18:00 / 16.02.2020
2 561

Komil Allamjonov – AOKAdan ketishi, yangi fond, so‘z erkinligi va gazetalar kelajagi haqida

Komil Allamjonov – AOKAdan ketishi, yangi fond, so‘z erkinligi va gazetalar kelajagi haqida
YouTube`dagi «Ular» loyihasining navbatdagi mehmoni Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov bo‘ldi. Dasturda Allamjonov AOKAdan ketishi, milliy jurnalistika va blogingdagi vaziyatga oid savollarga javob qaytardi.

Uning aytishicha, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligidan ketishi «jamoaning shaxsiy qarori» bo‘lgan.
«Nega deganda, baribir erkin ishlash ishtiyoqi tarozisi og‘irlik qildi», deydi Komil Allamjonov.

«To‘g‘ri, juda ko‘pchilik savol berdi: «Prezident maslahatchisining birinchi o‘rinbosari lavozimidan hech kim o‘z xohishi bilan ketmagan, hech qachon unday bo‘lmaydi. Odamlar bunga erisha olishmaydi-yu, sizlar ariza yozib ketibsizlar?» degan gaplar ham bo‘ldi.

Lekin qadriyatlar biz uchun butunlay boshqa narsada. Lavozim – bugun bor, ertaga yo‘q narsa. Oldimizga qo‘ygan maqsadlarimiz, erishmoqchi bo‘lgan yutuqlarimiz davlat ishi bilan bog‘liq bo‘lmasa, u ishdan ketgan ma’qul
», – deya o‘z iste’fosini tushuntirdi AOKAning sobiq rahbari.

Allamjonov davlat organidan ketgach, oldida qandaydir eshiklar yopilishi mumkinligi haqida savolga shunday javob berdi:
«Fondimiz, jurnalist va blogerlar ovozining jamlanmasi uchun qandaydir eshiklar yopiladigan bo‘lsa, biz qattiqroq taqqilatamiz, eshiklar yopilsa derazadan kirib boramiz. Oldimizga qo‘yilgan maqsad, missiya va vazifani sifatli bajarish uchun kurashamiz, harakat qilamiz».

Allamjonovning «Ular» loyihasida yangragan boshqa fikrlari:
«Mayk Tayson jahonning mutlaq chempioni darajasiga erishganidan keyin ham yana ringda kurash olib borgani [va yengilgani] menga juda qattiq ta’sir qilgan. Shundan so‘ng chempionlik vaqtida ketish kerak ekan, degan fikrga kelganman. Chiroyli kelib, chiroyli ketish — bu juda muhim».

«Jamoatchilik fondimiz asosan jurnalistlar va blogerlarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish, ularni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish, ularni o‘qitish, ularning kasbiy malakalarini oshirish, chet ellarda malaka oshirishlarini ta’minlash, vazirlik va idoralar axborot xizmatlarining OAV bilan ishlashini o‘rgatuvchi kurslar tashkil qilish — umuman, OAV, jurnalistlar va blogerlarni qo‘llab quvvatlash, so‘z erkinligining ta’minlanishiga ko‘mak berish bilan shug‘ullanadi».

«AOKAda ishlagan davrimizda tuhmat yoki yolg‘on ma’lumotlar uchun jinoiy javobgarlikni yengillashtirish masalasini rahbariyatga ko‘tarib chiqdik. So‘z uchun, matbuotda aytilgan gap uchun jurnalist yoki bloger qamalishi kerak emas, degan g‘oyani ko‘tarib chiqdik va prezidentimiz tomonidan bu ma’qullandi».

«Har qanday ijod litsenziyalanishi kerak emas. Ijod erkin bo‘lishi kerak. Bu ham so‘z erkinligiga kiradi».

«Gazetalarning majburiy obunasi to‘xtatilsa — gazeta qolmaydi. Bozorda o‘z o‘rnini topgan gazeta va jurnallardan ayrimlarini aytmasak. O‘zbekistonda 98 foiz gazetalar shu paytgacha majburiy obuna bo‘lib kelgan. Nega majburiy obuna? So‘z erkinligi bo‘lmaganidan keyin gazetalar ham qiziq bo‘lmaydi, odamlarda qiziqish uyg‘otmaydi».

«Hozir zamon o‘zgardi. Majburiy obuna kundan kunga kamaymoqda. Gazetalar ham erkin raqobat, erkin bozor muhitiga sekin-sekin qadam bosmoqda. Agar ular o‘zlarini shunga moslashtirishmasa, albatta ular yopilib ketadi».

«Shaxsiy fikrim: gazeta formatining kelajagi deyarli yo‘q, deb hisoblayman. Chunki hammayoq internetga o‘tib ketyapti, hammayoqda planshet, gadjetlar. Balki, gazetalarning qandaydir kichkina auditoriyasi bo‘lar, lekin – hayot, raqamli texnologiyaga moslashish kerak».

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Komil Allamjonov – AOKAdan ketishi, yangi fond, so‘z erkinligi va gazetalar kelajagi haqida