08:13 / 04.08.2018
6 074

"Katta bo‘lsam, bandit bo‘laman!" (video)

"Катта бўлсам, бандит бўламан!" (видео)
Bu bolachaning Internetda mashhur bo‘lgan, kulgili va lekin zamirida ma’no yashiringan videoroligini ko‘rmagan odam bo‘lmasa kerak:

Gap o‘rgatib turilishi natijasida bolacha: "Katta bo‘lsam bandit bo‘laman", deydi adashib, videoda!

Kuni kecha oliy o‘quv yurtlariga imtihonlar bo‘lib o‘tdi. Kimdir Narxo‘zga, kimdir Moliyaga va yana kimdir Diplomatiyaga topshirdi. Qaysi oliygoh bo‘lmasin, qanday usul qo‘llanmasin, qanday odamlar yoki katta-katta rektorlar o‘rtaga tushmasin, maqsad bitta – tabiiyki, o‘qishga kirish!

Abiturentlarni kuzatar ekanman, turli viloyatlardan yagona maqsadda kelgan yosh yigit-qiz aralash, qo‘llarida DTM qog‘ozi. Ayrimlari bilan uchrashib kolganda savolga tutdim: "Nega "Militsiya Akademiyasiga topshirdingiz?", – "Bitirgandan keyin "dolyasi" zo‘r, brat” dedi. Moliyaga topshirgani "Soliqda ishlamoqchiman, yog‘li joy, qiynalmayman kelajakda" desa, boshqasi "Yuridik institutni bitirib "organ"da ishlasangiz, bemalol, qo‘lingiz hamma yoqqa yetadi", deya faxr aralash ohangda gapirdi.

Bu ko‘kka yetgan orzular ro‘yobga chiqishi uchun qoziqqa bog‘langan mollarini yoki dadasi avaylab haydayotgan mashinani va hatto ayrimlari bor-budini ham sotib berishga tayyor edi, go‘yo.

O‘ylandim, biroz fikr chulg‘adi. Nega bunchalik mansabga talpinish hissi, nega bunchalik lavozim orzusi, nega pul va moddiylik vasvasasi ko‘mib yuborgan yoshlarimizni?! Nega ko‘pchilik shuni ko‘zlab o‘qish tanlayapti?! Afsuski, buning javobi videodagi bolakayga ham ma’lum: "bandit bo‘lish!" Yog‘li joyga o‘tirish! Ha, chinakkamiga kissavur bo‘lish! Talonchi-qaroqchi bo‘lish! Bosh prokuror bo‘lish, hokim bo‘lish, militsiya bo‘lish va korrupsioner bo‘lish, xalqning boshiga kulfat bo‘lish, bor-budini o‘marib seyfga yoki xorijga uchirib yuboradigan xoin bo‘lish! O‘z millatining yuziga oyoq qo‘yadigan, pulini olib ishini bitkazadigan vatanfurush bo‘lish! Bolakay adashgan bo‘lsa ham kattalar adashmaydi. Ehh, bu kattalar!...

Ilm olishdan maqsadimiz toki Xudo uchun, haq uchun, vatan uchun, atrofimizdagi qora ko‘zlarning ertasi uchun va nihoyat o‘zimiz uchun bo‘lmas ekan, u zanglagan, chirigan maqsadlarni iymon-islom jilvirlari bilan ketkizmas ekanmiz "KORRUPSIYani yo‘q qilish dasturi"ni yana biron 70 yil ortga surib qo‘yaveraylik! Ungacha esa yana o‘sha gap: "Katta bo‘lsam, bandit bo‘laman!"
Odil Karomatov

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » "Katta bo‘lsam, bandit bo‘laman!" (video)