15:28 / 06.04.2020
2 283

«Aslida, bu — jinoyat». Vazir o‘zining kasalligini bila turib o‘nlab kishilarga virus yuqtirayotganlarni tanqid qildi

«Aslida, bu — jinoyat». Vazir o‘zining kasalligini bila turib o‘nlab kishilarga virus yuqtirayotganlarni tanqid qildi
Foto: «O‘zbekiston 24»
Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov «O‘zbekiston 24» telekanalidagi chiqishida O‘zbekiston tomonidan amalga oshirilgan choralar xalqaro hamjamiyat tomonidan yuqori baholanayotganini aytib o‘tdi.

«O‘zbekiston dunyodagi tavsiyalarni birinchilardan bo‘lib bajargan va mamlakat nuqtayi nazaridan barcha tavsiyalarga itoat etgan mamlakatlar qatorida e’tirof etildi. Ya’ni biz kerakli tavsiyalarni, ayrim holatlarda ortig‘i bilan choralarni ko‘rdik. Buyog‘i xalqimiz, uning madaniyati, sabr-toqati, aytilayotgan gigiyena qoidalari va cheklov choralariga amal qilishiga bog‘liq bo‘lyapti», dedi Shodmonov.

Sog‘liqni saqlash vaziri aholi harakatlanishining cheklanmasligi kasallik juda tez tarqalishi va mamlakatning iqtisodiyoti, sog‘liqni saqlash tizimiga o‘z ta’sirini ko‘rsatib, uni shok holatiga keltirishi va yordam berish imkoniyatini yo‘q qilayotgani, bu kabi holatlar Yevropaning qator mamlakatlarida kuzatilayotganini qayd etib o‘tdi.

Vazir shu kungacha aniqlangan bemorlar orasida talablar va tavsiyalarga quloq solmaganlar borligini afsus bilan ta’kidladi va o‘zining koronavirus bilan zararlanganini bila turib vaqtida murojaat qilmagan shaxslar boshqalarga qaraganda ko‘proq odamga virus yuqtirganini ma’lum qildi.

«Hozirgacha aniqlangan bemorlar orasidan talab va tavsiyalarga amal qilmayotganlari juda ko‘p. Masalan, 15 mart kuni koronavirus aniqlangan bemor butun oilasiga va ish joyidagi jami 15 nafar kishiga virus yuqtirgan.

27 mart kuni Andijonda kasalligi aniqlangan shaxsdan ota-onasiga koronavirus yuqqan. Uning otasi yana 36 hamkasbiga koronavirus yuqtirgan. Hamkasblaridan biri 4 nafar qarindoshiga yuqtirgan. Undan tashqari yana muloqotda bo‘lganlardan 3 kishiga kasallik o‘tgan. Bir kishidan jami 46 nafar odamga koronavirus tarqalgan. Afsuski, bu bemorimiz kasallik belgilari ko‘rina boshlaganda ham shifokorlarga xabar bermagan.

Toshkent shahridagi bemorimiz turmush o‘rtog‘i bilan Turkiyaga borib kelgan. U oila a’zolari bo‘lgan 8 kishiga kasallik yuqtirgan. Ularning barchasini hozir davolayapmiz.

Toshkent viloyatidagi yana bir bemorimiz esa 26 martda kasallik boshlanganiga qaramay 5 kun davomida uyida yotgan. U faqat 30 mart kuni shifokorlarga murojaat qilgan va uni davolashga oldik. Ayni vaqtda uni sun’iy nafas beruvchi (IVL) apparatiga ulab qo‘yishga majbur bo‘lganmiz.

Toshkent viloyatidan boshqa bir bemorimiz esa yo‘talish, tana harorati ko‘tarilishi va nafas siqishiga qaramay to‘rtta tashkilotga borgan. Biz majbur bo‘ldik o‘sha tashkilotlarning barchasini yopishga. Bu bemor 52 kishiga kasallikni yuqtirgan.

Yana bir bemor uchta tashkilotda ishlayotgan bo‘lgan. U o‘zida kasallikni sezib turib ishlashda davom etgan va 46 nafar kishiga virus yuqtirgan.
U sababli 100dan ortiq insonlarni kuzatuvga olishga majbur bo‘ldik. Kasallik boshlanganini bilgani holda shuncha odam bilan muloqotda bo‘lgan

Aslida, bu kabi holatlar jinoyat. Bila turib shuncha odamga kasalni yuqtirish xiyonatdir
», deydi Shodmonov.
Vazir koronavirus tarqalishining oldini olishda intizomga rioya etilishi muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

«Qachonki intizom bo‘lsa, barcha tartib-qoidaga bo‘ysunib, ikki hafta uyimizda o‘tirsak, hammasi o‘tib ketadi. Shunda birinchi navbatda oila a’zolarimizni saqlab qolgan bo‘lamiz», dedi Alisher Shodmonov.

U karantin qoidalariga oilada ham rioya etish kerakligi, yaqinlar bilan quchoqlashib ko‘rishmaslik, ular bilan muloqotda masofani saqlash kerakligini ta’kidladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Aslida, bu — jinoyat». Vazir o‘zining kasalligini bila turib o‘nlab kishilarga virus yuqtirayotganlarni tanqid qildi