
Prezident Shavkat Mirziyoyev 1 dekabr kuni eksport salohiyatini oshirish va tadbirkorlarning davlat xizmatlaridan foydalanishini soddalashtirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Taqdimotda tadbirkorlar uchun barcha davlat va xususiy xizmatlarni bir joyga jamlaydigan «Biznes hamroh» markazini ochish taklif qilindi.
Taqdimotda ta’kidlanishicha, O‘zbekiston 2030-yilga qadar eksport hajmini 45 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilib qo‘ygan. Mazkur ko‘rsatkichga erishish uchun an’anaviy bozorlar bilan cheklanmasdan yuqori marjali yangi bozorlarga chiqish zarur. Taqdimotda istiqbolli bozor hisoblangan mamlakatlar bilan imtiyozli savdoni yo‘lga qo‘yish, savdo-iqtisodiy munosabatlarni faollashtirib, eksport-import hajmi o‘sishiga mos ravishda chegara o‘tkazish punktlari infratuzilmasi va quvvatini kengaytirish zarurligi qayd etildi.
Mutasaddilar mahsulotlarning tashqi bozorlarda egallagan o‘rni, talab yuqori bo‘lgan tovar turlari, xorijiy sheriklar bilan amalga oshirilayotgan hamkorlik loyihalari hamda eksportni diversifikatsiya qilish bo‘yicha bajarilayotgan ishlar yuzasidan axborot berdi.
Bugungi kunda 81 ta davlat idorasi tomonidan tadbirkorlarga 739 turdagi xizmat ko‘rsatilmoqda. Lekin 576 turdagi xizmatlar tarqoq holda ko‘rsatilgani uchun tadbirkorlar hujjat yig‘ib, idorama-idora sarson bo‘layotgani ko‘rsatib o‘tildi. Masalan, go‘sht mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun 17 ta bosqichdan o‘tish, 10 ta idoraga borish kerak.
Shu bilan birga, buxgalteriya, soliq, eksport va sertifikatlash bo‘yicha konsalting xizmati ko‘rsatadigan yagona xususiy servis maydoni mavjud emas. Bunday xizmatlarni banklar, sug‘urta kompaniyalari, birja, brokerlar va logistika operatorlari, biznes ta’limi va trening dasturlari bilan integratsiya qilish mumkin.
Taqdimotda tadbirkorlar uchun barcha davlat va xususiy xizmatlarni bir joyga jamlaydigan «Biznes hamroh» markazini ochish taklif qilindi.
Rejaga ko‘ra, Savdo-sanoat palatasi huzurida tashkil etiladigan markazlarda barcha davlat va xususiy xizmatlarni «yagona darcha» tamoyili asosida bir joyda, yagona elektron platforma orqali ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi. Tadbirkorlarning murojaatlariga tun-u kun javob beradigan «koll-markaz» ham tashkil etiladi.
Prezident taklifni ma’qullab, markaz tadbirkorlik subyektini tashkil etishdan tortib, faoliyatini yo‘lga qo‘yish, tayyor mahsulotlarni sotish va eksport qilishgacha bo‘lgan barcha sohalarni qamrab olishi zarurligini ta’kidladi. Mutasaddilarga bu borada tegishli topshiriqlar berildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.