13:28 / 26.10.2018
6 428

«Mardga ham, nomardga ham yelka tutardi» yoxud Aziza Niyozmetova qadrdonlari xotirasida (foto)

«Mardga ham, nomardga ham yelka tutardi» yoxud Aziza Niyozmetova qadrdonlari xotirasida (foto)
«Kishmish» nomli qo‘shig‘i orqali san’at olamida shuhrat qozongan xorazmlik xonanda Aziza Niyozmetova joriy yilning 14 oktyabr kuni 46 yoshida vafot etdi.

Marhumaning ayrim san’atkor do‘stlari u bilan bog‘liq xotiralarini jurnalist Mirolim Isajonovga so‘zlab berdi.

«Yaxshilik qilishdan o‘zini olib qochmasdi»

Sayyora Qoziyeva, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist:
«Aziza bilan qadrdonlik rishtalarimiz yurtimiz mustaqillikka erishgan dastlabki yillarda bog‘langan. U o‘sha paytlarda Xorazmda ijod qilib, viloyat delegatsiyasi tarkibida poytaxtda o‘tkaziladigan Navro‘z, Mustaqillik singari davlat tadbirlariga kelib, faol ishtirok etardi. Adashmasam, ilk bor 1996 yili Mustaqillik bayrami arafasida tadbir maydonida tanishganmiz. Keyin qo‘ng‘iroq orqali suhbatlashib, yanada yaqinlashib ketdik. 2000 yili Urganch shahrida yakkaxon konsert dasturini namoyish qildi. Obid Asomov ikkimizni mehmon sifatida taklif etdi. Biz ham uning ra’yini qaytarmay, ijodiy kechasida qatnashib, o‘z chiqishlarimiz bilan muxlislarga quvonch ulashdik. Oradan bir yil o‘tib, unga poytaxtga kelishini va shu yerda ijodini davom ettirishini aytdim. Qistovim bilan oila a’zolari roziligini olib, Toshkentga keldi. Undagi intilish, san’atga muhabbat, iste’dodni ko‘rib, imkon qadar yaqindan ko‘maklashib, qo‘llab-quvvatlashga harakat qildim. Izlanishi, tinimsiz mehnati natijasida o‘z aravasini tortib ketib, qisqa fursatda o‘zbek qo‘shiqchilik san’atida nom qozondi, muxlislar orttirdi.

U bilan juda yaqin edik. Uylarimizga ham tortinmay to‘g‘ri kirib boraverardik. Ayollarning mardi, jonsaragi edi. Mardga ham, nomardga ham yelka tutardi. Yordamga muhtoj insonga yaxshilik qilishdan o‘zini sira olib qochmasdi. Agar kimgadir yordam berish borasida imkoniyati yetmasa, boshqalar orqali bo‘lsa ham yaxshilik ulashardi. Dangalligi, mehmonnavozligini juda qadrlardim. Oramizdan mehr-oqibat ko‘tarilmasligini istab, men, Dilfuza Ismoilova, Mavluda Asalxo‘jayeva, Umida Mirhamidova, Dilfuza Rahimova, Oypopuk Eshonxonova, Tolibjon Isroilov singari san’at vakillari hamda boshqa sohadagi yaqinlarini birlashtirardi va tez-tez yig‘ilishib, diydorlashib turardik. So‘nggi marta may oyida biznikiga kelganida ko‘rishgandik. Shundan so‘ng sms yozishib, telefonda gaplashdik xolos. Uning vafoti haqidagi shum xabarni eshitib, karaxt bo‘lib qoldim. O‘sha kuni AQShdan ijodiy safardan kelgandim. Ta’ziyasiga borolmagan bo‘lsam ham, ertasiga to‘g‘ri Xorazmga yo‘l oldim. Qadrdon singlimning oxirati obod, qabri yorug‘ ziyolarga to‘lsin ilohim!»

Foto: Google Images

«Bag‘rikeng va halim ayol edi»

Tolibjon Isroilov, teleboshlovchi va xonanda:
«Xorazm san’atiga shinavanda bo‘lganligim bois 1990 yillarning boshida xorazmlik tanishlarimdan Aziza va Iroda Iskandarova ikkisi haqida maqtov fikrlarini eshitganman. Ular o‘sha paytdagi Xiva san’at bilim yurtida kursdosh bo‘lishgan. Yillar o‘tib, ikkalasi ham ijodini Toshkentda davom ettira boshladi. Aziza bilan avvallari kam muloqotda bo‘lardim, salom-alikdan nariga o‘tmasdik. So‘nggi uch-to‘rt yil ichida hamkasb, ijodkor sifatida juda yaqin qadrdonlarga aylandik, munosabatlarimiz mustahkamlandi. Mendan ko‘p maslahatlar so‘rardi. ‘Insonning qanaqaligi yo‘lda yurganida bilinadi’, deganlaridek, bir qancha xorij davlatlarida safarda bo‘lganimizda uning bardoshli, sabrli ekanligiga ishonch hosil qilganman. Ruhi juda baland, oliyjanob ayol edi. Tanqidlarimni ham to‘g‘ri qabul qilardi, haqiqatni tan ola bilardi. Barcha viloyatlardan do‘stlari bor edi. Mehmon kutish va uning ko‘ngliga yo‘l topishga usta edi. Odamlarni, hamkasblarini birlashtiradigan fazilatiga besh ketardim.

Uning aka-ukasi yo‘q bo‘lsa-da, ota-onasiga o‘g‘il, singillariga aka bo‘lib umr kechirdi. Farzandlari baxtli yashashi uchun tinim bilmadi. Bolajonligi tufayli o‘zining to‘rt nafar o‘g‘il-qizidan tashqari yana ikki nafar farzandni asrab oldi. Bag‘rikeng ona edi. U bir qarashda ko‘pchilikda kibrli, manmansiragan ayoldek ko‘rinsa-da, ammo mehrli, halim ayol edi. Yaxshi hamroh, dilkash suhbatdoshligini u bilan muloqotda bo‘lgan inson tez anglab yetardi, oddiyligiga tan berishardi.

Oilaviy bordi-keldi qilardik, hoji dadamni duosini olishga oshiqardi. Xorazm san’ati katta universitet. U bu murakkab jarayonda Xorazm maktabiga asoslangan yo‘lini topa oldi, etno-pop janrida ijod qilishni uddasidan chiqdi. Aziza hayotda bir ayollik baxtini, to‘la-to‘kis bo‘lishni xohlagan va bunga erishish yo‘lida mashaqqatlarni yengdi, kurashlarda toblandi. Afsuski, hayotning oqu qorasini endigina taniydigan yoshga yaqinlashayotganida oramizdan ketdi. Janozasida qatnashib, oxirgi yo‘lga kuzatib qaytar ekanmiz, u bilan turli bayramlarda, oilaviy tadbirlarda o‘tgan lahzalarimiz ko‘z oldimdan kinotasmasidek birma-bir o‘tdi. Ammo hayot, taqdir shunday ekan, hech kimning umri abadiy emas. Yaqin do‘stim va singlim insoniy fazilatlari bilan xotiramizda abadiy yashaydi».

Foto: Google Images

«Kishmish»ning muvaffaqiyat siri nimada?

Xonandaning «Kishmish» taronasi millionlab tinglovchilar ko‘nglidan munosib o‘rin oldi va shundan keyin u uchun mashhurlik onlari boshlandi.

«O‘zim musiqa o‘qituvchisi bo‘lganligim bois san’at qonun-qoidalarini yaxshi bilardim. Poytaxtga tayyor holatda pishib kelganman. O‘shandayoq repertuarimda 250—300 ta qo‘shig‘im bo‘lgan. Xorazmdagi mashhur «Ojiza», «Sheroza» maktablarida tajribali ustozlar qo‘lida saboq olganman. Maqtanishga yo‘ymang-u, aksariyat hamkasblarim yillab qilgan mehnatlari orqali erishgan muvaffaqiyatga men olti oydagina erishganman. Bitta qo‘shig‘im bilan el og‘ziga tushib, mashhur bo‘lganman. ‘Kishmish’ning so‘zi qolipiga mos tushgan. Musiqaning me’yorda bo‘lishiga ham katta ahamiyat berganmiz. Xorazmning asl shevasi va quloqqa judayam yoqimli eshitiladigan so‘zlarini kuyga solganligimiz sabab, boshqa qo‘shiqlarim ‘Kishmish’dek ommalashmadi. Yigirma yildan ortiq vaqt mobaynida qayerga tadbir yoki to‘yga borsam, albatta, mana shu taronamni aytishimni so‘rashadi. Bularning barchasi uchun avvalo, Yaratganga beadad shukronalar aytaman», degandi suhbatlarning birida Aziza Niyozmetova.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Mardga ham, nomardga ham yelka tutardi» yoxud Aziza Niyozmetova qadrdonlari xotirasida (foto)