15:08 / 13.03.2020
4 562

"Qaysi tilda yozsang yoz, faqat o‘zbek tilida yozma!"

"Qaysi tilda yozsang yoz, faqat o‘zbek tilida yozma!"
O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 30 yildan oshgan bo‘lsa-da, hamon ona tilimizda to‘g‘ri yozolmayapmiz, eplab gapirolmayapmiz. Ayniqsa, Toshkent ko‘chalarini aylanib, haqiqatan ham o‘zingizni go‘yo Moskva yoki Yevropa shaharlarida yurgandek his qilasiz. Chorak asrdan buyon o‘zbek tiliga bo‘lgan e’tiborni kuchaytirish, til me’yorlariga amal qilishimiz lozimligi haqida ko‘p va xo‘p gapirib kelyapmiz, siyqasi chiqquncha yozdik, hamon yozayapmiz, lekin natijasi eski tos, eski hammom.

Yaqinda O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi dasturiy vazifalaridan kelib chiqib, Toshkent shahrining Chilonzor, Olmazor va Shayxontahur tumanlarida joylashgan jamoat joylari, ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalari, bozorlarda “Davlat tili haqida”, “Reklama to‘g‘risida” va “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi qonunlar normalarining qo‘llanilishi darajasini o‘rgandi.

Partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a’zolari, partiya Markaziy va Toshkent shahar kengashi faollaridan iborat ishchi guruh poytaxtimizning turli hududlarida o‘rganish olib bordi va va bu boradagi ahvol tasavvurimizdagidanda yomon ekan, degan xulosaga kelindi.

Aniqlanganidek, xizmat ko‘rsatish va savdo shaxobchalari peshtoqiga yozilgan lavhalar, e’lon va narxnomalarning 70-80 foizi rus va boshqa tillarda yozilgan. O‘zbek tilida bitilganlari esa atigi 15-20 foizni tashkil qiladi, xolos. Aralash tillarda yozilganlari ham ko‘p. “Open”, “close”, “sale”, “market”, “boutique”, “Tort city”, “Sity”, “balansirovka”, “parfum” kabi odamning ensasini qotiradigan so‘zlar har qadamda uchraydi. Ayrimlari shunchalik xatoliklar bilan yozilganki, o‘qigan odamda buni yozgan shaxs maktab ko‘rmagan bo‘lsa kerak, degan tasavvur paydo bo‘ladi.

— Chilonzor tumanining Qatortol va Chilonzor ko‘chalaridagi savdo va xizmat ko‘rsatish shaxobchalari peshtoqidagi xatoliklarga asosan xususiy tadbirkorlar tomonidan yo‘l qo‘yilgan, — deydi O‘zMTDP fraksiyasi a’zosi A’zamjon To‘laboyev. — O‘zbekiston Respublikasi “Davlat tili haqida”gi qonunning 20-moddasida lavhalar, e’lonlar, narxnomalar va boshqa ko‘rgazmali hamda og‘zaki axborot matnlari davlat tilida rasmiylashtirilishi, e’lon qilinishi va boshqa tillarda tarjimasi berilishi ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, bu talabga umuman rioya qilinmagan.

Hamma bilganicha va o‘zi xohlagan tilda, yozuvda yozavergan. Menimcha, tadbirkorlar uchun davlat tilidan boshqa tillarda reklama berish yoki peshlavhalarni tayyorlash — biznes muvaffaqiyatining kalitiga aylangan. Ya’ni, «Qaysi tilda yozsang yoz, faqat o‘zbek tilida yozma» qabilida ish tutilgan.

Mayli, xususiy tadbirkorlarni qo‘yib turaylik, davlat muassasalarida ham “Davlat tili haqida”gi va “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi qonunlarga amal qilmayapti. Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ham lotin, ham krill alifbosidan foydalanilyapti, devorlarga osilgan e’lon va lavhalarda ko‘plab grammatik xatoliklarga yo‘l qo‘yilgan. Jamoat transportlaridagi yozuvlar ham lotin, ham kirillda bo‘lib, so‘zlarni xato yozish odatiy holga aylangan.

— Til va yozuvimizning bunday ahvolga kelib qolganining asosiy sababi, qonunbuzarlarni jazolaydigan, nazorat qiladigan tashkilotning yo‘qligida deb bilaman, — deydi Oliy Majlis Qonuchilik palatasi deputati, O‘zMTDP fraksiyasi a’zosi Abumalik Akramov. — Masalan, yo‘l qoidasini buzsangiz, DAN xodimi tezda jarimaga tortadi. Soliqlarni o‘z vaqtida to‘lamasangiz, majburiy ijro byurosi darrov eshigingizni taqillatadi.

Lekin qonun yo‘li bilan tartibga solingan Ona tilimiz me’yorlarini buzsangiz, hech kim sizni bezovta qilmaydi. O‘zbekiston Respublikasining “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeksining 42-moddasida Davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya qilmaganlarga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan ikki baravarigacha bo‘lgan miqdorda jarima solinishi ko‘rsatib o‘tilgan bo‘lsa-da, uning ijrosi bilan hech kim shug‘ullanmagan. Shu sabab, hamma bilgan kuyini chalmoqda.

— “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 20-moddasida reklama tarqatuvchilar reklama uchun ajratilgan efir vaqti, nashr yoki reklama maydoni umumiy yillik hajmining 5 foizidan kam bo‘lmagan hajmda ijtimoiy reklamali axborotni joylashtirishi shartligi belgilangan, — deydi O‘zMTDP fraksiyasi a’zosi Muborak Ahmedova. — Lekin shahar ko‘chalarini aylanib, ijtimoiy rekalamalarga deyarli ko‘zimiz tushmadi. Borlari ham ijtimoiy reklamalarning atigi 1-2 foizni tashkil qiladi, xolos.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasining davlat tilining qo‘llanilishi bo‘yicha nazorat-tahlil tadbiri yuzasidan olib borilgan dastlabki o‘rganishlardan quyidagi xulosaga kelindi.

“Davlat tili haqida”, “Reklama to‘g‘risida” va “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi qonunlar normalarini tanqidiy tahlildan o‘tkazish zarur. Til normalari bilan bog‘liq qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish va o‘zbek tilini o‘rganish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilishi lozim.

O‘zMTDP Axbrot xizmati

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » "Qaysi tilda yozsang yoz, faqat o‘zbek tilida yozma!"