
«Azon.uz sayti shu odamni yonini olib yaxshi ish qilmadi, o‘g‘rini o‘g‘ri deymiz, darror jazolaymiz» (ijtimoiy tarmoqdagi postlardan)
Aslida masala biz o‘ylagandan ham chuqurroq ildizlarga ega.
Yaqin, juda yaqin tarix. Kuz. Seminar va shunga o‘xshash tadbirlarga boy fasl. Shunday ajoyib kunlarning birida ayollar mavzusiga bag‘ishlangan konferensiya o‘tkazildi, katta odamlar ishtirok etdi, Bosh vazir o‘rinbosari, Vazirlar Mahkamasining mas’ul xodimlari, davlat idoralaridan taklif qilingan mutaxassislar va ...din sohasi odamlari. Albatta, ayollar huquqi to‘g‘risida bo‘ladigan tadbirda Islomda ayol qadrini din odamidan boshqa kim ham tushuntirib bera oladi?

Tadbir bo‘lib o‘tganligi haqida Xotin-qizlar qo‘mitasining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida e’lon qilingan maqoladan

Tadbir bo‘lib o‘tganligi haqida Xotin-qizlar qo‘mitasining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasidan
Xullas, tadbir bo‘lib o‘tdi. Ko‘pchilik so‘zga chiqdi. Bunday tadbirlar tarqatma materiallar bilan boyitiladi. Ushbu tadbirda diniy adabiyot sifatida gologramma bilan muhrlangan kitob ham tarqatildi, bu Salim qori Qodirovning «Ayolni e’zozlagan din» deb nomlangan kitobi edi. To‘g‘risi, bu kitob o‘sha vaqtda qo‘limga tushgan bo‘lsa ham o‘qib ko‘rmadim. Hammasi tushunarli-ku, yaxshi gaplar yozilgan, deb.
Bugungi kunimiz. Joriy yilning 12 aprelida O‘zAda e’lon qilingan maqola e’tiborimni tortdi: «Ilmiga amal qilmagan mullodan... Yoki ko‘plab olimlar, hatto Burhoniddin Marg‘inoniy so‘zlarini ham o‘ziniki deb e’lon qilgan Farg‘ona viloyati bosh imom xatibining “ijodi” haqida», albatta, bunday jarangdor sarlavha ko‘pchilikni o‘ziga jalb qiladi. O‘qidim, iya, bu o‘sha kitob-ku. Nahotki shunday katta tadbirda, kattalar ishtirokida tarqatilgan kitob birovniki bo‘lib chiqsa? Bu yomon! Maqolani o‘qib chiqdim. Qayerda, qanday ko‘chirilgani to‘g‘risida to‘liq ma’lumot berilgan. Faqat, negadir mendagi kitob bilan O‘zAda keltirilgan kitobning varaqlari to‘g‘ri kelmayapti: «...Salimqori Qodirov “muallif”ligidagi 116 betli kitobning 34,35,37-betlari, 38-betining 2 va 3-xatboshisi...», mendagi kitob 100 betli edi-da.

Birinchi kitob

Ikkinchi kitob
Yana solishtirishni boshladim, maqolada keltirilgan ko‘chirmalar bor, lekin umuman boshqa betlarda. Maqola so‘ngida «Nega Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita o‘zining 6591-sonli xulosasi bilan uni chop etishga tavsiya bergan?» deyilgan, demak Qo‘mita xulolasi bor. Yana «xatolik», men ko‘rayotgan kitobda Qo‘mitaning 6339-sonli xulosasi keltirilgan. Lekin kitobning boshqa parametrlari bir xil (UO‘K, KBK, ISBN kabi ma’lumotlar qayta nashrda o‘zgaradi). Ajabo, bir kitobga 2 ta xulosa.


Farg‘onalik tanishlar orqali shu kitobning O‘zAda chiqqan talqinini topdim va jumboq yana ham chigallashib ketdi. Chunki ko‘rinishi o‘xshash, lekin ichi birmuncha farq qiluvchi kitoblar edi. Birinchisi 2018 yil 23 noyabrda bosmaga berilgan, Qo‘mitaning 6339-sonli xulosasi asosida, ikkinchisi o‘sha yili 17 dekabrda, 6591-sonli xulosa bilan bosmaga berilgan. Ikkala kitob ham muftiy Usmonxon Alimov va shayx Abdulaziz Mansur tahriri ostida chiqqan.
Balki birinchi kitob yaxshi sotilgani uchun qayta nashr bo‘lgandir, deysiz. Balki, lekin ikkinchi kitobda birinchi kitobdagi ayrim xatboshilar ko‘rinmayapti, jumladan mana bu xatboshi negadir olib tashlangan:
«Ayolning ijtimoiy munosabatlarda qatnashish huquqi ta’minlanar ekan, uning jamoat joylarida o‘ranib yurishi shart qilib qo‘yilgan. Bu masala hozirgi kunda turlicha talqin etilmoqda...» Ha, aynan shu joyi yangi nashrda yo‘q.


Yuqoridagilarni tahlil qila turib bir narsa xayolga keldi, o‘sha kunlari Xalqaro Islom akademiyasi talabasi ro‘mol masalasida o‘quv yurti bilan sudlashayotgan, advokat esa diniy sohadan ekspert qidirayotgan vaqt edi.
Nega bular bir vaqtda ro‘y berdi ekan?
Nega Musulmonlar idorasi rahbariyati tahriri ostida chiqqan kitobga tezda o‘zgartirish kiritish zarurati tug‘ilib qoldi?
Bu kitobda keltirilgan «Ayolning ijtimoiy munosabatlarda qatnashish huquqi ta’minlanar ekan, uning jamoat joylarida o‘ranib yurishi shart qilib qo‘yilgan» jumlasi ekspert fikri sifatida (axir Farg‘ona bosh imom-xatibi kichkina odam emas) qabul qilinarmidi?
Yoki ko‘chirganligi isbotlangan imomning kitobidagi gap endi inobatga olinmaydimi?
Savollar ko‘p, imomning ishi oqlanmaydi. Birovning huquqini buzish bu dunyoda ham, u dunyoda ham hisob-kitob qilinadi. Lekin yuqoridagi savollar kishini o‘ylantirib qo‘ydi. Agar imomning ishi sudgacha yetib borsa (bunda muallif bilan kelishuv ro‘y berib, o‘zaro rozi-rizolik bo‘lib ketish ehtimoli borligi uchun, illo-billoh ish xas-po‘shlanadi demoqchi emasmiz), kitobdagi o‘zgartishlarga ham aniqlik kiritib ketiladi deb umid qilamiz.
Aytgancha, Oliy sudda ko‘rilishi kerak bo‘lgan ro‘mol masalasi cho‘zilib ketmadimikan?
Manba: Azon.uz
Salim QoriAyol HuquqiO‘zbekiston TarixiDin SohasiSeminar TadbiriKitob Muallifi O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing