka kilayotganlarga tashlanadigan, ayollarni sochidan tortib, mashinaga joylaydigan, mardikorning pulini shilayotgan, ayollarni yechinishga majburlab, tahqirlayotgan, o‘zini «ichkarida» erkak hisoblab, ilojsiz odamlarni xohlagancha xo‘rlaydiganlar bor ekan, davlatimiz Rossiyaga, Koreyaga, Turkiyaga ishchilar yetkazib berishda davom etadi!
Shuhrat Ismatovich

* * *
Inna lillahi va inna ilayhi roji’un! Kattaqo‘rg‘ondagi musibat xalqniki!
Nozimjon Hoshimjon

* * *
Qishloqdan biror bechorahol qarindoshingiz kelib, ikki kun mehmon bo‘lib qolsa, uchinchi kun senikida kim yashayapti deb yugurgilab kelishadi. Shahar shevasida gapirmasangiz, bu kelgindi ekan deb xonasiga olib borib, xuddi jinoyatchini tutganday so‘roq-tergov qilishadi. Haqiqiy jinoyatchilarni tut qo‘lingdan kelsa, jimgina ishini qilib yurgan odam bilan jinoyatchini farqlay olmasang nima qilasan vatan gerbi tushirilgan formani kiyib gerdayib? Sen uchun xalq ham, vatan ham, prezident ham, davlat ham bir tiyin ekan! O‘z xavfsizligini sendaylarga ishongan odamlar ahmoq bo‘lib yurgan ekan! Xo‘p, anavi ayol ashaddiy jinoyatchi ham deylik (holbuki, uning qilmishi sudda uzil-kesil aniq bo‘ladi), sen isqirtga uni xo‘rlashni, milliardlab nigohlar oldida sharmanda qilishni kim qo‘yibdi?
Elmurod Nishonov, jurnalist

* * *
Ular o‘g‘ri deb gumon qilingan ayolni emas, butun boshli millatni, xalqni, davlatni yechintiribdilar. Qonunlarimizni, orimizni, erkak degan nomimizni oyoqosti qilibdilar… Hayf, hayf, hayf.
Rasul Kusherbayev, Oliy Majlis deputati

* * *
Men halol mehnat qilib, har oy davlatga 400-500 ming so‘m soliq to‘layman. Menga o‘xshaganlarning solig‘iga otni kallasidek oylik olib yana xalqni tahqirlayotgan bunaqa ifloslarga qanday jazo bersa ham baribir ko‘nglim joyiga tushmaydi. Gap faqat mana shu itda ham emas. Sohani qayta ko‘rib chiqish kerak.
Anvar Mustafo

* * *
Bu ichki ishlar tizimining haqiqiy basharasi. Tizimda bundan battarlariyam bor! Dengizdan tomchi bu!..
Ahmadjon Yusupov, jurnalist


Manba: 7news.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bir ayol tahqirlab yechintirildi… Jamiyat qanday aks-sado berdi?