22:00 / 04.06.2020
4 151

Yangi qonun amalga kiritildi

Yangi qonun amalga kiritildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2020 yil 14 mayda “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga jinoyat protsessida ishtirok etuvchi fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilishni kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-617-sonli Qonuni imzolandi va 2020 yil 15 mayda rasmiy e’lon qilinishi munosabati bilan shu kundan kuchga kirdi. Qonun bilan, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Jumladan, Jinoyat-protsessual kodeksi 52-moddaga o‘zgartirish kiritilib, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi himoyachidan voz kechishga faqat gumon qilinuvchining, ayblanuvchining yoki sudlanuvchining tashabbusi bilan va himoyachining ishda ishtirok etishiga surishtiruvchi, tergovchi yoki sud tomonidan advokat taklif etish orqali ta’minlanadigan real imkoniyat mavjud bo‘lgandagina yo‘l qo‘yilishi, bunda advokat o‘z himoyasi ostidagi shaxs bilan xoli uchrashganidan keyin himoyadan voz kechilganligini tasdiqlashi, himoyachidan voz kechish jarayoni videoyozuv orqali qayd etilishi shartligi belgiloab qo‘yildi.

Videoyozuv materiallari bayonnomaga ilova qilinadi.
Himoyachining himoya ostidagi shaxs bilan xoli uchrashishi videoyozuv orqali qayd etilmaydi.

Qonunga muvofiq, quyidagi protsessual harakatlar videoyozuv orqali qayd etilishi shart:
1) o‘ta og‘ir jinoyatlar bo‘yicha hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish;
2) tintuv;
3) ko‘rsatuvlarni hodisa sodir bo‘lgan joyda tekshirish;
4) tergov eksperimenti;
5) shaxsni ushlash;
6) himoyachidan voz kechish;
7) shaxsni ushlash jarayonida o‘tkaziladigan shaxsiy tintuv va olib qo‘yish.

Bundan tashqari, mazkur Qonun bilan Jinoyat-protsessual kodeksining 217-moddasiga o‘zgartirish kiritilib, unga ko‘ra surishtiruvchi, tergovchi, prokuror gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga nisbatan ushlab turish tarzidagi, sud esa qamoqqa olish, uy qamog‘i yoki ekspertiza o‘tkazish uchun shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish tarzidagi protsessual majburlov chorasini qo‘llaganida shaxsga nisbatan qo‘llanilgan protsessual majburlov chorasi hamda uning ushlab turilgan joyi to‘g‘risida darhol oila a’zolaridan biriga, ular bo‘lmagan taqdirda esa boshqa qarindoshlariga yoki yaqin kishilariga xabar berishi, shuningdek bu haqda ish yoxud o‘qish joyiga ma’lum qilishi shartligi belgilandi.

Agarda, ushlab turilgan, qamoqqa olingan, uy qamog‘iga yoki tibbiy muassasaga joylashtirilgan shaxs boshqa davlatning fuqarosi bo‘lsa, bu haqda darhol O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga xabar berilishi shart.
Shuningdek, Qonun bilan Jinoyat-protsessual kodeksining 224-moddasiga o‘zgartirish kiritilib, bunda quyidagilar amal qiladi.

Ichki ishlar organi xodimi, boshqa vakolatli shaxs ushlab turishning ushbu Kodeksning 221-moddasida ko‘rsatilgan asoslaridan bittasi mavjudligini bevosita aniqlasa yoki boshqa shohidlarning so‘zlaridan aniqlasa:
1) o‘zini tanishtirishi va ushlab turilgan shaxsning talabiga ko‘ra o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatishi;
2) gumon qilinuvchiga u jinoyat sodir etishda gumon qilib ushlanganligini ma’lum qilishi;
3) ushlab turilgan shaxsga advokatga yoki yaqin qarindoshiga telefon qilish yoki xabar berish, himoyachiga ega bo‘lish, ko‘rsatuvlar berishni rad etishga bo‘lgan protsessual huquqlarini tushuntirishi;
4) ushlab turilgan shaxsga u bergan ko‘rsatuvlardan jinoyat ishiga doir dalillar sifatida uning o‘ziga qarshi foydalanilishi mumkinligini bildirishi;
5) ushlab turilgan shaxsdan yaqin oradagi ichki ishlar organiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga birga borishini talab qilishi shart.

Ushlanayotgan shaxsda qurol borligi yoki u jinoyat sodir etganligini fosh qiluvchi dalillardan qutulish niyatida ekanligini taxmin qilishga yetarli asoslar mavjud bo‘lsa, ushlayotgan vakolatli shaxs uni shaxsiy tintuv yoki olib qo‘yishni amalga oshirishga haqli ekanligi, shaxsiy tintuv o‘tkazish yoki olib qo‘yish to‘g‘risidagi bayonnoma ushlangan shaxs ichki ishlar organiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga keltirilganidan so‘ng xolislar hozirligida tuzilishi mumkinligi belgilandi.

Jinoyat-protsessual kodeksi 224-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan protsessual harakatlar videoyozuv orqali qayd etilishi shart. Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan protsessual harakatlarni bajarishni kechiktirib bo‘lmaydigan hollarda, ularni videoyozuv orqali qayd etmasdan amalga oshirishga yo‘l qo‘yiladi.

Mazkur qoida ichki ishlar organi yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organ binosida amalga oshiriladigan ushlab turishga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Shaxsni ushlash videoyozuv orqali qayd etilmagan holda, ichki ishlar organi xodimi yoki boshqa vakolatli shaxs ushlab turilgan shaxs yaqin oradagi ichki ishlar organiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga olib kelinganidan so‘ng videoyozuvdan foydalangan holda uning protsessual huquqlarini tushuntirishi shart. Ushlab turilgan shaxsga videoyozuv uni namoyish qilish orqali tanishtiriladi.

Shaxsni yalang‘ochlash bilan bog‘liq shaxsiy tintuvni videoyozuv orqali qayd etish taqiqlanadi.
Ushlab turish, shaxsiy tintuv qilish yoki olib qo‘yish bayonnomasiga protsessual harakatlar videoyozuv orqali qayd etilganligi haqida yozib qo‘yilib, videoyozuv materiallari bayonnomaga qo‘shib qo‘yiladi.

Yangi Qonunga asosan, agar ushlangan shaxs ish yuritilayotgan tilni bilmasa yoki yetarlicha bilmasa, gumon qilinuvchining huquqlari unga tarjimon ishtirokida birinchi so‘roqqa qadar tushuntirilib, bu haqda bayonnomaga yozib qo‘yiladi. Vakolatli shaxslar va fuqarolar qonunga xilof yoki asossiz ushlab turganlik yoxud ushlash vaqtida vakolatlari doirasidan chetga chiqqanlik uchun qonunda belgilangan javobgarlikka tortiladi.
Jinoyat-protsessual kodeksining 225-moddasi birinchi qismiga quyidagicha o‘zgartirish kiritildi.

Ushlab turilgan shaxs ichki ishlar organiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga keltirilganidan so‘ng huquqni muhofaza qiluvchi organning navbatchisi yoki boshqa xodimi ushlab turish bayonnomasini boshliqning ko‘rsatmasiga binoan darhol tuzishi, bayonnomada, bayonnoma tuzilgan joy va vaqtni, ushbu shaxsning kimligi, kim tomonidan, qachon, qanday holatlarda, qonunda ko‘rsatilgan qanday asoslarga ko‘ra ushlanganligini, ushlangan shaxs qanday jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinayotganligini, ushlangan shaxs ichki ishlar organiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga qaysi vaqtda olib kelinganligini, shaxsiy tintuv qilish va olib qo‘yish natijalarini (ular o‘tkazilgan bo‘lsa), ushlashning videoyozuv orqali qayd etilganligi (u o‘tkazilgan bo‘lsa), ushlangan shaxsning videoyozuv materiallari bilan tanishganligi, shuningdek shaxsni ushlash vaqtida foydalanilgan vositalarning texnik xususiyatlari qayd etilgan bo‘lishi lozim.

Mazkur qonunni amalga kiritishdan maqsad, fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilishdan iborat ekanligini ko‘rishimiz mumkin.

Jinoyat ishlari bo‘yicha
Navoiy viloyat sudining
katta mutaxassisi
U.Samandarov

Jinoyat ishlari bo‘yicha
Navbahor tuman sudining
devonxona mudiri
B.Farmonov

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Yangi qonun amalga kiritildi