09:25 / 24.03.2020
3 301

«Jim o‘tir, bervoraman» — serial ko‘rayotgan ona qiyofasi

«Jim o‘tir, bervoraman» — serial ko‘rayotgan ona qiyofasi
Xorijiy seriallar namoyish etilmasligi uchun kurashdik. Fikr bildirdik, tarbiyamizga, farzandlarimizga, ayollarimizga yomon ta’sir qilayotganini «isbotladik». Xullas, milliy kinolar ishlashga ko‘proq e’tibor qaratildi, natijada xorij seriallarining namoyishi kamaydi. Quvondik.

Lekin onaxonlar, uy bekalari, kelinlar nima ko‘rayapti? Mentalitetimizga yot bo‘lgan xorijiy serial namoyishi cheklangani bilan ayollarimiz bo‘sh vaqtida kitob o‘qiyaptimi?
Yo‘q, afsuski, ularni kitobga qiziqtira olmadik. Ular haliyam serial ko‘rayapti. Bir telekanalda tugasa, ikkinchisida boshlanadi.

…Abdualim ota Mirsodiqov saksonni qoraladi. Ko‘pni ko‘rdi. Ikki farzandining turmushi o‘xshamadi. Nabiralarining qora ko‘zlaridagi alamli yoshlarni ko‘rdi. Mana, oilasi buzilgach nomus qilib o‘zini o‘ldirgan qizining o‘g‘lini katta qilayapti. Kelini shu nabirasini tergayotganini ko‘p ko‘rgan. Ichidan zil ketsa-da, yaxshi gap bilan kelinini bu yo‘ldan qaytarishga urinadi. Bola-da, sho‘xlik qilgisi keladi. Keliniga ham insof kirib, xatosini tushunib yetishini kutadi. Ammo…

Kecha serial ko‘rib o‘tirgan kelinining dakki berayotgani ustiga kelib qoldi.

U «Hey, jim o‘tir, sendaqa esi yo‘q bolani hozir itlarga berib yuboraman. Sho‘xlik qilgan bolani olabo‘ji obketadi. Kino ko‘rayotganimda shovqin qilma deb ogohlantirgandim-ku…» der edi. Abdualim ota tomoq qirdi. O‘z farzandini ham shunday koyiydigan, har ikki gapning birida bolalarni qo‘rqitib jim qilishga urinadigan kelini buni eshitmadi. To‘g‘rirog‘i, parvo qilmadi. Nahotki shu kino onalik, ayollik mehridan ustun bo‘lsa…

Ona deganda mehridaryo, farzandi uchun fidoyilikka tayyor zot ko‘z oldimizga keladi. Lekin turmush o‘rtog‘ini o‘ldirish uchun 50 ming AQSH dollariga odam yollagan ayol, ayolning xiyonati, farzandlarini ham o‘ylamay tashlab ketishi haqidagi xabarlarga tez-tez duch kelayapmiz.

Bugungi jadal taraqqiyot an’analarni yemirayaptimi? Insoniylikka daxl qilayaptimi? Savollar ko‘p, javobi esa qo‘rqinchli.
Biz yuqorida tilga olgan serial ko‘rayotgan ona qiyofasi bu kabi illatlarning, adashishlarning boshlanishi bo‘lmasin ishqilib…

Barno Meliqulova

Manba: Huquq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Jim o‘tir, bervoraman» — serial ko‘rayotgan ona qiyofasi