23:37 / 24.10.2019
3 661

Yerusti metrosining 2 ta bekati qurib bitkazildi (foto)

Yerusti metrosining 2 ta bekati qurib bitkazildi (foto)
Shavkat Mirziyoyev Yashnobod tumaniga tashrif buyurib, yerusti halqa metrosining qurilishi bilan tanishgan. Ayni paytda “Do‘stlik-2” va “Ohangaron” bekatlari qurib bitkazilgan.

Uzunligi qariyb 55 kilometr bo‘lgan mazkur transport tarmog‘ining umumiy qiymati 422 million dollardan ziyod. Loyiha besh bosqichda amalga oshirilishi belgilangan.

Bugungi kunda uning birinchi bosqichi — metropolitenning “Do‘stlik” bekatidan Qo‘yliq bozorigacha bo‘lgan 11 kilometrlik qismi qurilmoqda. Bu yo‘nalishda 7 ta bekat bo‘ladi.

Davlat rahbari yangi keltirilgan poyezdga chiqib, mazkur bekatlar oralig‘ida yurib ko‘rgan, stansiyalarda yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirgan.

Bekatlar yo‘lovchilarga qulaylik yaratuvchi zamonaviy texnologiyalar, yo‘lkirani elektron to‘lash imkonini beruvchi turniketlar, eskalator bilan jihozlangan.

Qo‘yliq bozorigacha bo‘lgan yo‘lning qolgan qismida ham poydevorlar quyulib, tayanch ustunlar o‘rnatish yakunlangan. Balkalar o‘rnatish, bekatlar qurish ishlari davom etmoqda.

Loyihaning ikkinchi bosqichda Qo‘yliq bozori bilan “Olmazor” bekati bog‘lanadi. Uchinchi bo‘lib “Beruniy”, undan keyin “Bodomzor” bekatigacha bo‘lgan qism quriladi. So‘nggi bosqichda esa halqa metro liniyasi yana “Do‘stlik” bekatiga ulanadi.

Shuningdek, prezident Toshkent metropoliteni Sergeli yo‘nalishining qurilishi bilan ham tanishgan.

Loyihaning umumiy qiymati 82,6 million dollar bo‘lib, 7 kilometr temir yo‘l va 6 ta bekat qurilishi belgilangan. Sergeli yo‘nalishi Chilonzor liniyasining "Olmazor" bekatiga ulanadi.

Shu tariqa katta aholiga ega Sergeli tumani shahar markazi va boshqa tumanlari bilan yana bir transport vositasi orqali bog‘lanadi. Jumladan, Sergelidan metroga o‘tirgan yo‘lovchi "Buyuk ipak yo‘li" bekatigacha almashmasdan yetib olishi mumkin.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Yerusti metrosining 2 ta bekati qurib bitkazildi (foto)