date
views 3 016

Tilxatlar ochgan tilsimlar

Tilxatlar ochgan tilsimlar
Aslida universitetga kirish uchun yetarli ball to‘plagan abituriyent imtihon paytida sinovdan chetlatildi degan vaj bilan talabalar safiga qabul qilinmadi. Huquq-tartibot idoralari xodimlari abituriyent ustidan tuzilgan qalbaki bayonnomani kim yozganini bilolmay xunob bo‘lishdi. Xadicha Sulaymonova nomidagi respublika sud ekspertizasi markazining hujjatlar kriminalistik ekspertizasi laboratoriyasi xulosasi esa bu holatga oydinlik kiritdi. Unga ko‘ra test sinovlaridan yuqori ball to‘plagan abituriyentga nisbatan qalbaki bayonnoma rasmiylashtirgan shaxs Davlat test markazining xodimi bo‘lib chiqdi.

Tergov hamda sud idoralarining asosiy vazifasi fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, odil tergov va sudlovni amalga oshirish hisoblanadi. Mazkur vazifani bajarishda sud-ekspertiza muassasalari ham muhim rol o‘ynaydi. Sud ekspertlik faoliyati yildan-yilga rivojlanmoqda va bugungi kunda adolatni qaror toptirish, nizolarning qonuniy hal etilishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Hayotda ijtimoiy va iqtisodiy munosabatlar rivojlangan sayin jinoyat turlari, hal etiladigan nizolar ham murakkablashayapti. Shunga qaramay Respublika sud ekspertizasi markazining hujjatlar kriminalistik ekspertizasi laboratoriyasi turli jinoyatlarning ochilishiga beqiyos hissa qo‘shayotganiga u yerda o‘tkazilgan ekspertizalar bilan tanishish jarayonida guvoh bo‘ldik.

Mazkur laboratoriya mudiri Nargis SOLIYEVA bizga ish faoliyati va ekspertiza bilan bog‘liq bir nechta voqealarni so‘zlab berdi:
– Laboratoriyamizda beshta yo‘nalishda ekspertiza o‘tkaziladi. Birinchisi – sud-xatshunoslik ekspertizasi. Bu yo‘nalishda asosan qo‘lda yozilgan tilxatlar va boshqa qo‘lyozmalarning muallifi aniqlanadi.

Misol uchun fuqarolar bir-biridan qarz yoki biror qimmatbaho buyumni vaqtincha ishlatib turishga olganida buni tasdiqlash uchun tilxat yozib beradi. Shunday holatlar bo‘ladiki, keyinchalik ba’zi odamlar o‘zi yozgan tilxatni tan olmaydi. Bunday vaziyatda jabrlanuvchi huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ariza bilan murojaat qiladi va o‘sha tilxatni ham taqdim qiladi. Tergov organlari tilxat bo‘yicha ekspertiza tayinlaydi. Bizning laboratoriyamiz ekspertiza o‘tkazib, ha­qiqatni aniqlab beradi. Albatta, bu jarayonning o‘ziga xos sirlari bor, lekin odamlarimizda ekspertizaga ishonch bo‘lishi uchun bunga qisman to‘xtalaman.

Bu jarayonga tilxat egasi deb gumon qilinayotgan shaxsning avvalgi hamda keyingi qo‘lyozmalari jalb etiladi va o‘sha tilxatdagi yozuvlar bilan solishtiriladi. Barchamizga ayonki, odam yillar davomida o‘ziga qulay usul yaratgan holda shaxsiy yozuvini shakllantirgan bo‘ladi. Erkin holatda yozgan odam aynan o‘zi kashf qilgan usulda qog‘oz qoralaydi. Demak, harflarning o‘xshashligi, ayniqsa, gap boshidagi katta harflar ekspertiza xulosasining poydevori bo‘ladi. Shu tariqa tilxatning egasiga oydinlik kiritiladi. Misol tariqasida ikki voqeani keltiramiz.

Tilxatlar tilga kiradi
Qashqadaryo viloyatidan bir qizning tilxatini ekspertiza qilish vazifasi topshirildi. Bizga ma’lum bo‘lishicha, o‘sha qiz turmushga chiqmasdan homilador bo‘lib qoladi. U oilasidan buni sir tutib, vaqti-soati kelib to‘lg‘oq tutganda boshqa tumandagi tug‘ruqxonaga boradi va u yerdagilarni aldaydi. Ya’ni uyi uzoqdaligi, yo‘lda ketayotgan paytda dardi kelib qolganini, kerakli hujjatlarini olib, yaqinlari uyidan yo‘lga tushganini aytib, yolg‘on gapiradi.

Farzandini dunyoga keltirgach esa bolasini tashlab, yashirincha tug‘ruqxonadan qochib ketadi. Ertasiga huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan surishtiruv boshlanib, qizning manzili aniqlanadi. Bu ishga o‘sha hududning uchastka noziri jalb etilgani uchun barcha tashkiliy ishlarni o‘sha xodim bajaradi. Uchastka nozirini keltirib o‘tishimizning sababi bor. Bunga yana to‘xtalamiz.

Xullas, o‘sha paytda qiz bolasidan voz kechadi. Ammo bir necha oydan so‘ng u bolasidan voz kechmagani, uni shunday qilishga majburlashgani, bola uchastka noziridan ekanligini iddao qilib, tuman prokuraturasiga ariza bilan murojaat qiladi. Tekshirishlarda esa qiz o‘z tilxatiga asosan boladan voz kechgani va bolani boshqa bir oila boqib olgani ma’lum bo‘ladi. Biroq u tilxat o‘ziniki emasligi, buni kimdir jinoyatini yashirish maqsadida uning nomidan yozganini aytadi. Bunga oydinlik kiritish uchun ekspertiza tayinlanadi.

Tergovchi o‘sha tilxat bilan bu ish bo‘yicha guvohlardan olingan, qo‘lda yozilgan barcha ko‘rsatmalarni olib kelib laboratoriyamizga topshirdi. Solishtirganimizda qizning opasining yozuvi tilxatdagi yozuvlarga o‘xshashligi ma’lum bo‘ldi. Shundan keyin bunga yanada aniqlik kiritish uchun ekspertizaga gumondor shaxsning ishxonasidan unga tegishli qo‘lyozmalar keltirilib, yana solishtirildi va bu tilxatni o‘sha qizning opasi yozgani aniq bo‘ldi. U bu tilxatni yozganini tan olib, bosh­qa qilmish­lariga ham iqror bo‘ldi.

Ma’lum bo‘lishicha, opa-singil kelishgan holda go‘yo ona boladan voz kechib, uni tug‘ruqxonaga tashlab ketgandek «spektakl» sahnalashtirishadi. Aslida go‘dakni farzandsiz bir oilaga katta pulga sotib yuborishadi. Bolani rasmiylashtirish ishlarini esa boshqa shaxslar imi-jimida qilib beradi. O‘sha paytda uchastka noziri qizni topib, bu ishga mahalla faollarini ham jalb qilgan holda tug‘ruqxonaga olib boradi va farzandini rasmiylashtirishni talab qiladi.

Qiz qilmishlari ovoza bo‘lishida uchastka nozirini ayblaydi va vaqti kelib undan qasd olishni diliga tugib qo‘yadi. Uning bu ishlari esa aynan qasd olish uchun tashkillashtirilgan ekan. Shundan so‘ng odam savdosiga qo‘l urgan opa-singil va bu ishga aloqador boshqa shaxslar ustidan ham jinoyat ishi ochildi. Aybdorlar sud hukmi bilan jazoga tortildi. Birovga choh qazisang o‘zing shu chohga tushasan deb bejiz aytishmaydi.

Test markazidagi o‘yin
Bundan bir necha yil avval Qarshi davlat universitetiga kirish uchun test topshirgan abituriyent javoblar chiqqanida ro‘yxatdan o‘zini topa olmaydi. U qabul komissiyasiga murojaat qilganida, unga imtihon paytida javoblar varaqasini yirtib qo‘ygani uchun bayonnoma rasmiylashtirilib, imtihondan chetlatilganini aytishadi. Haqiqatda esa u o‘sha kuni test sinovidan chetlatilmagan, aksincha, imtihonni muvaffaqiyatli topshirib chiqqan edi.

Abituriyentning ota-onasi mazkur holatga oydinlik kiritish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ariza bilan murojaat qiladi. Bu ish bo‘yicha surishtiruv boshlanadi. Qisqa vaqt ichida abituriyent to‘ldirgan javoblar varaqasi va u ishlagan savollar varianti topilib tekshirilganida u yuqori ball to‘plab universitetga kirgani ma’lum bo‘ladi. Demak, iqtidorli abituriyentning ballari inobatga olinmasligi uchun kimdir shu yo‘ldan foydalangan.

Agar imtihon paytida abituriyent qonun-qoidalarga zid harakat qilsa, o‘sha guruh nazoratchisi tomonidan bayonnoma tuziladi va u sinovdan chetlashtiriladi. Tergovchi soxta bayonnomani kim yozganiga aniqlik kiritish uchun ekspertiza tayinlaydi va tegishli hujjatlarni laboratoriyamizga taqdim qiladi. Bayonnomadagi yozuvlarni solishtirib ko‘rish uchun bizga 200 dan ortiq kishining qo‘lda yozilgan ko‘rsatmalarini berishdi. Ko‘rsatma egalari imtihonda qatnashgan nazoratchilar, javoblar varaqasini poytaxtga olib kelgan universitet mas’ullari va uni tekshirish jarayonida qatnashgan Davlat test markazi xodimlari edi.

Asosiy gumondor sifatida qaralayotgan shaxs imtihon kuni o‘sha guruh nazoratchisi bo‘lgan Qarshi davlat universitetining yoshi ulug‘ o‘qituvchisi ekan. Tabiiyki, bu yoshdagilar kirill alifbosida yozishadi. Bayonnoma esa lotin alifbosida yozilgan edi. Bu holat bizga kalavaning uchini topib berdi. 200 ta ko‘rsatma orasida test markazining yoshgina xodimi tomonidan qisqagina qilib yozilgan ko‘rsatma e’tiborimizni tortdi. U lotin alifbosida yozilgan va bayonnomadagi yozuvlarga mos kelardi.

Tergovchidan shu xodim o‘zining faoliyati jarayonida yozgan boshqa yozuvlarni ham taqdim etishini so‘radik. Unga tegishli boshqa yozuvlarni keltirib berishgach esa bayonnomani test markazining o‘sha xodimi yozgani aniq bo‘ldi. Tergov jarayonida ma’lum bo‘lishicha, Davlat test markazida oshpaz bo‘lib ishlayotgan bu shaxs bayonnomani markazning boshqa mas’ul xodimlari topshirig‘i bilan yozgan ekan. Birgina sud-xatshunoslik ekspertizasi ortidan markazdagi jinoiy guruh qilmishlari fosh etildi.

Muhr va imzo mojarosi
Ikkinchisi – sud-texnik ekspertiza. Bunda fuqarolarning imzolari, muhrlar hamda xorijga chiqish bilan bog‘liq turli hujjatlarning haqiqiyligi va boshqa shunga o‘xshash holatlar tekshiriladi. Ayni vaqtda imzo va muhrni soxtalashtirgan holda sodir etilgan jinoyatlar birmuncha ko‘paydi. Misol uchun, yaqinda shunday ekspertiza o‘tkazdik. Bir ayol sog‘lig‘ini tiklashga, ya’ni jarrohlik operatsiyasi o‘tkazish uchun xorijga ketadi.

Uning tug‘ishgan jigarlari bundan foydalanib, ayolning imzosini soxtalashtirib, firmadagi ulushini o‘ziniki qilib olishgan va pullarni talon-toroj qilib yuborishgan ekan. Bu ayol bir necha oydan keyin yurtimizga qaytganida shunday holatga duch keladi. Ekspertizada imzolarning boshqa shaxs tomonidan qo‘yilgani aniqlandi va bu bo‘yicha xulosa sudga taqdim etildi. Shu asnoda bir jinoyat ochilib, haqiqat qaror topdi.

Keyingi yillarda yurtimizdan Umra safariga boruvchilar soni keskin ko‘paydi. Bu jarayondan esa ba’zi vijdonsiz kimsalar foydalanib qolishga urinmoqda. Ma’lumki, qaysi davlatga bormoqchi bo‘lsangiz o‘sha davlatning yurtimizdagi elchixonasidan viza olish talab etiladi, albatta ba’zi davlatlarga chiqishda bunday tartib yo‘q. Lekin biz keltirmoqchi bo‘lgan voqeada viza olinishi lozim edi. Xullas, Umraga borishni niyat qilgan fuqarolar navbati bilan jo‘natiladi.

Ammo ba’zi noinsof­lar bu ishlarni ma’lum haq evaziga navbatsiz qilib berishlarini, shunday xizmatlar bilan shug‘ullanuvchi firmasi borligini aytadi. Hujjatlarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq yugur-yugurlarga toqat qila olmaydigan fuqarolar ularning xizmatidan foydalanadi. Lekin aeroportdan uchib ketadigan vaqtda ularning vizalari qalbakiligi ma’lum bo‘lib, samolyotga chiqishga ruxsat berishmaydi. O‘sha vizalar bo‘yicha ham laboratoriyamizda ekspertiza o‘tkazildi va ularning haqiqatan qalbaki ekanligi ma’lum bo‘ldi. Bu ishni qilganlar esa jinoiy javobgarlikka tortildi.

Ichki ishlar xodimlari ham imzolarni soxtalashtirgan holatlar uchrab turadi. Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanida yashovchi fuqaro yo‘l qoidasini buzgani uchun qo‘llangan jarimani vaqtida to‘lamagani bois ish sudga oshiriladi. Shundan so‘ng haydovchi yo‘l qoidasini buzmaganini bayon qilib, tegishli joyga ariza yozadi. Surishtiruv jarayonida unga yo‘l-patrul xizmati ins­pektori tomonidan tuzilgan protokolni ko‘rsatishadi va dalolatnoma tagida qoidani buzganini tan olib imzo qo‘yib berganini ham iddao qilishadi. Haydovchi imzo o‘ziniki emasligini aytganida, bu bo‘yicha ekspertiza tayinlanadi. Ekspertiza esa imzo haydovchiniki emasligini tasdiqlab berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, yo‘l-patrul xizmati inspektori yo‘lovchi mashinani to‘xtatib, qoidani buzganini aytadi va bu holatni «protokol»ga rasmiylashtiradi. Ammo haydovchi qoidani buzmaganini, noo‘rin ayb­lanayotganini inspektorga tushuntirishga harakat qiladi. Xullas, o‘rtada tortishuv bo‘ladi va haydovchi «protokol»ga imzo qo‘yishdan bosh tortib, voqea joyidan ketib qoladi. Inspektor esa bu holatni guvohlar ishtirokida rasmiylashtirishi talab etilardi. Biroq u «protokol»ga haydovchining o‘rniga o‘zi imzo qo‘yib yuborgan ekan.

Shundan so‘ng noqonuniy ishga qo‘l urgan YPX xodimiga nisbatan huquqiy chora ko‘rildi.
* * *
Uchinchisi sud-siyosatshunoslik ekspertizasi bo‘lib, bunda ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan yoki kitob shaklida bosilgan ekstremistik g‘oyalarni targ‘ib qiluvchi maqolalar hamda asarlarning mualliflari aniqlanadi. Bu kabi g‘oyalar mualliflari hech qachon o‘z ism-familiyasini ko‘rsatmaydi, taxallusdan foydalanadi. Bu kimsalarning shaxsi sud-siyosatshunoslik ekspertizasi orqali aniqlanadi.

Laboratoriyamizda o‘tkaziladigan to‘rtinchi ekspertiza sud-filologiya ekspertizasi bo‘lib, unda hikoya, roman va boshqa asarlarning haqiqiy muallifi kimligiga oydinlik kiritiladi. Masalan, bir odam kitob chiqargandan so‘ng ikkinchisi mening asarimdan foydalangan deb uni sudga beradi. Shu kabi holatlarga sud-filologiya ekspertiza xulosasi yechim topib beradi.

Beshinchisi esa sud-lingvistika ekspertizasi bo‘lib, unda audioyozuvdagi ovoz kimga tegishliligi aniqlanadi. Bunga ko‘p misol keltirish mumkin. Bu bo‘yicha ekspertizaga asosan poraxo‘rlik, firibgarlik jinoyatlari bo‘yicha ishlar keladi.

Bugungi kunda firibgarlik shu qadar «rivojlanib» ketdiki, uning turli ko‘rinishlari bilan bog‘liq ishlar laboratoriyamizga tez-tez kelmoqda. Kimdir uyini yoki mashinasini sotadi. Shundan so‘ng olgan odamdan rasmiylashtirishgacha bo‘lgan oraliqda kelishuvdagi pulning bir qismini bo‘nak sifatida olib, tilxat yozib beradi. Uy yoki mashinani rasmiylashtirish uchun kelishilgan kuni esa oluvchi sotuvchini topa olmaydi.

Ikki kun oldin yozilgan tilxat esa o‘chib ketgan bo‘ladi. Oluvchi o‘sha odamni topib, bo‘nak uchun pul olib qolganini eslatsa, u sizni birinchi bor ko‘rib turibman, odamga tuhmat qilmang deb surbetlik qiladi. Ma’lum bo‘lishicha, firibgarlar buni oldindan rejalashtirib, qisqa vaqt ichida siyohi o‘chib ketadigan ruchka bilan tilxat yozib berishar ekan. Ayni paytda laboratoriyamizda shunday ruchkalarda yozilgan yozuvlarga aniqlik kiritib beruvchi uskuna bor.

Har bir ekspertiza xulosasini tegishli joyga yuborayotganda albatta ushbu xulosa jinoyatni ochishda yoki nizoni hal qilishda qanday ahamiyat kasb etganini bilish uchun o‘sha idoraga xat jo‘natamiz. Aksariyat jinoyat ishlari bilan bog‘liq ekspertizalar bo‘yicha tergov idoralaridan minnatdorchilik xatlari olamiz. Lekin fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarning mas’ullari ekspertizalarimiz qanday ahamiyat kasb etgani xususida xat yo‘llash u yoqda tursin, telefon orqali ham rahmat aytishmaydi. Bu kabi holatlardan ba’zan laboratoriyamiz jamoasi qattiq xafa ham bo‘ladi. Chunki shunday holatlar bo‘ladiki, ekspertiza xulosasini tayyorlashda ba’zan oylab, yillab izlanish olib boramiz.

Shu o‘rinda fuqarolarimizni o‘ta hushyor bo‘lishga chorlayman. Hatto pasportingiz nusxasini ham birovga ishonib topshirmang. Agar yuqorida keltirib o‘tilgan vaziyatlarga tushib qolsangiz, markazimiz yordamidan bemalol foydalanishingiz mumkin.
* * *
Xulosa qiladigan bo‘lsak, sud ekspertizasi odil sudlovni amalga oshirishga ko‘maklashadi. Sud majlisida taraflar bergan bayonot, guvohlar bergan ko‘rsatmalar muhim o‘rin egallasa-da, sud ekspertizasi orqali aniqlangan dalillar ham o‘ziga xosligi, ishonchliligi, ob’ektivligi bilan ajralib turadi.

Kamoliddin ASQAROV
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Tilxatlar ochgan tilsimlar