13:57 / 08.03.2019
5 553

Ayollar uchun taqiqlangan kasblar roʻyxati bekor qilinadi

Ayollar uchun taqiqlangan kasblar roʻyxati bekor qilinadi
1 maydan ayollar mehnatini muayyan soha yoki kasblarda qoʻllash boʻyicha taqiqlar bekor qilinadi. Bu Oʻzbekiston prezidentining xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisidagi qarorida koʻzda tutilgan. Hujjat 7 mart kuni Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida qabul qilindi.

Oʻzbekiston Mehnat kodeksining 225- moddasida mehnat sharoiti noqulay ishlarda, shuningdek yer osti ishlarida ayollar mehnatini qoʻllanish taqiqlanadi, yer ostidagi baʼzi ishlar (jismoniy boʻlmagan ishlar yoki sanitariya va maishiy xizmat koʻrsatish ishlari) bundan mustasnodir, deya qayd etilgan.

Mazkur roʻyxat 44 turdagi soha va kasblarni, jumladan kon, neft va gaz qazib olish, qora metallurgiya, qurilish va montaj ishlarini oʻz ichiga oladi.
Hujjatga koʻra tavsiyaviy xarakterdagi ayollar sogʻligʻiga salbiy taʼsir etishi mumkin boʻlgan soha yoki kasblar roʻyxati tasdiqlanadi.

Qarorda bola parvarishlash taʼtilining kamida uch oyi ota tomonidan foydalanilgan taqdirda, ota yoki onadan biriga Oʻzbekiston Mehnat kodeksining 234-moddasi tartibida qoʻshimcha bir oy nafaqa toʻlanadigan bola parvarishlash taʼtili berilishi belgilandi.

Bundan tashqari, ikki yoshga toʻlmagan farzandini tarbiyalovchi ota-onalarning biriga ularning ish paytidagi dam olish va ovqatlanish, bolani ovqatlantirish uchun beriladigan tanaffuslar hisobidan ish beruvchi bilan kelishgan holda kun davomida foydalaniladigan tanaffus vaqtini belgilash huquqi beriladi.

Hujjat bilan ayollarning pensiya yoshiga toʻlganligi yoki qonun hujjatlariga muvofiq yoshga doir davlat pensiyasini olish huquqi vujudga kelganligi sababli ular bilan tuzilgan nomuayyan muddatli mehnat shartnomasini 60 yoshga toʻlgunga qadar yoki muddatli mehnat shartnomasini muddati tugagunga qadar ish beruvchining tashabbusiga koʻra bekor qilish taqiqlandi.

Erkak va ayollar huquqlari tengligining buzilishi bilan bogʻliq ishlarning sudlarda koʻrib chiqilishida ayollarga advokatlar tomonidan koʻrsatiladigan yuridik xizmat uchun haq ularning xohishiga koʻra davlat hisobidan qoplanadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ayollar uchun taqiqlangan kasblar roʻyxati bekor qilinadi