22:24 / 01.07.2020
1 658

Umumta’lim maktablariga 1-sinfga qabul jarayoni 6 iyuldan boshlanadi

Umumta’lim maktablariga 1-sinfga qabul jarayoni 6 iyuldan boshlanadi
6 iyuldan 2020-2021 o‘quv yili uchun umumta’lim maktablariga 1-sinf o‘quvchilarining qabul jarayoni boshlanmoqda. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi ma’lum qildi.

Pandemiya sharoitini inobatga olgan holda, 1-sinfga o‘quvchilarning hujjatlari qabul qilinadi:
  • 6-31 iyul kunlari biriktirilgan mikrohudud doirasida;
  • 1-25 avgust kunlari maktablarning imkoniyatidan kelib chiqib mikrohududdan tashqari.

Shuningdek, pandemiya sharoitida ota-onalarning maktablarda to‘planib qolishining oldini olish maqsadida Toshkent shahrida tajriba-sinov tariqasida ilk marotaba 1-sinfga boradigan o‘quvchilarning hujjat topshirish jarayoni qabul.maktab.uz orqali (5 iyuldan) onlayn navbat asosida amalga oshiriladi. Dastur Toshkent shahrida muvaffaqiyatli tatbiq etilsa, keyingi o‘quv yilidan boshlab boshqa hududlarda ham bosqichma-bosqich joriy qilinadi.

1-sinfga qabul uchun quyidagi hujjatlar talab etiladi:
1. Direktor nomiga ariza;
2. Bolaning tug‘ilganlik haqida guvohnoma nusxasi;
3. Ota-onaning pasport nusxalari;
4. Bolaning sog‘lig‘i to‘g‘risida tibbiy ma’lumotnoma;
5. Bolaning 3,5 x 4,5 sm hajmdagi 4 dona rangli fotosurati;

31 avgustga qadar 6,5 yoshga to‘lmagan, 1-sinfda o‘qish istagini bildirgan bolalarning ota-onalari bilan umumta’lim muassasasining pedagog xodimlari va psixologi tomonidan bolani maktabda o‘qishga tayyorlash bo‘yicha tushuntirish ishlari olib boriladi.

“Maktab yoshiga to‘lmagan bolani maktabga berib qiynagandan ko‘ra, maktabgacha tayyorlov tashkilotlariga yuborgan ma’qul ekanligini yana bir bor eslatib o‘tamiz.

Farzandingizni umumta’lim maktablarining 1-sinfiga qabul qilish bilan bog‘liq savollar, taklif va shikoyatlar yuzasidan tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlariga murojaat etish mumkin.

Ota-onalardan maktablarga tashrif davomida karantin qoidalariga qat’iy amal qilish hamda ijtimoiy masofa saqlash so‘raladi”, deyiladi vazirlik xabarida.
Ma’lumot uchun: 2020-2021 o‘quv yilida respublika bo‘yicha jami 650 116 nafar bola 1-sinfga qabul qilinishi rejalashtirilgan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)