14:14 / 28.08.2018
4 188

“Maʼnaviyat” bizga hech narsa bermadi. Bizga yangi qadriyatlar kerak

“Maʼnaviyat” bizga hech narsa bermadi. Bizga yangi qadriyatlar kerak
Nikita Makarenkoning “maʼnaviyat” haqidagi maqolasi soʻnggi vaqtlarda internetning oʻzbek segmentida eng koʻp muhokama qilingan mavzulardan biriga aylandi. Bu maqola va “maʼnaviyat” atrofida juda koʻp fikr-mulohazalar bildirildi. Umumiy olib qaraganda munozaralar odamlar, ayniqsa yoshlar “maʼnaviyat” soʻzining maʼnosini mutlaqo bilmasligi yoki undan koʻngil aynir darajada bezib ketganini koʻrsatdi.

Boʻlar ish boʻldi, maqola bahona maʼnaviyatimiz, saviyamiz, axloqimizga baho berdik, hissiyotlarga berildik, ichimizdagilarni toʻkib-sochdik. Xoʻsh, endi nima boʻladi? Maʼnaviyat, odob-axloq bahonasida shahar va tumanlardagi tungi hayot toʻxtatilib, xalq “komendantlik soati” rejimida yashashda davom etaveradimi yoki erkinlik berilib, iqtisodiyotning rivojlanishi, odamlarning kunning istagan vaqtida oʻzgalar huquqlariga daxl qilmagan holda koʻngil yozishlari uchun sharoitlar yaratiladimi? Bundan buyogʻiga maʼnaviyat, milliy mentalitet, qadriyatlar, odob-axloq kabi tushunchalarni xalq, birinchi navbatda yoshlar ongiga qanday singdirish mumkin? Umuman, buning iloji bormi? Jamiyatni bir qolipga solish, yagona gʻoya atrofida birlashtirishning imkoni bormi?

Bugungi ahvolimiz barchamizga ayon, unga shu vaqtgacha panja ortidan qarab kelganimiz, muammolarni inkor qilib, xaspoʻshlaganimiz, soxta va puch gʻoyalar bilan faqatgina oʻzimizni aldab kelganimiz yetadi. Endi bizga yangi qadriyatlar kerak. Men butunlay yangi qadriyatlarni shakllantirishimiz kerak, demoqchi emasman. Balki unutilgan, oʻzgartirilgan, uloqtirib yuborilgan va oʻz vaqtida yangilanmay qolgan qadriyatlarni jonlantirish, bugungi kunga moslashtirish, boyitish va modernizatsiya qilish kerak.

Birinchi navbatda jamiyatda qonun ustuvorligi taʼminlanishi shart. Qonunlar esa umumbashariy, koʻp millatli, ochiq va erkin jamiyatga mos boʻlishi lozim. Odamlar bugun qonun ustun ekaniga ishonmaydi, juda koʻplab masalalarda qonuniy tartib-qoidalar ishlab chiqilmagan yoki takomillashtirilmagan. Oddiy misol. Yaqinda Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayev odamlarning shikoyatidan bezor boʻlib shikoyat qildi: “Toshkent yoʻllarini kunduzi asfalt qilsak norozi boʻlib kechasi taʼmirlang deyishadi. Kechasi taʼmirlatsak, uyqu bermayapsizlar kunduz kuni qiling deyishadi. Odamlarga oʻzi nima yoqadi? Bu koʻchani taʼmirlatsak, biznikini taʼmirlashmadi, boylar yashaydigan koʻchani tuzatishdi deyishadi. Boshqa koʻchani qilsak, yana boshqa koʻchalardagilar malomat qilishadi. Nima qilish kerak?”

Bu vaziyatda hamma qonun-qoidalarga asoslangan qoʻllanma asosida harakat qilishi kerak. Odamlar ham, hukumat ham oʻz huquqlari chegarasini bilishi, uni buzganlar esa qonun doirasida javobgarlikka tortilishi, hamma oʻz ishini qilishi kerak. Oʻzbekchilik, yuz-koʻz, andisha kabi illatlardan voz kechib, qonun boʻyicha kunduzi ishlash kerak boʻlsa kunduzi, kechasi boʻlsa kechasi ishlanishi lozim. Qoʻllanmani esa oʻz sohasining mutaxassislari — qonunshunoslar, shaharsozlar, urbanizatsiya ekspertlari ishlab chiqsin.

Odamlarning koʻz oʻngida qonun buzilib, aybdorlar jazosiz qolishidan zararli holat boʻlmaydi. Normal jamiyatlarda ochiqchasiga qonunbuzarliklar sodir etilsa, aybdor kim boʻlishidan qatʼi nazar jazolanadi. Bizda esa shu vaqtgacha milliardlab soʻmlik mol-mulklar, mablagʻlarni talon-taroj qilib, hali ham erkinlikda yurganlar yoki qamalsa ham bir-ikki yildan soʻng ozodlikka chiqib, yiqqan-terganlarini yeb, yetmaganidek yana oʻsha rahbar lavozimlarga tayinlangan va avvalgi ishlarini davom ettirib yurganlar yetarlicha topiladi. Bunday holatda odamlar qonun ustuvorligi tugul, uning borligiga ham ishonmaydi, yoshlar esa lavozim-mansab tekkanida imkon boricha foydalan, qoʻlga tushsang bir qismini sarflab qutulib qolasan, “zato” keyin mazza qilib yurasan, degan xayolga boraveradi.

Ikkinchidan, odamlarning turmush darajasini oshirishga qaratilgan choralar izchil davom ettirilishi va yanada yangi bosqichga chiqishi lozim. Bunda gumanizmga ustuvor ahamiyat qaratilishi, oʻz navbatida aholida boqimandalik, dangasalik kayfiyati shakllantirilmasligi lozim. Fuqarolar turmush darajasini oshirishda yangi ish oʻrinlarini ochish uchun sharoitlar yaratish bilan birga, oylik-maoshlarni belgilashda real oylik xarajatlarni hisobga olish lozim. Masalan, oila aʼzolarining oʻrtacha sonidan kelib chiqib bir oyda qilinadigan xarajatlar hisob-kitob qilinishi lozim. Bu faqat yeb-ichish emas, balki kiyim-kechak, oʻqish, kommunal toʻlovlar va boshqalarni ham oʻz ichiga oladi. Xullas, oʻrtacha oyliklar shunday boʻlishi kerakki, xuddi chet ellarda boʻlgani kabi odamlar oydan-oyga qarzsiz chiqib, orttira olishi ham kerak. Bu oyliklar ichiga ipoteka va texnika kreditlarini qoplash masalalari ham kirib ketishi kerak.

Hozirgi holatda esa aksariyatimizning oʻy-xayolimiz qanday kun kechirish haqida boʻlib qolgan. Tashvishlarimiz shunchalik koʻpki, ularning asosiy qismi qanday qilib pul yetkazish, qanday qilib sotib olish (gap villa yoki hashamatli yaxta haqida ketayotgani yoʻq), qanday qilib qarzni uzishu amallab uy yoki mashina sotib olish haqida boʻlib qolgan. Ishoning, bunday holatda biz yuksak maʼnaviyat, bunyodkor gʻoyalar, vatanparvarlik, xalqparvarlik kabi narsalar haqida oʻylay olmaymiz.

Fuqarolar dunyoqarashi, saviyasini oshirishda homiylik, metsenatlik, volontyorlik kabi harakatlarni ragʻbatlantirish va qoʻllab-quvvatlash ham muhim. Metsenat deb oʻz shaxsiy mablagʻlari hisobidan ilm-fan va sanʼatni rivojlantirish uchun koʻngilli va begʻaraz asosda moddiy yordam beruvchi shaxslarga aytiladi. Bu soʻzni Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayev ham yigʻilishlarda bir necha marta tilga olib, boy, oʻziga toʻq insonlarni metsenatlik qilishga daʼvat etmoqda. “Metsenat” atamasini prezidentning kuni kecha qabul qilingan «Oʻzbekiston Respublikasida madaniyat va sanʼat sohasini innovatsion rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi qarorida ham koʻrdim. Unda metsenatlar va homiylar yordamini jalb qilishni ragʻbatlantiradigan samarali huquqiy mexanizmlarning yoʻqligi tan olingan. Agar metsenatlar va homiylar yordami davlat tomonidan munosib ragʻbatlantirilsa, jamiyatning ikki qatlami oʻrtasidagi aloqalar yaxshilanib, taranglik, asabiy keskinlik ham yumshashni boshlaydi.

Shu bilan birga, mamlakatda volontyorlik harakatiga ham katta eʼtibor qaratilishi, bu harakatga aʼzo boʻlganlar uchun qonuniy asosda oʻqish va ishga kirishda (suhbatlar, ijodiy imtihonlar, rezyumelarda), qaysidir davlat xizmatlaridan foydalanishda ustunlik berilishi kerak.

Ijtimoiy yordam tizimini adolat va insonparvarlik tamoyillari asosida tubdan takomillashtirish vaqti ham keldi. Bugun kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga davlat tomonidan yordam koʻrsatishda korrupsiya holatlari koʻplab uchramoqda. Qolaversa qonunosti hujjatlarida insonparvarlik tamoyillariga rioya etilmaganini koʻrish mumkin. Jumladan, koʻplab holatlarda haqiqatdan ham ijtimoiy yordamga muhtoj oilalar oylik maoshning oila aʼzolari soniga nisbatan eng kam ish haqidan ortiq ekani, hovlilarda yer maydoni belgilangan eng kam meʼyorlardan ortiqligi, avtotransport vositasi yoki boshqa daromad manbalari mavjudligi kabi sabablar bilan moddiy yordam ajratish haqidagi arizalar rad etiladi. Ammo korrupsiya sababli baʼzi oilalar har tomonlama oʻziga toʻq boʻlsa ham davlatdan moddiy yordam olmoqda. Bu holatda, birinchidan moddiy yordamga muhtojlik masalasi individual, manzilli oʻrganilishi, oilaning real daromadlari va turmush sharoitlari, oilada kasallar, nogironlar va qarovga muhtojlar borligi kabi jihatlar ham hisobga olinishi lozim.

Yaqinda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev Toshkent viloyatida bir onaxon bilan bogʻliq hodisani soʻzlab bergan edi. Onaxonning turmush oʻrtogʻi va farzandlari vafot etgan, katta hovlida bir oʻzi istiqomat qiladi. Qish. Deraza oynalari yoʻq, qarzdorlik sababli gaz va svet oʻchirilgan. Deputat mahalla raisini chaqirib, unga moddiy yordam belgilashni soʻrasa, hovlisi borligi uchun mumkin emasligini aytgan. Majlis oʻtkazib, bayonnoma rasmiylashtirib beringlar, deb moddiy taʼminot yozdirib, istisno tariqasida (noqonuniy ravishda) gaz va svetni ulatib ketsa, yaqinda prokuratura tekshiruv oʻtkazib, noqonuniy moddiy yordam yozilgan deb barcha toʻlangan pullarni qaytarishni talab qilayotgan ekan. Xuddi shunga oʻxshash holat Mirzachoʻl shahrida istiqomat qiluvchi uch bolaning onasining ham boshidan oʻtganini uning shaxsan oʻzi menga soʻzlab berdi. Turmush oʻrtogʻi olamdan oʻtgan, qoʻlida emizikli bola bilan ishlay olmaydi, mahallaga yordam soʻrab borsa, sen toʻgʻri kelmaysan deb qaytarishgan. Onaning “aybi” bir necha yil avval, turmush oʻrtogʻi bilan tender orqali uy-joy solish uchun yer maydonini sotib olgan. Bugun yer maydoni boʻsh, unga uy qurish uchun onaning mutlaqo imkoniyati yoʻq. Tez orada belgilangan muddat tugab, yer maydoni davlatga qaytarib olinishidan qoʻrqib, uch bola bilan idorama-idora yugurmoqda.

Uchinchidan, taʼlim sifati va mazmuni takomillashtirilishi lozim. Boshlangʻich va umumiy oʻrta taʼlimning asosiy maqsadi INSONni tarbiyalashdan iborat boʻlishi kerak. Bizning taʼlim esa asosiy urgʻuni akademik bilimlarga qaratgan boʻlib, bolalar miyasi tenglamalar, qoidalar, atamalar, yillar va raqamlar bilan toʻldiriladi. Ularda fikrlash, xulosa chiqarish, ijodkorlik, yaratuvchanlik, oʻrganish va izlanish, qonunga itoatkorlik kabi sifatlar shakllantirilishi lozim.

Bolalikdan oʻzgalar huquqlarini hurmat qilish, jamiyatda oʻzini tutish, xatti-harakatlari, gap-soʻzlarini ongli ravishda boshqarish oʻrgatib borilishi kerak. Shu bilan birga, har bir oʻquvchi huquq va erkinliklari chegaralarini bilishi, bu chegaralar buzilsa, qanday oqibatlarga olib borishi, javobgarlikka tortilishi aniq ekanini anglashi zarur. Bu qanday amalga oshiriladi? Menimcha, bu ishlar alohida dars va mashgʻulotlar koʻrinishi emas, balki taʼlim muassasalarida shunga qaratilgan muhitni shakllantirish orqali amalga oshirilishi kerak. Bolalar bir-biri yoki oʻqituvchi-tarbiyachilar bilan munosabat-muloqot oʻrnatishida oʻzini huquq va majburiyatlarga ega SHAXS sifatida koʻrishi kerak. Har bir nooʻrin holatda huquqlar tushuntirilib, takror sodir etilgan taqdirda javobgar boʻlishi aytilishi, bola salbiy xulq-atvorini namoyish etishda davom etsa, belgilangan tartibda haqiqatdan ham javobgar boʻlishi lozim.
Sanjar Said, bloger

Manba: Sof.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » “Maʼnaviyat” bizga hech narsa bermadi. Bizga yangi qadriyatlar kerak