20:39 / 27.08.2020
2 089

Prezident: «O‘zbekistonda yangi geologiya tizimi yaratilmoqda. Uni rivojlantirishdan maqsad – odamlarni boy qilish»

Prezident: «O‘zbekistonda yangi geologiya tizimi yaratilmoqda. Uni rivojlantirishdan maqsad – odamlarni boy qilish»
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 avgust kuni geologiya sohasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligi bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, davlat rahbari Oliy Majlisga shu yil yanvar oyidagi Murojaatnomasida har yili ilm-fanning bir nechta yo‘nalishiga ustuvor ahamiyat qaratilib, ular jadal rivojlantirilishini ta’kidlagan edi. Joriy yilda geologiya sohasi ana shunday yo‘nalishlardan biri etib belgilangan.

Shu maqsadda Prezidentning 4 ta qarori qabul qilindi. Ularning ijrosi doirasida sohani modernizatsiya qilish va raqamlashtirish, geologik qidiruv ko‘lami va samaradorligini oshirishga erishilmoqda.

– O‘zbekistonda yangi geologiya tizimi yaratilmoqda. Uni rivojlantirishdan maqsad – tabiiy resurslarni xalqimiz manfaatiga yo‘naltirish, ish joylari tashkil etib, odamlarni boy qilish, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Tadbirda Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi raisining hisoboti eshitildi. 20 ta yangi konga onlayn auksionda, ochiq va shaffof tarzda salohiyatli xorijiy investorlarni jalb etish jarayonining borishi ko‘rib chiqildi.

Sohadagi ishlar natijadorligini oshirish, qonunchilik bazasini mustahkamlash hamda investitsiya salohiyatini yanada kengaytirish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari kelgusi yili geologiya-qidiruv ishlarini 2 barobar kengaytirib, yangi istiqbolli maydonlarni aniqlash, sohaga zamonaviy laboratoriya texnikalarini joriy qilishni jadallashtirish muhimligini ta’kidladi.

Geologiya qo‘mitasiga sanoat kooperatsiyasi asosida yangi konlarni qidirish, topilgan resurslarni o‘zlashtirish uchun xususiy sektorga berish amaliyotini yanada keng qo‘llash bo‘yicha topshiriq berildi.

Namangan tajribasi asosida har bir hududda geologik, ayniqsa, gidrogeologik qidiruvlar bo‘yicha doimiy ekspeditsiyalar tashkil etish zarurligi aytildi.

Foydalanishga berilgan yer qa’ri uchastkalarini o‘zlashtirish samaradorligini oshirish, ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi. Mutasaddilarga belgilangan chora-tadbirlar bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Prezident: «O‘zbekistonda yangi geologiya tizimi yaratilmoqda. Uni rivojlantirishdan maqsad – odamlarni boy qilish»