19:19 / 05.06.2020
3 496

Hayotiy hikoya: «Men qirg‘izlarga, qirg‘izlar menga...»

Hayotiy hikoya: «Men qirg‘izlarga, qirg‘izlar menga...»
Illustrativ foto
Rossiyada rizqini tergilab yurgan mehnat migranti, ijodkor Baxtiyor Tursunning bu hayotiy hikoyasini mutolaa qilish ayni kunlarda juda asqotishi shubhasiz.

– 2016 yil sentabr oyi oxirlari edi. Moskva viloyatining Shyolkovo tumanida qurilayotgan yangi uylarda ichki ta’mirlash ishlarida ishlardik. O‘zbeklar, qirg‘izlar, tojiklar ko‘pchilikni tashkil qilgan bu joyda hammamiz yaqin do‘st, birodar bo‘lib yurdik.

Bir kuni baxtsiz xodisa yuz berib, bir qirg‘iz yigiti beshinchi qavatdan tushib ketdi. Rossiyaga yaqindagina kelgan 23 yoshga kirgan yigit ekan. Tez yordam chaqirdik.

Yetib kelgan tez yordam mashinasiga ko‘tarib solayotganimizdagi holat, yigitning chekayotgan azobi ingrashlari hozirgacha qulog‘imda qolib ketgan.

Shifoxonaga yotqizilgan yigitni zudlik bilan jarrohlik stoliga yotqizish kerak ekan. Yirik suyaklari bir necha joyidan singan ekan. Biz ishlayotgan firma katta xarajatlarini ko‘tardi. Qirg‘izistondan ota-onasi ham yetib keldi.

Bunday damda jim qarab tomosha qilib turish uyat edi. Darhol xayriya uyushtirib, tanigan bilganim borki yordam so‘ray boshladim. Yaxshigina pul yig‘ildi. Pul yuborganlar orasida Tojikistonlik birodarlarimiz ham bor edi.

Qirg‘izlarning Chingiz ismli diyonatli brigadiri bor edi, to‘plangan pulni qo‘liga berdim.
«O‘zbeklardan yordam, hammamiz tezroq shifo topishini so‘raymiz», – dedim.

Oradan uch kun o‘tgach, Chingiz telefon qilib qoldi:
– Operatsiya juda yaxshi o‘tdi, bemorning ahvoli yaxshi, rahmat sizlarga ham. Bir umr unutmaymiz o‘zbeklar qilgan bu yaxshilikni, – deya qayta-qayta minnatdorchilik bildirdi.
* * *
Keyingi kuni ish joyimizni politsiya bosdi. Ko‘pchilik qochib qutuldi. Bizlar, o‘n nafar o‘zbek ilojsiz qolib keta olmadik, qo‘lga tushdik. Hujjatlarimiz bor-u, Moskva shahriga qayd qilingan, biz esa viloyatdamiz.

Xullas, bizlarni politsiya bo‘linmasiga olib ketishdi. Bitta kichkina, aslida to‘rt kishi zo‘rg‘a sig‘adigan xonachaga 13 kishini tiqishdi. Biz o‘n kishimiz, xonada yana uch kishi bor ekan.

Politsiya bizga qo‘ygan talab qat’iy edi: «Agar qaysi firmaga ishlayotganlaringni aytib, yozib bersalaring, qo‘yib yuboramiz». Lekin tajribadan ma’lumki, baribir qo‘yib yuborishmasdi.

Firma kattalari, bizni sotsanglar bir so‘m ola olmaysizlar (ikki oylik ish haqimizni olmagan edik), degan xabarni yetkazishdi. Xullas ikki o‘t orasida qoldik.

Hech narsa yozmadik, hech qanday qog‘ozga imzo ham qo‘ymadik. Uch kun shu zax xonada saqlashdi.

Uch kun qirg‘iz yigitlari tashqaridan har 3-4 soatda ovqat olib kelib turishdi. Sharoitini aytmasa, yeb-ichish xuddi dam olish maskaniga borgandan zo‘r bo‘lib ketdi. «Ko‘p shartmas, boshqa olib kelmanglar» deganga ko‘nmaydi.

Navbatchi politsiya xodimlari boshqa kiritmaymiz desa, janjal qilishadi. Ish joyimiz bilan politsiya bo‘linmasi oralig‘i juda yaqin edi. Uchinchi kuni har kuni bir kelib ketadigan Chingizga aytdim:

– Borib firma kattalariga ayt, agar bugun yo ertaga bizlarni bir amallab bu joydan olib chiqishmasa, o‘zim hammasini yozib, imzo qo‘yib beraman.
– Bo‘ldi aytaman, bizlar ham sizlarni chiqarish uchun har kuni prorablar bilan tortishayapmiz, qo‘ldan kelguncha yordam qilamiz, – dedi u ham.

Agar noqonuniy ishlaganmizni bildirib, biz shu firmada ishlaymiz deya yozib bersak, firma bizlarni ishlatganiga har bir odam uchun juda katta jarima to‘lashi kerak edi.

O‘sha kuni to‘rt-besh nafar qirg‘iz brigadirlari birlashib, baravariga ish tashlashibdi va kattalarga bizlarni chiqarish shartini qo‘yishibdi. Xullas keyingi kuni ozodlikka chiqdik!

O‘n kishidan birortamiz hattoki jarimaga ham tortilmadik. Eng qizig‘i, ish joyimizda bitta katta xonani sozlab olib yashar edik. Xonamizga kirsak, katta dasturxon bezatilgan. O‘zimizning brigadadagi qolgan yigitlar bilan Chingiz boshchiligidagi qirg‘iz yigitlari bizni kutib o‘tirishibdi.

Xuddi o‘n yil qamoqda o‘tirib chiqqan odamlar bilan ko‘rishayotgandek kelib hamma bizlar bilan quchoqlashib ko‘rishgani, qirg‘iz-o‘zbek yigitlari aralashib o‘tirib katta stol atrofida xursandchilik qilib bayram qilganlarimiz kechagidek yodimda...
* * *
2018 yil yoz fasli edi. Moskva shahrining Xoroshyovskiy tumanidagi bir uyga ichki ta’mirlash ishlarini qilish uchun keldik. Endi avvalgidek yirik firmada ishlamas, shaxsiy uylarni ta’mirlash ishlarini qilar edik.

Yangi joyga borgan kunimiz, Shuhrat aka ismli yoshi qirq beshlardagi bir qirg‘iz aka bilan tanishib qoldim. Baquvvat, gavdali yigit. Ilk tanishuvda besh daqiqacha gaplashdik.

Ismimni, qaysi pod’ezd, qaysi qavatda ishlashimizni aytdim.

Keyingi kuni yangi kelgan yosh sherigim bilan ishlayotgan vaqtimda, ehtiyotsizlik oqibatida qo‘limga katta panel bo‘lagi tushib ketdi, o‘ng qo‘limdan qattiq jarohat oldim.

Ancha kesilib, qo‘rqinchli holga kelib qoldi shekilli, yonimdagi yosh sherigim ko‘rib, rangi oqarib ketdi.
Shoshib izlaganda hech narsa topilmaydi. Jarohatni bog‘lashga bitta latta ham yo‘q.

– Sumkamda pul bor, olgin-da pastga tush, yaqin o‘rtada apteka bo‘lsa kerak. Aptekachiga shunaqa jarohat oldi, deb aytsang, o‘zi nimalar kerak bo‘lsa, berib yuboradi, – dedim sherigim Abdumo‘minga.
– Aka, men ruscha gapirolmayman, qanday aytaman, keyin apteka qayerda bilmasam, – dedi u ikki ko‘zini qo‘limdan olmay.

Endi nima qildik, bu ahvolda o‘zim tusha olmasam. Bitta toza qog‘oz parchasini kesilgan joyga bosib, chap qo‘lim bilan mahkam qisib, qon ketmasin deya bir joydan qimirlamasdan ancha o‘tirdim.

Tushkun ahvolda derazadan pastga qaradim. Ilk bor ko‘zim tushgan inson pastda, bolalar maydonchasida atrofni tozalab yurgan Shuhrat aka bo‘ldi.

– Abdumo‘min, bu yoqqa qara, anavi pastda yurgan gavdali odamni ko‘ryapsanmi? Ismi Shuhrat aka, shu kishining oldiga yugur. Borib kecha yangi ishga kelgan Baxtiyor akaning qo‘li kesildi, dori kerak, aptekadan olib berib yuborar ekansiz, de, pulni qo‘liga ber, – dedim.

U yugurib xonadan chiqib ketdi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmasdan Abdumo‘mindan avval Shuhrat aka kirib keldi. Qo‘lida kerakli dori-darmonlar. O‘zi jarohatni tozalab, dorilab bint bilan yaxshilab bog‘lab, oldimizda bir oz suhbatlashib o‘tirdi. Keyin qayta-qayta ehtiyot bo‘lishimni, agar og‘riq qolmasa yoki qon yana ketib boshlasa, albatta unga xabar qilishim kerakligini, tanish do‘xtiri borligini aytib, telefon raqamini berib chiqib ketdi.

Kechqurun kelib yana bir xabar olib ketdi...

Boshqalar uchun arzimas mayda-chuyda ishlardir bular, ammo menga eng katta yordam edi o‘sha vaqti. Abdumo‘min borgan vaqti xo‘p deya kerakli dorilarni olib berib yuborib o‘zi ishini davom ettirsa ham hech kim o‘pkalamasdi u kishidan.

Meni o‘zi atigi bir marta besh daqiqa ko‘rgan bo‘lsa. Ammo Shuhrat aka xavotirga tushib o‘zi kelib, ozgina bo‘lsa-da ko‘rsatgan mehri bir umrga ko‘nglimda qoldi. Ikki yildan oshdi, hozirgi kungacha xabarlashib turamiz. Yo‘lim o‘sha tomonga tushsa albatta oldiga kirib xabar olib o‘taman.
* * *
Olomon orasidagi uch to‘rtta buzg‘unchilar hammaga loy chaplaydi.
Men tinchlik tarafdoriman.
Men do‘stlik tarafdoriman!
Millatning yomoni bo‘lmaydi.
Xar xil fitnalarga aldanmaylik!

Baxtiyor Tursun

Manba: Kun.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Hayotiy hikoya: «Men qirg‘izlarga, qirg‘izlar menga...»