00:23 / 05.05.2024
198

“Xufyona iqtisodiyotga qarshi kurash illyuziyasi” — Soliq qo‘mitasining rejalari nega tanqidga uchradi?

“Xufyona iqtisodiyotga qarshi kurash illyuziyasi” — Soliq qo‘mitasining rejalari nega tanqidga uchradi?
Prezident huzuridagi kengash yashirin iqtisodiyotga qarshi qaror loyihasining aksariyat bandlariga qarshi chiqqan. Tadbirkor Faxriddin Ilyosovning aytishicha, taklif etilayotgan o‘zgarishlar soyadagi biznesga emas, to‘g‘ri ishlayotgan tadbirkorlarga yuk bo‘ladi. Soliq maslahatchisi Murod Muhammadjonov esa bu choralarning foydasidan zarari ko‘proq bo‘lishini ta’kidladi.

O‘zbekiston hukumati yashirin iqtisodiyotni qisqartirishga qaratilgan rejalarni ishlab chiqdi. Bu rejalar qatoriga kiritilgan, Soliq qo‘mitasiga qo‘shimcha vakolatlar berish haqidagi normalar jamoatchilik e’tirozlariga sabab bo‘lyapti. Tegishli qaror loyihasi tanqidlardan keyin ochiq muhokamaga qo‘yiladigan bo‘ldi.

Kun.uz bu loyihaning aksariyat bandlariga qarshi chiqqan Prezident huzuridagi Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamoatchilik kengashi a’zolari – soliq maslahatchisi Murod Muhammadjonov va tadbirkor Faxriddin Ilyosov bilan suhbatlashib, e’tirozlar nimadan iborat bo‘layotganiga qiziqdi.

— Loyihaga ko‘ra, naqd puldagi to‘lovlar uchun keshbek qaytarilmasligi taklif qilinyapti. Agar bu norma kuchga kirsa, jismoniy shaxslar do‘konlarda, xizmat ko‘rsatish obyektlari va umumiy ovqatlanish joylarida faqat karta orqali to‘lov qilgandagina 1 foiz keshbek qaytariladi. Bu borada fikringiz qanday?

Murod Muhammadjonov
: — Keshbek joriy qilinishining o‘zi yashirin iqtisodiyotga qarshi kurash uchun edi, endi ayni shu maqsadda keshbek bekor qilinyapti – qaysi biri to‘g‘ri, oldingisi to‘g‘rimi, bunisimi, degan masala bor. Naqd pulga keshbek berilmasligi xohlagancha naqd pulga savdo qilib, chek berilmasa ham bo‘ladi, degan narsaga aylanib ketishi ham mumkin. Bir xil bo‘lishi kerak, savdo qildimi, keshbek berishi yoki bermasligi kerak. Unisiga berib, bunisiga bermaslik adolatdan bo‘lmaydi deb o‘ylayman. Soliq maslahatchisi sifatida budjet nuqtayi nazaridan aytsam, keshbek – katta masala emas, qaror loyihasida bundan muhimroq boshqa jihatlar bor. Kattaroq masalalar ko‘rilib, keshbek masalasiga qaralmadi ham o‘zi.

Faxriddin Ilyosov: — Keshbek masalasini yashirin iqtisodiyotdan chiqish yo‘li sifatida qabul qiladigan bo‘lsak, bundan keyin naqd pulda to‘layotgan odam QR-kodli chek so‘ramaydi.

Murod Muhammadjonov: — Keshbekni 50 foiz qilib qo‘ygan taqdirda ham tadbirkorga erkin ishlash sharoiti yaratilmasa, yashirin iqtisodiyotni qisqartirib bo‘lmaydi. Deylik, bir oddiy stakanning qaysidir kodi dastali stakan kodiga almashib ketsa va unga darrov jarima solaman desa, tadbirkor naqd pulga, berkitib sotishni tanlaydi. Tadbirkorga erkinlik berilmasa, 50-100 foizlik keshbek ham rol o‘ynamay qoladi.

Hozirgi kunda elektron boshqaruv qilamiz deyayotgan narsalarning bari elektron boshqaruv uchun emas, elektron nazorat uchun qilingan. Aholiga, tadbirkorga qulay bo‘lishi uchun emas, nazorat qilishga qulay bo‘lishi uchun. “O‘ngga yursang ham, chapga yursang ham, xato qilasan va seni jazolayman”, degan tadbirkorlarga munosabat bo‘lib qolyapti. Xato qilish ehtimoli va jarima qilish ehtimoli katta bo‘lsa, keshbek qancha bo‘lishidan qat’i nazar, tadbirkor qonuniy biznesga yaqinlashmaslikka harakat qiladi.

— P2P nazorati yana kun tartibiga qaytgan. Soliq qo‘mitasi bir necha yillardan beri kartadan kartaga o‘tkazmalar haqidagi ma’lumotlarni qo‘lga kiritishga harakat qilib keladi. Ammo bu jamoatchilik e’tirozlari tufayli amalga oshmay kelayotgandi. Bu taklif qilinayotgan norma borasida qanday fikrdasiz?

Faxriddin Ilyosov
: — Milliy valyutamizning 33 yillik muammosi bor. Shuncha yildan beri fuqarolarimizda endigina milliy valyutamizga nisbatan ishonch paydo bo‘lyapti. Milliy valyutani saqlashga nisbatan shubha bor edi odamlarda, chunki shunday davr bo‘lgan: kassaga, bankka pul topshirib, qaytib ololmagan. Valyuta va bank sohasida ko‘plab muammolar bor edi, o‘sha muammolardan endi xalos bo‘lib, odamlar kartalarida pul saqlashga o‘rganyapti, shu vaqtda biz karta orqali muomala qilishni xohlayapmiz, lekin o‘sha kartadan bir-biriga pul bersa, unga nisbatan chora ko‘rish bilan qo‘rqityapmiz.

Agar karta orqali o‘tkazmalar muammo chiqarsa, yana naqd pulda oldi-berdi ko‘payadi. Bu islohotlar orqali milliy valyuta va bank tizimimizga ishonchni yo‘qotib qo‘ymaslik kerak.

Murod Muhammadjonov: — Kartadan kartaga pul o‘tkazish jismoniy shaxslar naqd pulni bir-biriga berishiga o‘xshaydi. Hozir endi men kimgadir pul bersam, o‘shani ko‘rib turishim kerak, degan narsa bo‘lyapti soliq organi tomonidan. Buning xavfli tomoni nimada? Eslasak, milliy valyutaga ishonch paydo bo‘lishidan oldingi holatda kartadagi pulni naqd qilish 20 foizgacha chiqib ketgan edi. Yana xuddi shu narsa bo‘ladi, bir qadam oldinga, ikki qadam ortga, deganday. Kartadagi pul bilan muomala qilish xavfli bo‘lar ekan, naqd pulga aylantiraman, degan fikr bo‘ladi. Naqd pul yetishmovchiligi boshlanadi yana. Odamlar o‘zaro munosabatda naqd pul so‘raydi.

Bu bilan yashirin iqtisodiyotga to‘sqinlik qilib bo‘lmaydi, ko‘zbo‘yamachilikdan boshqa narsa emas bu. Yashirin iqtisodiyotning oldini olish uchun qilinadigan harakat illyuziyasi bo‘ladi bu. Hamma naqd pulga o‘tadi, kartadagi va naqd pul tafovuti 10-20 foizga chiqadi yana. Keyin unga yechim qidira boshlaymiz, kartadan pul maydalayotganlarni jazolaymiz. O‘zimiz muammo yaratib, o‘zimiz xaloskor bo‘lishni boshlaymiz.

Faxriddin Ilyosov: — Bankdan xohlaganda naqd pul olish imkonini bergan islohot bir kunda pulni naqdlashtirish bo‘yicha muammoni yo‘qotdi-ku. Ya’ni bizda muammo bo‘lsa, uni davolash kerak, har xil yo‘llar bilan nazoratni kuchaytirish orqali tuzatib bo‘lmaydi.

Murod Muhammadjonov: — Qilinayotgan islohotning negativi odamlarga qanchalik ta’sir qilishini o‘rganish kerak. Yashirin iqtisodiyot 49 foiz ekan, shuning qaysi hajmi nimani tashkil qiladi, degan tahlil bormi? Aynan P2P format bo‘yicha jismoniy shaxsdan jismoniy shaxsga kartadan o‘tgan holatlar tahlili bormi? Yoki bojxonadan kirib kelayotgan tovarlar bo‘yicha ketyaptimi bu? Chegaradan kirib keladigan, qazib olinadigan yoki ishlab chiqariladigan tovarlardan boshlanadigan bo‘lsa, nega endi boshidan sasigan baliqni dumidan tozalashmoqchi?

— Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishga qaratilgan hujjat loyihasiga ko‘ra, soliq organlari soliq to‘lovchining hududiga kirish va binoni ko‘zdan kechirish vakolatini olishni istayapti. Agar soliq organlari bunday vakolatga ega bo‘lsa, buning qanday salbiy oqibatlari bor?

Faxriddin Ilyosov
: — Qaror loyihasidagi eng katta muammo: soliq inspektori kelib, xohlaganda kirib, ko‘zdan kechirib, ko‘zdan kechirganlari asosida sayyor tekshiruv imkoni berilyapti. Biz har kuni tekshiruvlarga qarshi kurashyapmiz, har yili prezidentimiz 20 avgustda tekshiruvlar qisqarishi to‘g‘risida e’lon qilyapti, lekin endi O‘zbekistonda 2 mingta soliq inspektori bo‘lsa, ularga xohlagan vaqtda sayyor tekshiruv qilishga imkoniyat beryapmiz. Har bittasi yiliga 100 ta tekshiruv o‘tkazsa, 200 mingta qo‘shimcha tekshiruv bo‘ladimi endi? Buning ustiga sayyor tekshiruv bu, oddiy tekshiruv emas.

Shuning uchun bunga 100 foiz qarshimiz. Birinchidan, katta korrupsiyaga olib keladi. Ikkinchidan, soliq inspektorini boshqa tashkilotlar ishlatishni boshlaydi, ya’ni hududga kirmoqchi bo‘lgan, imkoniyati, ruxsati bo‘lmagan xohlagan tashkilot soliq inspektoridan birga kirib chiqishni so‘rashi mumkin. Deylik, soliq inspektori SES yoki boshqa davlat tashkiloti xodimi bilan kirib, tekshiruv qilib ketishi mumkin. Bu – chegarasiz huquq. [Soliq qo‘mitasi raisi] Sherzod Davlatovich buni biz qurol sifatida olamiz, lekin ishlatmaymiz deyapti, lekin devorda osilib turgan qurol, albatta, otiladi, aniq ishlatishadi bu qurolni. Sherzod Davlatovich va’dani beryapti, lekin ertaga qo‘mitaga boshqa rais keladi, nega bu huquqni ishlatmayapmiz, deydi va aniq ishlaydi bu narsa.

Murod Muhammadjonov: Savdo qoidasini buzish masalasini ko‘radigan bo‘lsak, xodimlar sonini nazorat qilish mumkinligi, yer qa’ridan foydalanganlik masalasi… Hududga kirganda shu holatlarni ko‘radigan bo‘lsa, sayyor tekshirish tayinlash mumkin deyishmoqchi. Bu o‘zi mavjud huquqni yana ham erkinlashtirib olish bo‘ladi. Endi xohlagan paytim qilaman degan narsa bo‘lib qoladi. Soliq organida 100 foiz deya olmayman, 99 foiz biznes nimaligini tushunmaganidan qilinayotgan ish bu. Falon narsang joyida yo‘q ekan degan talabdan tadbirkorlar juda ko‘p ziyon ko‘ryapti. Biznes jarayonni tushunmagani uchun qonun mana bunday bo‘lishi kerak degan narsani ushlab olishyapti. Qonun bir tarafda, biznes bir tarafda qolib ketyapti, sal pastroq tushaylik.

2021 yil 7 yanvarda 1-sonli qaror qabul qilingan, unda “tahlil-tahlika” dasturi orqali chiqqan qarorda 3 ta yo‘nalish bo‘yicha tekshirish tartibi bor. Ularning orasida sayyor tekshirish bo‘yicha ham tartib belgilangan. Sayyor soliq tekshiruvi kassa qoidalari, xodimlar soni, yer qa’ridan foydalanishni tekshiradi, monitoring, xronometraj o‘tkazishi mumkin degan o‘nta band bor. U huquqlarga qanday chiqish mumkin degan savolga, “Tahlil-tahlika” dasturi orqali deb javob berish mumkin. Dastur orqali “ko‘p elektr energiyasini ishlatyapsan” deb, sayyor tekshiruvga chiqish mumkin. Endi bizga bu dastur ham kerakmas, xohlagan paytim kiraman degan narsa bo‘lyapti. Bu ochiq korrupsiyaga olib keladi. Xohlagan payt kirish cheksiz vakolat berishdir. Bu ertaga yomon oqibatlarga olib keladi.

Kengashda birinchi shu masala ko‘tarilgandi. Kengash bu bandga jiddiy qarshilik bildirib, uni hujjatdan chiqarib tashlash haqida taklif berdi. Hujjatdagi deyarli barcha normalarga e’tiroz bildirildi. Shunaqa katta e’tirozlar bo‘lganda ham bu normalar o‘tib ketadigan bo‘lsa, prezident huzuridagi kengash faqat illyuziyadan boshqa narsa bo‘lmay qoladi. Bu narsaga alohida urg‘u berayotganim sababi – bu normalar o‘tmasligi kerak.

Fahriddin Ilyosov: 2 yil oldin hamma joyda tadbirkor qahramon edi. Oxirgi vaqtlarda tendensiya teskari qarab ketyapti. Budjet tanqisligini eplay olmayotgan hukumat bunda biznesni ayblayapti. Tadbirkor majburiyatini bajarmayapti, biznes aybdor kabi tezislarni ishlatishyapti. Lekin mikrofonni biznes tarafga bersa, unda ham gapiradigan gaplari bor. Sherzod Davlatovich aytyaptiki, yaxshi tadbirkor bor, soliqlarini to‘layapti, yomon tadbirkor bor, xodimlarini naqd pulga ishlatyapti. Lekin shu qaror loyihasi xufiyona ishlayotgan tadbirkorlarga emas, to‘g‘ri ishlayotgan tadbirkorlarga yuk bo‘ladi, xolos.

Madina Ochilova suhbatlashdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » “Xufyona iqtisodiyotga qarshi kurash illyuziyasi” — Soliq qo‘mitasining rejalari nega tanqidga uchradi?