10:08 / 18.06.2020
2 373

Kimdir iymon, kimdir hamyon dardida

Kimdir iymon, kimdir hamyon dardida
Koronavirus tufayli nafaqat mamlakatimiz aholisi, balki kurrai zamin bugun bir vujud, xalqlar va elatlar esa bir oiladek birlashib harakat qilmoqda. Tibbiy muassasalar xodimlari ham vatan va xalq oldidagi burchini teran anglab, kechani kecha, kunduzni kunduz demay bemorlar tepasida parvona bo‘layapti.

Xalqimiz azaldan saxovatpeshaligi, bag‘rikengligi, yiqilganni suyashi bilan boshqa xalqlarga o‘rnak bo‘lib kelgan. Ikkinchi jahon urushi paytida o‘zi och-yupun bo‘lsa-da, urush ketayotgan joylardan ko‘chirilgan qariyalar, ayollar va bolalarga issiq bag‘ridan joy berib, borini ular bilan baham ko‘rgan.

Saxiylik eng yaxshi odatlardandir. Alloh taolo saxiylikni insonlarning eng yaxshi fazilatlaridan sanab, saxiylarga oxiratda ulkan ajr-savoblar bo‘lishining xabarini bergan.

Yurtimizning o‘ziga to‘q kishilari ham ajdodlarining ibratli amallarini davom ettirib, el boshiga ish tushganda pandemiya va tabiiy ofatlar tufayli daromadini yo‘qotgan oilalar, kambag‘allar va yetim-yesirlarga imkon qadar yordam qo‘lini cho‘zmoqda. Ular ayniqsa ezgulik, mehr-oqibat ayyomi bo‘lmish Ramazon oyida boshqa oylardagiga nisbatan sadaqa ulashmoqning savobi ko‘pligini inobatga olib saxovat ko‘rsatishga harakat qilishdi.

Biroq koronovirus butkul bartaraf etilganidan keyin ham u bilan bog‘liq xotiralar hali ko‘p yillar bizni tark etmasligi tayin. Karantin bo‘larkan degan gapni eshitib ko‘p kishilarning tonnalab mahsulot jamg‘argani-yu bunday vaziyat qaytib bo‘ladimi-yo‘qmi degan xayolda uning narxini osmonga chiqarib yuborgan bozorchilarni, hamma uyda biqinib yotganidan foydalanib qing‘irligiga yo‘l ochilganidan shod olg‘irlarning qilig‘i, haydovchilarning to‘rt qadam yo‘lga otning kallasiday bo‘lmasa ham cho‘ntakni zirqiratib yuboradigan haq talab qilganini afsus va kulgu bilan yod etishimiz shubhasiz.

Qashqadaryo yashil hududga o‘tganining dastlabki kunlari «Zamon» axborot dasturining viloyatdagi muxbiri Shavkat Aminov yozg‘irib qoldi:

– Farzandlarim «ota, qishloqqa momomlarnikiga borib kelaylik, uyda zerikib ketdik» deyishayapti. Chamalab ko‘rsam, shu kecha-kunduzda oilam bilan qishlog‘imga, ya’ni Shahrisabzga boradigan bo‘lsam, yo‘lkiraning o‘ziga borib-kelishimiz uchun 300 ming so‘mdan (kishi boshiga 50 ming so‘mdan hisoblaganda) ortiq pul kerak bo‘larkan.

3-sinfda o‘qiydigan o‘g‘limning ko‘zlarida haqiqatan bobo-momosini sog‘inganlik ifodasini ilg‘ayman. Ko‘p qavatli uyda bir hafta ko‘chaga chiqmaslik azobini esa shu sharoitda yashaydiganlar yaxshi bilishadi. Bolalarim karantin tufayli naqd bir yarim oy tashqariga chiqishmadi. O‘zim ham ota-onamni ko‘rgani borishga oshiqardim…

Bugun kimdan so‘ramang, yo‘lkira haqining keskin oshib ketganidan noliganiga guvoh bo‘lasiz. Ilgari birgina Qarshi shahri ichida yo‘lkira haqi 2000-3000 so‘mni tashkil etardi. Bugun-chi?

– Qarshi tumanining Qovchin qishlog‘idan ishga qatnayman, – deydi Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmat rahbari Nuriddin Egamov. – Ilgari ishga kelib-ketishim uchun 8000 so‘m sarflagan bo‘lsam, bugun kira haqi 16000 so‘mga ko‘tarilibdi. Shahar ichida ham bitta bekat uchun 5000 so‘m so‘rashadi. Uzoqroqqa bormoqchi bo‘lsangiz 10000-15000 so‘m deyishadi. Ishga borishga majbur bo‘lgan odam noiloj shu narxga ko‘nadi-da. Biroq hammaning ham cho‘ntagi bu narxni ko‘tarmaydi. Haydovchilarga e’tiroz bildirsangiz, negadir ular karantinda uyda o‘tirishganini, daromad qilishmaganini iddao qilishadi. Kulging kelarkan, axir karantin faqat taksichilar uchun bo‘lmadi-ku. Insofsizlik ham evi bilan-da.

Nazarimizda vaziyatni tartibga solishning qiyin tomoni yo‘q. Faqat mutasaddilar xizmat mashinalaridan tushib, bir-ikki kun taksi xizmatidan foydalanishsa, hamma qatori bir bekat uchun besh ming so‘mdan to‘lashsa kifoya. Biroq ular bunday qilishlariga ishongimiz kelmaydi. Chunki qaysi mashinaga chiqmang, haydovchisi mas’uliyatli idoralarda ishlaydiganlarning kimidir bo‘lib chiqadi. Narx ana shu «ishonch» ortidan ko‘tarilayotgan bo‘lsa ajab emas.

«Istasang shu, istamasang o‘zing bilasan» qabilida bez bo‘lib turgan haydovchilarning nigohlarida birovga qayishadigan iliqlikni ko‘rish amrimahol. O‘zAning bosh muharriri Abdujalol Taypatov telefon orqali suhbatimizda Qarshidan Toshkentga qatnaydigan taksilar 300 ming so‘mdan kamiga rozi bo‘lmaganidan shikoyat qilib qoldi. Vaholanki, ilgari taksilar Toshkentga 40-50 ming so‘mga, juda qimmat bo‘lgan paytlarda 70-80 ming so‘mga qatnardi.

Karantin cheklovlarining yumshatilishi munosabati bilan viloyat hokimi Zoyir Mirzayev aholiga, ayniqsa, yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi taksi haydovchilariga qilgan murojaatida avtomashinalar salonida uch kishidan ortiq yo‘lovchi bo‘lmasligi, shu bilan birga, mashinaga haydovchi va yo‘lovchilarni ajratib turuvchi plyonka o‘rnatish shartligini ta’kidlagan edi. Qolaversa, vaziyatdan kelib chiqqan holda kira haqini oshirmaslik bo‘yicha ham topshiriqlar berilgandi.

Yuqorida keltirib o‘tilgan misollarda esa buning aksini ko‘rdik. Taajjubli tomoni hamma eshitgan, hamma biladigan yuqoridagi kabi holatlarni shu sohani nazorat qiladiganlar eshitmayotganidadir. Ular ko‘rib tursa-da, o‘zlarini ko‘rmaslikka, bilib tursa-da, bilmaslikka olishayapti. Kimdir karantin davrida taksilar faoliyat ko‘rsatmadi-ku desa, buni faqat qonuniy litsenziyasi yo‘qlar, ya’ni insofi borlargina faoliyat ko‘rsatmadi deb tushuning. «Arzanda»lar esa bu vaziyatdan mohirona foydalanib qolib, bir zum bo‘lsa-da harakatdan to‘xtashmadi, og‘ziga siqqan narxni aytib, boshqalarning mushkul vaziyatidan o‘z manfaati yo‘lida foydalanib qolishdi.

Ha, kimdir iymon, kimdir hamyon dardida yuribdi. Alloh har kimning o‘ziga insof bersin. Bu kunlar ham o‘tib ketar. Shunda bir-birimizga yorug‘ yuz bilan qaray olsak bas.

Norbo‘ta G‘OZIYEV

Manba: Huquq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Kimdir iymon, kimdir hamyon dardida