
Xabaringiz bor, O‘zbekistonda karnatin tartibi joriy etilishi ortidan aholining oziq-ovqat mahsulotlarini g‘amlab qo‘yishi va mahsulotlarni yetkazib berishda yuzaga kelgan noqulayliklar sabab bir qancha mahsulotlar narxida ko‘tarilish yuzaga keldi. Xususan, Respublikaning deyarli barcha viloyatlarida un narxining oshib ketganligidan norozilik murojaatlari ko‘payib ketdi.
Unga bo‘lgan ehtiyojni qoplash, yetkazib berish va narxini mo‘tadillashtirish borasida hokimliklar va tegishli tashkilotlar tomonidan bir qancha chora-tadbirlar olib borildi, borilmoqda. Biroq, chekka hududlarda vaziyat hamon og‘irligicha qolayapti. Bu haqda Xolis fikrchi bloger o‘z munosabatini bildirdi:
"Aytishlaricha, kecha haftada bir marta bozor bo‘ladigan chekka hududlardagi dehqon bozorlarida bir qop unning bahosi 245 ming so‘mga chiqib ketibdi. Shu narxga ham rozi aholining katta qismi un ololmay qolganidan xavotirda. Axir, un 300 ming so‘mga chiqib ketadi, degan gap-so‘zlar yuribdi-da! “Avvaliga bunga ahamiyat bermagandik. Tuman markazidagi un do‘konlari eshiklariga ham qulf osilganidan keyin odam vahimaga tushib qolarkan”, deydi qishloq faollaridan biri.
Bu holat un mahsulotlari birjadan olinib, «O‘zdonmahsulot» AK korxonalarida ishlab chiqarilgan bir qop un narxi 125 ming so‘m qilib belgilangan bir paytda kuzatilayotgani g‘alati. O‘ylab qolasan, odam: yoki omborlarining tagi ko‘rinib qoldimi? G‘alla mustaqilligiga erishganimiz haqida jar solib kelayotgan «O‘zdonmahsulot» bunga nima deydi? Kampaniya tarqatgan ma’lumotlarga ishonadigan bo‘lsak, tizim korxonalari omborlarida 32 ming tonnadan ortiq un zaxirasi bor. Hozirgi karantin paytida ham tizimdagi 50 ortiq tegirmon sexi to‘la quvvatda ishlab, kuniga 6000 tonnagacha un tayyorlanayotgan ekan.
Unda muammo nimada? Import kamaygani ichki bozorni shunchalik alg‘ov-dalg‘ov qilib yubordimi? Davlat bojxona qo‘mitasi eksport-import amaliyoti to‘xtatilmaganini aytmoqda. Shu yilning 18 aprel holatiga ko‘ra, bojxona omborlarida jami 41,6 mln. AQSH dollarilik oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan, 67 ming tonna bug‘doy, 233,9 tonna un saqlanmoqda. Ushbu mahsulotlar bojxona rasmiylashtiruvidan so‘ng qisqa muddatlarda ichki bozorlarga yo‘naltirilarkan.
Demak, insofsiz tadbirkorlar va olibsotarlar hozirgi vaziyatdan ustakorlik bilan foydalanmoqda. Shunday ekan, nega soliq va huquqni muhofaza qilish organlari tomoshabin bo‘lib o‘tiribdi? Nima uchun hozirgi murakkab sharoitda hukumat topshirig‘ini yetarli darajada bajarmaydi? Yoki ular bundan bexabarmi? Bunga ishonmayman. O‘sha chekka bozorlarda qand-qurs cotib tirikchilik qilayotganlar tovarini olib qo‘ygan soliqchilar xalqni qaqshatib, qimmat narxda sotilayotgan mashina-mashina unlarni ko‘rmaydimi? Yo ularning olibsotarlar bilan tili birmi?
Aslida, qishloq odamlari ko‘p narsani talab qilishayotgani yo‘q. Ular ehson ham so‘ramayapti. Ayrimlarga o‘xshab, xayriya markazlariga telefon qilib, oziq-ovqat keltirib ber, deyishni or biladi. Nahotki, aholi uyida “qamalib” o‘tirishga majbur bo‘lgan hozirgi og‘ir kunlarda eng muhim oziq-ovqat mahsulotlari narxlarini tartibga solishning imkoni bo‘lmasa? Aqalli un narxini..." — deya o‘z mulohazalarini yakunlagan bloger.
Shu o‘rinda aytish joizki, Hukumat topshirig‘iga asosan, “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi tizim korxonalarida ishlab chiqarilgan bir qop un 125 ming so‘m qilib belgilandi. Ushbu topshiriq ijrosi ta’minlanishi va viloyatlar bo‘ylab un narxi nazoratga olinishidan umidvormiz. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar