23:47 / 21.03.2020
3 091

Ijtimoiy tarmoqlardan salomatlikka zarar yetkazmay foydalanish bo‘yicha 6 ta maslahat

Ijtimoiy tarmoqlardan salomatlikka zarar yetkazmay foydalanish bo‘yicha 6 ta maslahat
Foto: UPI
Amerika psixiatrlari assotsiatsiyasi tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnomaga ko‘ra, aksariyat internet foydalanuvchilari ijtimoiy tarmoqlar salomatlikka zarar yetkazadi, deb hisoblaydi. So‘ralganlarning faqat 5 foizi ijtimoiy tarmoqlar salomatlikka ijobiy tasir ko‘rsatadi, deb hisoblaydi. Yana 45 foiz foydalanuvchi esa ijtimoiy tarmoqlar ham foydali, ham zararli deb javob bergan.

«Layfxaker» ekspertlarning ijtimoiy tarmoqlardan ruhiy va jismoniy salomatlikka zarar yetkazmasdan foydalanish yuzasidan tavsiyalarini keltirdi.

Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish vaqtini cheklang
Oila davrasida ovqatlanayotganingizda yoki farzandlaringiz bilan vaqt o‘tkazayotganingizda ijtimoiy tarmoqlarda nima bo‘layotgani bilan qiziqmang.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar sizning ishingizga, katta loyihalarni amalga oshirishingizga yoki hamkasblar bilan suhbatlashishingizga xalaqit bermayotganiga ishonch hosil qiling. Uxlayotganda smartfonni o‘zingizdan uzoqroqqa qo‘ying.

Raqamli detoks o‘rnating
Raqamli detoksikatsiya — bu ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishda tanaffus qilish.
Bir necha tadqiqotlar natijasida Facebook’dan besh kun yoki bir hafta dam olish stress darajasini pasaytirib, hayotdan qoniqish hissini oshirishi tasdiqlangan.
Ijtimoiy tarmoqlarga kamroq vaqt sarflashning yana bir yo‘li — ularni smartfondan o‘chirib tashlash. Boshida qiyin bo‘ladi, bora-bora ko‘nikasiz.

O‘zingizni qanday his etayotganingizga e’tibor bering
Ijtimoiy tarmoqlar o‘zingizni qanday his etishingizga ta’sir o‘tkazishini tekshirib ko‘rishingiz mumkin. Buning uchun sevimli tarmog‘ingizga sutkaning turli vaqtida kirib ko‘ring. Masalan, kun mobaynida qisqa vaqt ijtimoiy tarmoqlarga mo‘ralash kayfiyatingizni ko‘tarishi mumkin. Bir marta kirishda 45 daqiqa Facebook’da o‘tirish esa charchatadi. Shuning uchun ijtimoiy tarmoqlarga sarflayotgan vaqtingizni nazorat qiling.

Agar dam olishda tushgan rasmlaringiz bilan maqtana olmasangiz, vaqtincha ijtimoiy tarmoqlarga kirmay turing. Shunda tanishlaringizning chet elda o‘tkazayotgan hordiq suratlarini ko‘rib, o‘z hayotingizdan qoniqmaslik hissi paydo bo‘lmaydi.

Ijtimoiy tarmoqlardan aniq maqsad bilan foydalaning
Agar har kuni ertalab uyg‘onganingizdan Twitter’ga kirishni odat qilgan bo‘lsangiz, aniqlashtirib oling: Bu ishni siz yangiliklardan boxabar bo‘lish uchun qilyapsizmi yoki zerikarli hayotingizdan biroz uzoqlashish uchunmi?

Facebook’ka ma’lum bir tanishingiz bilan bog‘lanish uchungina kiring. Twitter’ga yangiliklarga ehtiyoj sezsangiz mo‘ralang. Ijtimoiy tarmoqlarning har bir turi ma’lum maqsad bilan ishlatilishi kerak.

Ijtimoiy tarmoqlarda kimni yoki nimani kuzatayotganingizni nazorat qiling
Ijtimoiy tarmoqlarda sahifa ochganingizdan keyin ko‘plab onlayn do‘stlar orttirgan bo‘lishingiz tabiiy. Shuningdek, ko‘plab yangiliklar kanallari yoki boshqa axborot manbalariga obuna bo‘lgansiz. Bu kontentning bir qismi sizga haligacha qiziq, qolgani esa lentangizni to‘ldirib, asabingizni buzayotgan bo‘lishi ham mumkin. Shuning uchun sizga qiziq bo‘lmagan guruhlardan chiqing, hech qachon gaplashmaydigan tanishlaringizni esa yaxshisi do‘stlar ro‘yxatidan o‘chiring.

Yaqinda o‘tkazilgan tadqiqot Facebook’dagi do‘stlarining postlarini o‘qiydigan internet foydalanuvchilari o‘z hayotini ularniki bilan solishtirib, bundan hasad hissiga duch kelishini ko‘rsatgan.

Jonli muloqotga ko‘proq vaqt ajrating
Amakivachchangiz yoki xolavachchangizning hayotida yuz berayotgan voqealardan boxabar bo‘lish uchun Facebook’dan foydalanishingiz yomon emas. Biroq agar uni hech bo‘lmasa bir necha oyda bir marta uyiga borib ko‘rishni unutmayotgan bo‘lsangiz, albatta.

Internet orqali yozishmalar yaxshi, lekin suhbatdoshingiz bilan yuzma-yuz o‘tirib suhbatlashishga nima yetsin, to‘g‘rimi? Onlayn yozishmalar jonli muloqotga vaqt qoldirmay qo‘ymasin, shunga ishonch hosil qiling.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ijtimoiy tarmoqlardan salomatlikka zarar yetkazmay foydalanish bo‘yicha 6 ta maslahat