
Foto: Kun.uz
Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy viloyat sudida O‘zR JKning o‘ta og‘ir moddalari bo‘yicha ayblanayotgan Zokir Rahimov ustidan olib borilayotgan sud ishi o‘z nihoyasiga yetib qoldi. 2018 yil 29 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida sudlanuvchi Z.Rahimovga hukm o‘qilishidan avvalgi so‘nggi so‘zini aytish imkoniyati berildi, deb xabar qilmoqda Kun.Uz’ning mahkama jarayonida qatnashayotgan muxbiri. U o‘ziga nisbatan ayrim moddalar bo‘yicha ayblovlarni sodir etganini inkor etar ekan, ba’zilari bo‘yicha o‘zbek xalqi va Prezidentidan kechirim so‘radi.
Sudlanuvchi so‘ngso‘zini aytar ekan, sud raisiga murojaat qilib, qamoq jazosi bo‘lmagan jazo tayinlashni so‘radi. Buning uchun quyidagi holatlarni inobatga olishni iltimos qildi.
“Men o‘zimga e’lon qilingan O‘zR JKning Zokir Rahimov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 155-moddasi 3-qismi “a”, “b” bandlari, 159-moddasi 4-qismi, 2422-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etmaganman. 223-moddasi 2-qismi, “b”, “v” bandlari, 2441-moddasi, 1-qismi bo‘yicha ayblovlarni tan olaman va shu qilmishlarimdan qattiq pushaymonman. Men xato qilganimni va adashganligimni tushunib yetib O‘IH tarkibini 2003 yildayoq tark etganman”, - deya so‘z boshladi sudlanuvchi Zokir Rahimov.
Uning aytishicha, oradan o‘tgan 15 yil mobaynida oilasi bilan faqat savdo-sotiq va tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelgan, shu yillar davomida birorta noqonuniy tashkilotga a’zo bo‘lmagan, ularning homiysi yoxud tarafdori bo‘lmagan. “Mening o‘y-fikrim oilam tirikchiligi bo‘lgan, chunki 9 nafar farzandni tarbiyalab, voyaga yetkazish edi”, - degan Rahimov qanday qilib Afg‘onistonga borib qolgani, u yerdan Pokiston, Eron va Turkiyaga nima uchun ketganini ma’lum qildi.
Rahimovning bildirishicha, 1999 yil fevral voqealaridan so‘ng, namoz o‘qib, masjidga borgani uchun unga nisbatan ichki ishlar idoralari tomonidan tazyiqlar kuchaygan. Shu boisdan, qamalib ketish xavotirida 1999 yil oxirlarida Tojikistondagi qarindoshlarinikiga qonuniy yo‘l bilan, Bekobod orqali o‘tgan. Keyinchalik, bu yerda uning pasporti olib qo‘yilgan hamda 2000 yil boshlarida O‘IH tarkibiga adashib kirib ketgan, Afg‘onistonga o‘tib ketgan. Bu yerda jangarilar lagerida emas, oilalar lagerida istiqomat qilgani, xato yo‘l qo‘yganini anglab yetgan hamda O‘IH tarkibini tark etish uchun qulay fursat bo‘lishini kutib yurgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, u Afg‘onistonda bo‘lgan davri mobaynida hech qanday jangovar harakatlarda ishtirok etmagan, qon to‘kmagan, inson o‘ldirmagan.
“2002 yilda bu tashkilotdan qochishga fursat bo‘lishi bilanoq bu ishni amalga oshirdim. Pokistonga chiqib ketdim. Mamlakatning Peshovar shahridan O‘zbekistonda menga o‘xshaganlarga afv e’lon qilingani munosabati bilan O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasiga 10 martaga yaqin qo‘ng‘iroq qilib, M.ismli xodimi bilan gaplashdim. Unga o‘zim va oilam to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlarni berdim. Ammo ruxsat bo‘lishi haqida javob bo‘lmadi. Pokistonda hujjatsiz yurish, yashash mumkin bo‘lmaganligi bois, BMT Qochoqlar komissiyasiga murojaat qilishga majbur bo‘ldim”, - dedi Rahimov so‘ngso‘zida.

Zokir Rahimov
“Saidov Uyg‘un, Satimov Hasanboy va Uzoqov Bahodir bilan yurgan yo‘limiz bir xil. Ularga O‘zbekistonga qaytishga ijozat berishdi. Afv etishdi. Menga ruxsat berilmadi. 2005 yilda Pokistonda hujjatsiz yashash mumkin bo‘lmagani sababli Eronga o‘tib ketishga majbur bo‘ldim. Bu yerda 10 yilga yaqin yashab, savdo-sotiq va tadbirkorlik bilan shug‘ullandim. Yashash manzilim ham oshkora edi. Oddiy insonlar singari farzandlarimni maktabda o‘qitdim, chunki birovlardan yashirinib yuradigan terrorchi emas edim”, - deya qayd etdi Z.Rahimov.
Uning ta’kidlashicha, 2007 yilda Navoiyda qolgan turmush o‘rtog‘i katta o‘g‘li bilan borgan va O‘zbekistonga qaytish uchun huquq idoralariga qo‘ng‘iroq qilish kerakligini aytib, telefon raqami bergan. Erondan keyin Turkiyaga o‘tgan va u yerda istiqomat qilib, tadbirkorlik bilan shug‘ullanib yurgan kezlarida Turkiya politsiyasi deport qilgan. Uni hech kim borib, ushlab keltirmagan.
“Hurmatli sud raisi! Menga nisbatan hukm chiqarishingizda 15 yil mobaynida Vatanimga qaytib kela olmaganimni jazo o‘rnida ko‘rishingizni, oilaviy ahvolim, ya’ni 9 nafar farzandim borligi, ulardan 6 nafari voyaga yetmaganimni, oilada yolg‘iz boquvchi ekanimni, menga bir marotaba imkon berib, qonuniy yengillik berish orqali qamoq bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlashingizni iltimos qilib so‘rayman. Shu yillar mobaynida otam, onam, xotinim hayotdan ko‘z yumdi. Yaqinlarim, akam, amakilarim vafot etishdi. Yaqin qarindoshlarimni yo‘qotganimni ham jazo sifatida inobatga olishingizni so‘rayman.
Xalqparvar siyosat olib borayotgan Prezident siyosatini qo‘llab-quvvatlayman, imkon berilganida bor kuch-quvvatimni Vatanim taraqqiyotiga hissa qo‘shishga sarflardim.
Menga o‘xshagan adashganlarni kechirish va Afv etish to‘g‘risida farmon chiqargan Prezident Shavkat Miromonovich Mirziyoyev imzolagan hujjatlaridan umid qilib turibman. Barchadan, o‘zbek xalqidan, Prezident Sh.Mirziyoyevdan, mahalladoshlarimdan kechirim so‘rayman”, - deya so‘ngso‘zini yakunladi sudlanuvchi Zokir Rahimov.
Shu bilan sud raisi maslahatga kirib ketilishini bildirdi. Navbatdagi sud majlisida Zokir Rahimovga nisbatan sud hukmi o‘qiladi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar