19:33 / 08.09.2020
3 890

Til, siyosat va zamon

Til, siyosat va zamon
Hozirgi kunda, buyuk qadriyatlarimizning mazmunini o‘zida ifodalovchi milliy tilimizning boy imkoniyatlaridan samarali foydalanilmoqda. Bu borada mamlakatimizda e’tiborga molik ishlar amalga oshirildi. Ayniqsa, davlat tilining xalqaro miqyosda ham faol muloqot vositasiga aylanib borayotgani e’tiborlidir.

Xususan, xorijiy mamlakatlar rahbarlari bilan bo‘ladigan uchrashuv va suhbatlar, muzokaralar, tegishli hujjatlarni imzolash marosimlarida, nufuzli sammitlarda, rasmiy matbuot anjumanlarida o‘zbek tilining o‘rni va ahamiyati ortib borayotgani hammamizga g‘urur-iftixor bag‘ishlaydi.

Shu borada o‘zbek tilining kompyuter va Internet, aniq fanlar, tibbiyot, iqtisodiyot kabi maxsus termin va tushunchalarni talab qiladigan sohalarda ham keng qo‘llana boshlagani uning imkoniyatlari nechog‘liq katta ekanini ko‘rsatadi.

Siyosat va uning institutlari jamiyatdagi til imkoniyatlarisiz o‘z maqsadlarini amalga oshirolmaydi. Ayni vaqtda, tilning o‘zi ham siyosatning u yoki bu tarzdagi ta’siriga uchraydi. Ma’lumki, til davlat tomonidan alohida siyosat va rejalashtirish ob’ektiga aylanib boradi.

Adabiyotlarda “maxsus siyosiy til”, “siyosatning funksional uslubi”, “siyosatning maxsus lug‘at tarkibi”, “maxsus siyosiy leksika” singari iboralar uchraydi. Bizning nazarimizda, “siyosat tili” va “siyosiy ibora” tushunchalari, birinchidan, sinonimlar, ikkinchidan, “maxsus siyosiy til” va “siyosatning funksional uslubi” iboralariga nisbatan birmuncha umumiyroq tarzda namoyon bo‘ladi. Binobarin, ular biz o‘rganayotgan fenomenni imkon qadar to‘la qamrab oladi.

Endilikda tilni jamiyat va madaniyat kontekstida qarash lozim. Bu yerda bir qator tillarni ajratib ko‘rsatish mumkin. Bunday o‘zgaruvchan holat jamiyat va madaniyat murakkab tuzilmaga ekanligidan kelib chiqadi. Shuningdek, madaniyatning ham turli sohalari (fan, din, san’at, siyosat, huquq va h.k.) mavjud. Bunday sohalarning har birida o‘z tili shakllanadi. Jamiyatdagi bu ixtisoslashgan sohalar bilan bir qatorda kundalik hayotning uncha qat’iy belgilanmagan sohasi ham mavjud.

Unda “tabiiy til” deb atalmish til, ya’ni ko‘plab asrlar davomida shakllangan va kishilarning kundalik hayot faoliyati va o‘zaro munosabatlari vositasi bo‘lib xizmat qilgan faoliyat shakli sifatida namoyon bo‘ladi. Rivojlangan madaniyatda bu til ikkita asosiy, ko‘pincha aniq chegaralanmagan ko‘rinishda mavjud bo‘ladi: 1) oddiy xalq tili ko‘rinishida; 2) adabiy til ko‘rinishida. Tabiiy til ixtisoslashmagani uchun funksional bo‘lmagan til hisoblanadi.

Jamiyatning nisbatan mustaqil sohalariga xizmat ko‘rsatuvchi tillar ushbu sohalar ichida yaratiladi va shuning uchun ham ixtisoslashgan tillar deb ataladi. Albatta, bunday til tabiiy tilsiz (birinchi navbatda, adabiy tilsiz) kun ko‘rolmaydi. Biroq tabiiy til ham bu yerda o‘zi qo‘llanilayotgan til sohasiga bo‘ysundirilgan bo‘ladi. Ixtisoslashgan til maxsus soha va faoliyatga (kasbga, mashg‘ulot turiga va h.k.) xizmat ko‘rsatadi, shuning uchun funksional tildir.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, har qanday til - funksional til ham, funksional bo‘lmagan til ham tuzilmali va funksional tomonlarga ega. Binobarin, mazkur holatda gap tilning funksional tizimi to‘g‘risida emas, balki butun tilning funksionalligi to‘g‘risida bormoqda. Siyosat tili yoki siyosiy tilning o‘ziga xosligi shundan iboratki, u siyosatni amalga oshirish, siyosiy maqsadlarga erishish vositasi sanaladi. Shu jihati bilan u yuridik, ilmiy, falsafiy tibbiyot va boshqa har qanday funksional tildan farq qiladi. Biroq siyosat tili tilning barcha qolgan qismlari, umumiy til lug‘at tarkibi bilan chambarchas bog‘liqdir.

Ayni vaqtda, siyosat tili tibbiyot, texnika yoki yuristprudensiya tilidek aniq ajralib turmaydi. Shu asnoda siyosat tili va umumiy til lug‘at tarkibi o‘rtasida doimiy o‘zaro almashuv boradi: siyosiy atamalar, so‘zlar va iboralar umumiy til lug‘at tarkibi boyligiga aylanadi, aksincha, umumiy til lug‘at tarkibidagi ko‘p so‘zlar va iboralar siyosat tili tarkibiga o‘tadi. Shu tariqa, siyosiy atamalar u yoki bu darajada o‘zining terminologik xususiyatini yo‘qotadi, umumiy til lug‘at tarkibidagi so‘zlarga esa maxsus (siyosiy) ma’nolar beriladi.

Siyosiy targ‘ibot darajasidagi til ancha mavhumdir. Buning sababi u imkon qadar keng auditoriyaga mo‘ljallanganligidir. Unda shiorlar alohida o‘rin egallaydi. Bular o‘ta funksional so‘zlardir; bular fikrlarni shakllantirish va ularni o‘zgartish sohasidagi ommabop nutqning ajralmas qismidir. So‘z o‘z-o‘zidan shiorga aylanmaydi. Masalan “demokratiya”, “taraqqiyot”, “birdamlik” kabi so‘zlar fan tilida shior ma’nosida qo‘llanilmaydi. Bular tushunchalar hisoblanadi. Shiorbop so‘zlar esa tushunchalar emas, balki nutq, siyosiy nutq fenomenidir. Shu asnoda shiorbop so‘zlarda ularning axborot jihati ikkinchi o‘ringa tushib qoladi va hatto butunlay siqib chiqarilishi ham mumkin. Natijada, ularning o‘rnini esa funksional ahamiyatga ega bo‘lgan mafkuraviy jihatlar egallaydi.

Xulosa qilib aytganda, insonning siyosiy madaniyati uning lisoniy olamida muhim o‘rinni egallaydi. Ya’ni uning siyosiy madaniyat darajasi qanchalik yuqori bo‘lsa, o‘zining bu boradagi fikr-mulohazalarini ravon va mantiqiy izchillikda yetkazib beradi. Bu siyosiy g‘oyalar sub’ektning o‘z fikrini aniq tarzda yetkazib berish maqsadida til strukturasidan, ayniqsa, uning lisoniy qurilishidagi o‘zgarishlardan samarali foydalana olishida namoyon bo‘ladi.

Tilda siyosiy maqsad va manfaatlar, dunyoqarash, his-tuyg‘ular o‘z aksini topadi. Shuningdek, til har qaysi millatning ijtimoiy-siyosiy taraqqiyotiga mos tarzda rivojlanib boradi. Ya’ni til jamiyat hayotining barcha sohalarida amalda bo‘lib, ijtimoiy-siyosiy taraqqiyot strategiyasini belgilashga xizmat qiladi. Zero, til halqning ruhiyati, yashash tarzi mahsulidir. Shu nuqtai nazardan qaraganda, har bir millat o‘z tilining taraqqiyoti uchun qayg‘uradi, rivojlanish asoslarini mustahkamlashga harakat qiladi.

Toshkent davlat yuridik universitetining
Ixtisoslashtirilgan filiali Umumta’lim
fanlar kafedrasi katta o‘qituvchisi
Eshanova Moxira Yuldashbayevna

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Til, siyosat va zamon