
Oliy qiymatdagi kupyura: yangi manat va betaraflik yubileyi
1 dekabrdan boshlab Turkmaniston Markaziy banki 200 manatlik banknotani aylanmaga kiritdi. Bu yangi kupyuraning muomalaga chiqarilishi mamlakatning doimiy betaraflik maqomiga ega bo‘lganining 30 yilligiga bag‘ishlandi. Eng muhimi, ushbu pul belgisi va modifikatsiya qilingan boshqa kupyuralar polimer (plastik) materialdan tayyorlangan.
Yangi 200 manatlik kupyuraning old tomonida Arqadag‘ haykali, orqa tomonida esa Arqadag‘ shahri hokimligining ma’muriy binosi tasvirlangan. Shu bilan birga, qiymati 1, 5 va 10 manat bo‘lgan kupyuralar ham polimer asosda qayta ishlandi. Ularining umumiy rangi va ko‘rinishi saqlab qolingan, ammo 2025 yilni Xalqaro tinchlik va ishonch yili deb belgilagan maxsus emblema qo‘shilgan.
Markaziy Osiyoda birinchi: polimer pulning afzalliklari
Turkmaniston Markaziy Osiyoda plastik pulni muomalaga kiritgan birinchi davlat bo‘ldi. Markaziy bankning tushuntirishicha, polimer banknotlar soxtalashtirishga qarshi kuchli himoyaga ega ekanligi va tashqi ta’sirlarga — ifloslanish, yeyilish va namlikka juda chidamli ekanligi bilan ajralib turadi. Polimer pullar qog‘ozga nisbatan 2-3 marta uzoq xizmat qiladi, oson yirtilmaydi va bakteriyalarni kamroq to‘playdi. Bundan tashqari, eskirgan polimer kupyuralarni qayta ishlash mumkin, bu ularni tabiatga zarari kam qiladi.
Qora bozor va tarixiy faktlar
Shu bilan birga, Turkmaniston manatining ko‘p yillardan beri belgilangan rasmiy qiymati 1 dollar uchun 3,5 manatni tashkil etadi, ammo "qora bozorda" bu qiymat 19-20 manatgacha boradi. Markaziy bankning ta’kidlashicha, avvalgi qog‘oz pullar mamlakat hududida qonuniy to‘lov vositasi bo‘lib qoladi. Ta’kidlash joizki, Avstraliya 1988 yilda dunyoda birinchi bo‘lib plastik pullarni joriy qilgan va keyinchalik qog‘oz valyutadan butunlay voz kechgan birinchi mamlakat hisoblanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.