14:15 / 13.05.2020
3 094

Rossiya—Qozog‘iston chegarasida to‘plangan o‘zbekistonliklar Shavkat Mirziyoyevga murojaat yo‘lladi (video)

Rossiya—Qozog‘iston chegarasida to‘plangan o‘zbekistonliklar Shavkat Mirziyoyevga murojaat yo‘lladi (video)
Kadr: YouTube
Rossiyaning Samara viloyatida Qozog‘iston chegarasidan bir necha o‘n kilometr masofada bo‘lib turgan taxminan 800 nafar O‘zbekiston fuqarosi Prezident Shavkat Mirziyoyevga murojaat yo‘lladi.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Rossiya politsiyasi ularni Stavropol tumani, Mastryukovo raz’ezdida ushlab turibdi. Hududni tark etishga ruxsat yo‘q. Buning sababi sifatida Qozog‘iston tomoni o‘zbekistonliklarni qabul qilmayotgani aytilmoqda.

Ta’kidlanishicha, ular turgan joyda yashash imkoniyati yo‘q, yegulik va ichimlik suvi haddan ortiq qimmat. Arzonroq do‘konlardan borib mahsulot xarid qilish imkoni mavjud emas. Chunki politsiya hududni tark etganlarni karantin chorasini buzgan, deb topib, 4 ming rubl (56 dollar) jarimaga tortmoqda.

«Chegarani bir kunga bo‘lsa ham ochib beringlar, iltimos. Qozog‘iston elchixonadan qog‘oz kelsa, ochib beramiz deyapti», — deydi murojaatchilardan biri.

Videomurojaatda aytilishicha, chegaraga yaqin hududda 200-300 atrofida yengil mashina to‘planib qolgan. Ularning har birida 4 kishidan bo‘lganda ham 800-1200 kishi saqlanmoqda.

«Biz bu yerga o‘ynash uchun kelganimiz yo‘q. Chegaraning yopiqligini bilar edik. Bu yerda iltimos qilib ochtiramiz, deb kelib turibmiz. Chunki u yerdayam (Rossiyada) xor bo‘lib yotibmiz, bu yerdayam xor bo‘lyapmiz. Yurtimizga boramiz deb turibmiz, bir so‘m pulimiz qolmagan. Ikki oydan beri yotdik, birov bir so‘m pul bermadi. Kvartiradan haydab chiqarishdi, ishlaylik desak, ish yo‘q.

Bizga boshqa hech qanday yordam kerakmas, yurtimizga yetib olish uchun chegaralarni ochib bersanglar bo‘ldi», — deydi muhojir ayollardan biri.

Yana bir murojaatchining ta’kidlashicha, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston o‘z fuqarolariga yordam ko‘rsatyapti, faqat O‘zbekiston fuqarolariga hech qanday yordam berilmayapti.

Avvalroq Belarusdan 150 nafar o‘zbekistonlik charter reys orqali Toshkentga olib kelingani haqida xabar berilgandi. 8—11 may kunlari Belarus, BAA, Hindiston va Janubiy Koreyadan 800 nafar o‘zbekistonlik charter reyslar bilan vatanga qaytarildi.

7 may kungi videoselektorda Prezident Shavkat Mirziyoyev xorijdagi vatandoshlar «imkoniyatga qarab, baribir olib kelinishi kerak»ligini aytgan edi. «Ular orasida ancha qiynalganlari bor. 11 mingga yaqini ancha qiynalgan. Reja qilib, birinchi navbatda ularni olib kelish bo‘yicha choralar ko‘ryapmiz», – degandi davlat rahbari.

Uzbekistan Airways aviakompaniyasi 30 iyungacha bo‘lgan muddatdagi parvozlar uchun chipta sotishni to‘xtatgan. Tashqi ishlar vazirligi charter reyslarni tashkil etish masalasini Maxsus komissiya hal etishini bildirgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Rossiya—Qozog‘iston chegarasida to‘plangan o‘zbekistonliklar Shavkat Mirziyoyevga murojaat yo‘lladi (video)