09:01 / 24.06.2020
2 537

Farg‘onada 22 yoshli yigitning voyaga yetmagan qizni urgani yuzasidan jinoiy ish ochildi

Farg‘onada 22 yoshli yigitning voyaga yetmagan qizni urgani yuzasidan jinoiy ish ochildi
Foto: Pickuper UZ / Facebook
IIV huzuridagi Tergov departamenti Farg‘onada yigitning voyaga yetmagan qizni urgani yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.
Voqea haqidagi post 22 iyunda jabrlangan qiz tomonidan Facebook’ga joylashtirilgan va unda mazkur hodisaning 31 may sanasida sodir bo‘lgani qayd etilgan.

Qizning aytishicha, u xiyobonda kuchugi bilan sayr qilib yurgan vaqtida noma’lum yigit unga nojo‘ya qiliqlar qilib, hushtak chalgan.
«Oradan bir soat o‘tgach, biz tomonga 30-40 kishi kela boshladi. O‘sha notanish yigit yana hushtak chalib, meni so‘kdi. Yonimga kelgach, sochimdan qattiq tortdi. Bunga javoban unga tarsaki tushirdim. U meni mushtlab ura ketdi», — deya yozgan jabrlanuvchi qiz.

Shuningdek, u yigitning zarbalari oqibatida yuzidagi ikkita suyak singanini bildirgan.
«Uch haftadan buyon naycha orqali ovqatlanyapman, bo‘ynimga shinalar qo‘yilgan. Birinchi kunlari suv ham icha olmadim, tomchi igna orqali glyukoza yuborishdi. Bo‘yim 154 santimetr, mana shunday ovqatlanishda davom etib vaznim 38 kilogrammga tushib qoldi. O‘sha yigit barchasida meni aybdor qiladi, sababi men unga qo‘rs javob qaytarganman. Dugonam qutqarib qolmaganida vaziyat yanada og‘ir tus olishi mumkin edi», — deya yozgan jabrlanuvchi.

Tergov departamenti xabarida 2020 yilning 31 may kuni 22 yoshli N.Q. Farg‘ona shahridagi I. Karimov nomli san’at saroyi ro‘parasidagi yo‘lning chetida harakatlanib ketayotgan vaqtida shu yerda it yetaklab ketayotgan voyaga yetmagan qiz Ye.K. bilan o‘zaro gap talashib janjallashgan. N.Q. qizning yuz qismiga qo‘li bilan urib tan jarohati yetkazgan. Qiz tan jarohatlari olib kasalxonaga tushgan.

Sud-tibbiy ekspertizasining xulosasida Ye.K.ning tanasida yuzining o‘ng tomonidagi yumshoq to‘qimalar lat yeyishi, pastki jag‘ suyagini o‘ng burchagi sohasidan sinib siljishi kabi jarohatlar aniqlanib, sog‘liqning uzoq muddatga buzilishiga olib keladigan o‘rtacha og‘irlikdagi shikastlar toifasiga kirishi ko‘rsatilgan.

2020 yil 16 iyunda mazkur holat yuzasidan Farg‘ona shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan fuqaro N.Q. ga Jinoyat kodeksining 105-moddasi 1-qismi (Qasddan badanga o‘rtacha og‘irlikdagi shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘lgan, ya’ni N.Q. o‘zi bilan birga 30-40 nafar tanishlarini yig‘ib kelgani haqidagi gap-so‘zlar, u Ye.K.ni urgan vaqtida ko‘pchilik uni orqasida to‘planib turganligi haqidagi ma’lumotlar, jabrlanuvchi hamda boshqalarning barcha vajlari tergov jarayonida to‘liq tekshirilib, huquqiy baho beriladi.

Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlarini har tomonlama to‘la va xolisona o‘tkazilishi Tergov departamenti tomonidan alohida nazoratga olindi, deyilgan xabarda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Farg‘onada 22 yoshli yigitning voyaga yetmagan qizni urgani yuzasidan jinoiy ish ochildi