23:24 / 03.01.2020
2 735

Straus House ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari yakunlandi

Straus House ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari yakunlandi
Foto: Straus House
Straus House MCHJ ta’sischisi Ibrohim Isroilov va boshqalarga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari o‘z nihoyasiga yetdi. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti ma’lum qildi.

Mazkur jinoyat ishi 2019 yil 25 sentabr kuni IIV huzuridagi Tergov departamenti tomonidan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan qo‘zg‘atilgan.

Tergov jarayonida aniqlanishicha, Straus House MCHJ mansabdor shaxslari O‘zbekistonning turli viloyatlarida yashovchi jismoniy va yuridik shaxslarga Janubiy Afrika Respublikasidan har birining narxi 1 million 800 ming so‘mdan bo‘lgan «ostrich» (qora bo‘yin) zotli tuyaqush jo‘jalarini 90 kun muddat ichida yetkazib berish yuzasidan oldi-sotdi shartnomalarini rasmiylashtirgan.

Ular fuqarolar ishonchiga kirib, keyinchalik yetkazib berilgan tuyaqush jo‘jalarini 12 oydan so‘ng, tirik vaznini 80 ming—90 ming so‘mdan shartnoma asosida qaytarib sotib olish, ushbu jarayonda bepul veterinarlik xizmatini ko‘rsatish yuzasidan va’dalar bergan. 2019 yilning yanvar—iyun oylari davomida jami 731 nafar jismoniy va yuridik shaxs bilan shartnomalar rasmiylashtirgan.

Shartnoma shartlariga ko‘ra, jami 16,1 milliard so‘m (shu jumladan, 3,8 milliard so‘m fuqarolarning kredit mablag‘lari hisobidan) miqdorida to‘lovlarni jamiyatning bankdagi hisob raqami orqali qabul qilib, belgilangan muddatda jami 319 nafar jismoniy va yuridik shaxsga tuyaqush jo‘jalarini yetkazib bermasdan o‘zgalarning 7,2 milliard so‘m miqdordagi pul mablag‘larini shaxsiy ehtiyojlariga sarflab yuborgan.

2019 yilning 25 sentabr kuni Straus House MCHJ ta’sischisi Ibrohim Isroilov Jinoyat protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlanib, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan ayblov e’lon qilingan va «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

2019 yil avgust oyiga qadar Straus House MCHJ hisob raqamiga tuyaqush jo‘jalari uchun jami 13,6 milliard so‘m miqdorda pul mablag‘lari kirim qilinib, ular quyidagi tartibda taqsimlangan:

- 543,8 million so‘m miqdoridagi pullar tuyaqush ozuqasi sotib olish uchun;
- 5,6 milliard so‘m miqdoridagi pullar moliyaviy qarzlar uchun;
- 5,2 milliard so‘m miqdoridagi pullar tuyaqush jo‘jalari uchun;
- 299,9 million so‘m miqdoridagi pullar jamiyat faoliyatini OAVda reklama qilish uchun;
- 296,1 million so‘m miqdoridagi pullar jamiyatga avtomashina sotib olish uchun (2 dona Gentra, 1 dona Spark rusumli avtomashina);
- 302,5 million so‘m miqdoridagi pullar jamiyatning korporativ plastik kartasini to‘ldirish uchun;
- 226,5 million so‘m miqdoridagi pullar xizmat safarlari xarajatlari uchun sarflangan.

Bundan tashqari, Ibrohim Isroilov tomonidan moliyaviy yordam ko‘rinishida olingan o‘zining shaxsiy plastik kartochkasiga ko‘chirib olgan 3,7 milliard so‘m miqdoridagi pul mablag‘laridan 745 million so‘mi avval sodir qilgan firibgarlik jinoyati bo‘yicha moddiy zararni qoplash uchun, qolgan pullar evaziga onasi nomiga Lacetti rusumli, tog‘asi nomiga 1 dona Malibu 2 rusumli, 1 dona Lacetti rusumli avtomashinalar sotib olish uchun, o‘zi yashab turgan uyini qayta ta’mirlash uchun, o‘zi istiqomat qilgan mahallada 700 metr yo‘lga asfalt yotqizish uchun, oilaviy Turkiya, Tailand davlatida dam olish uchun hamda Umra safarlariga borish uchun sarflanganligi aniqlandi.

Jinoyat ishi bo‘yicha jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zararni qoplash maqsadida 2018—2019 yillarda ishlab chiqarilgan 6 ta zamonaviy avtomashina va Isroilov yashab kelgan 3 qavatli uy hatlandi.

Straus House MCHJ hisob raqamidan tuyaqush jo‘jalarini sotib olish uchun import shartnomasiga asosan, Pokistonga o‘tkazilgan 200 ming dollar miqdordagi pul mablag‘larini Tergov departamentining depozit hisob raqamiga qaytarish yuzasidan Pokiston kompaniyasi rahbari bilan aloqa o‘rnatilib, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga so‘rovnomalar yuborilgan.

Hozirda ushbu 200 ming dollar pul mablag‘lari Pokistondan qaytarib olinib, Tergov departamentining hisob raqamiga o‘tkazilgan.
Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari tamomlanib, ayblov xulosasini tasdiqlash va tegishli sudda ko‘rish uchun Bosh prokuraturaga yuborildi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, Straus House MCHJdan jarblanganlar 319 nafarni tashkil etadi. Tergov davomida chuv tushgan fuqarolarning barchasi so‘roq qilindi. Yetkazilgan umumiy zarar 7,2 milliard so‘m bo‘lib, shundan 5,6 milliard so‘mi undirilgan. Naqd pul shaklidagi mablag‘ 1,9 milliard so‘m, hatlangan mol-mulklar miqdori esa 3,7 milliard so‘mdan iborat.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Straus House ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari yakunlandi