22:06 / 25 марта 2020
1 046

Advokatlar noroziligaga sabab bo‘layotgan qonunga prokuroratura munosabat bildirdi

Advokatlar noroziligaga sabab bo‘layotgan qonunga prokuroratura munosabat bildirdi
Oliy Majlis Senati tomonida «Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi to‘g‘risida»gi Qonunning 6-moddasiga kiritilgan o‘zgartirish advokatlarning keskin noroziliga sabab bo‘ldi.

Ayni o‘zgartirishni «xalkaro huquq me’yorlariga zid hisoblanib», «milliy qonunchiligimiz obro‘siga putur yetkazadi», deya talqin qilayotgan soha vakillari ham yo‘q emas.
Bosh prokuratura vaziyatga munosabat bildirar ekan, aytilayotgan xavotirlar, talqinlar o‘rinsiz va asossizligiga urg‘u berdi.

Mahkama matbuot xizmati tarqatgan bayonotga ko‘ra, shu paytga qadar ham 1998 yilda qabul qilingan «Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi to‘g‘risida»gi Qonunning 6-moddasiga muvofiq advokatning telefon va boshqa so‘zlashuv qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarini eshitib turish, uning pochta-telegraf jo‘natmalarini ko‘zdan kechirish kabi tezkor-qidiruv tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori, Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori, viloyat, Toshkent shahar prokurori va ularga tenglashtirilgan prokurorlarning sanksiyasi bilan amalga oshirilib kelinmoqda.

Senat ma’qullagan Qonunga asosan kiritilgan o‘zgartirishlar esa, «Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi to‘g‘risida»gi Qonunning 6-moddasini «Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida»gi Qonunga muvofiqlashtirmoqda, xolos.

Ya’ni, «Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida»gi Qonunning 14-moddasiga ko‘ra, tezkor-qidiruv tadbirlarining turlariga telefonlar va boshqa so‘zlashuv qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarni eshitishdan tashqari, pochta, kurerlik jo‘natmalarini, telegraf xabarlarini va boshqa xabarlarni nazorat qilish ham kiradi.

O‘z navbatida, tezkor-qidiruv tadbirlarini o‘tkazish uchun asoslar qonunda belgilangan. Jinoyatlarni tayyorlash, sodir etish alomatlari to‘g‘risida, shuningdek jinoyatlarni tayyorlashga yoki sodir etishga daxldor shaxslar haqida ayon bo‘lib qolgan ma’lumotlar shular jumlasidandir.

Mazkur ma’lumotlardan birining aniqlangani esa, shaxsning huquqiy maqomidan qat’i nazar, unga nisbatan tezkor-qidiruv tadbirlarini o‘tkazish uchun asos bo‘ladi.

Shuni alohida qayd etish o‘rinliki, «Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi to‘g‘risida»gi Qonunga kiritilayotgan o‘zgartishlar advokatlarning daxlsizligiga biron-bir jihatdan tahdid qilmaydi, ularning qonuniy faoliyatiga hech qanday to‘sqinlikni vujudga keltirmaydi.

Ayni paytda, Bosh prokuratura manfaatdor idora sifatida advokatlarning maqomini kuchaytirish, ularning jamiyatdagi nufuzini oshirish, sud protsesslarida advokat va prokuror tengligini amalda ta’minlash bo‘yicha so‘nggi yillarda olib borilayotgan islohotlarni to‘liq ro‘yobga chiqarishga o‘z hissasini qo‘shib boraveradi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)