12:28 / 25.09.2020
685

“Tartibga solish gilotinasi”: qonunchilikda nimani saqlab qolish va nimadan voz kechish kerak?

“Tartibga solish gilotinasi”: qonunchilikda nimani saqlab qolish va nimadan voz kechish kerak?
Foto: Shutterstock
Taraqqiyot nafaqat ilg‘or g‘oyalarni, balki eskirib qolgan tartiblar, byurokratik g‘ov va to‘siqlardan o‘z vaqtida voz kechishni ham taqozo qiladi. Ortiqcha yukdan xalos bo‘lish harakatni yengillashtirganidek, ortiqcha hujjatlardan voz kechish shiddatli islohotlarni amalga oshirayotgan institutlar, tuzilmalarga asosiy kuchni maqsadli va samarali safarbar qilish imkonini beradi.

Sir emas, barcha sohalarni isloh qilishga qaratilgan dasturlarni amalga oshirish qonun hujjatlari sonining yanada ortishiga olib keldi. Hujjatlarining ko‘pligi, tarqoqligi amaliyotda ularni tushunishni qiyinlashtirib, huquqiy tafovut va kolliziyalarga yo‘l ochmoqda, haddan tashqari tartibga solish va byurokratiyaga zamin yaratmoqda.

Mazkur muammoni hal qilish uchun xalqaro tajribada “tartibga solish gilotinasi” usulidan foydalaniladi.

“Tartibga solish gilotinasi” nima?
“Tartibga solish gilotinasi” amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni tahlil qilish va qayta ko‘rib chiqish orqali ularni saralash, tasdiqlash, o‘zgartirish yoki bekor qilish demakdir.

Ya’ni iqtisodiy rivojlanish strategiyasi, qonuniyligi va zarurati nuqtai nazaridan asossiz bo‘lgan, shuningdek, qonuniy va zarur hisoblansa-da, jamiyat va biznes uchun qulay bo‘lmagan har qanday tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatni maksimal darajada soddalashtirish “tartibga solish gilotinasi”ning asosiy tamoyillari hisoblanadi.

Jahon tajribasidan muvaffaqiyatli o‘tgan
Shvetsiya, Janubiy Koreya, Qozog‘iston, Xorvatiya, Serbiya, Bosniya, Buyuk Britaniya, Meksika, Vetnam, Misr, Keniya kabi davlatlar qonunchiligida bu metod amal qiladi.

Yaponiya tajribasi tartibga solish choralarini sinovdan o‘tkazish yoki ma’muriy xarajatlarni kamaytirish maqsadida “maxsus hududiy zonalar”ni shakllantirgan. Avstraliyada 2003 yilda “Qonunchilik vositalari to‘g‘risida”gi (Legislative Instruments Act 2003, LIA) qonun qabul qilingan.

Janubiy Koreyada 1998 yili “tartibga solish gilotinasi” loyihasini amalga oshirish, shuningdek, tartibga solishni isloh qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri mamlakat Prezidenti oldida hisobdor bo‘lgan Qo‘mita tashkil etilgan. Meksikada ham 1989 yili Iqtisodiy deregulyatsiya bo‘limi tomonidan “tartibga solish gilotinasi” loyihasi amalga oshirilgan.

Bu bizga nima beradi?
Hozirga qadar mamlakatimizda yaxlit 728 Qonun, 423 ta Oliy Majlis palatalarining qarorlari, 2538 ta Prezident farmonlari, 2699 ta Prezident qarorlari, 10245 ta Vazirlar Mahkamasining qarorlari va 1895 ta idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan. Bundan tashqari har bir hududda ko‘p sonli mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlari mavjud.

Qonun hujjatlarining ko‘pligi nafaqat aholi, yuridik shaxslar, balki huquqni qo‘llovchi davlat xizmatchilarining o‘zlariga ham noqulaylik tug‘diradi.

Davlatimiz rahbarining kuni kecha qabul qilingan “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” Farmoni bilan norma ijodkorligi jarayonida amal qilish lozim bo‘lgan bir qator prinsipal o‘zgarishlar belgilandi. Xususan:

Birinchidan, Parlament palatalari, Prezident, Hukumat hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining individual va tashkiliy tusdagi hujjatlarini ular tomonidan qabul qilinadigan normativ-huquqiy hujjatlardan farqlashning aniq mezonlari qonun darajasida belgilanadi.

Ikkinchidan, yangi tahrirdagi qonun hujjati o‘rniga bir vaqtning o‘zida amaldagi qonun hujjatini kuchini yo‘qotgan deb topishni nazarda tutuvchi yangi qonun hujjatini qabul qilish amaliyoti joriy etiladi va avval qabul qilingan bunday qonun hujjatlari qayta ko‘rib chiqiladi.

Uchinchidan, Prezident va Vazirlar Mahkamasining rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish hamda tadbirlar o‘tkazishni tashkil etish yuzasidan qabul qilingan hujjatlari tegishli yil yakuni bo‘yicha o‘z kuchini yo‘qotgan deb topiladi.

Adliya vazirligining roli qanday bo‘ladi?
Shuni tan olish kerakki, qonun hujjatlari va ular loyihalarining tartibga solish ta’sirini baholash masalasida 10 yildan ortiq davrda ayrim ishlar amalga oshirilgan, qarorlar qabul qilingan bo‘lsa-da, bu sohada tizimli siyosat olib borilmayotgan edi.

Farmon bilan Adliya vazirligi normativ-huquqiy hujjatlar va loyihalarining tartibga solish ta’sirini baholash sohasidagi faoliyatni muvofiqlashtirish bo‘yicha maxsus vakolatli organ etib belgilandi. Bu esa nuqsonlarni bartaraf etish, yangi gorizontlarni ochishga xizmat qiladi.

Bunda Adliya vazirligi har yili mamlakatda tartibga solish ta’sirini baholash tizimining holati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tayyorlaydi, ularni ommaviy axborot vositalarida e’lon qilgan holda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga kiritishi tartibi joriy etilayotganligi tartibga solish sub’ektlarining mas’uliyati oshishiga xizmat qiladi.

Shu bilan birga Farmonda, tartibga solish siyosatining yaxlitligini ta’minlashga qaratilgan institutsional o‘zgarishlar nazarda tutilgan. Masalan, endilikda Adliya vazirligining Tartibga solish ta’sirini baholash boshqarmasi tashkil etiladi, barcha davlat boshqaruvi va mahalliy ijro hokimiyati organlarida tartibga solish ta’sirini baholash uchun mas’ul xodimlar tayinlanadi.

Shunisi, e’tiborga molikki, yangi boshqarma zimmasiga normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish hamda aniqlangan qorrupsiogen omillarni bartaraf etishga qaratilgan choralar ko‘rish va tavsiyalar ishlab chiqish, korrupsiya kelib chiqishiga sharoit yaratayotgan qonunchilikdagi huquqiy bo‘shliqlar, qoidalar va normalarni aniqlash, normativ-huquqiy hujjatlarning amaliyotda qo‘llanilishida korrupsion tusdagi xavflarni tahlil qilish vazifalari ham yuklangan.

“Ochiq platforma” va qayta aloqa
Shuningdek, tartibga solish ta’sirini kamaytirish doirasida guruh bo‘lib ishlash texnologiyalarini shakllantirish va hamkorlikning samarali mexanizmlarini yaratish uchun regulation.gov.uz portalida “ochiq platforma” (open platform) joriy etiladi.

Jamoatchilik, biznes hamjamiyati, ilmiy doiralar va fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro hamkorlik, shu jumladan qabul qilinayotgan qonun hujjatlarini amalga oshirish doirasida qayta aloqa mexanizmlarining yo‘lga qo‘yilishi esa “kam xato, ko‘p natija” prinsipi asosida faoliyat samaradorligini ta’minlashga olib keladi.

Shuningdek, Farmonda davlat organlari va tashkilotlari bilan tematik onlayn uchrashuv va muhokamalar o‘tkazish bo‘yicha tashabbus ko‘rsatish, qonunchilik hujjatlarining huquqni qo‘llash amaliyotiga ta’sirini baholashda “kraudsorsing” imkoniyatlaridan foydalanish,

shu jumladan onlayn so‘rovnomalar o‘tkazish kabi progressiv va zamonaviy ish usullari yo‘lga qo‘yilishi ushbu yo‘nalishdagi ishlar muvaffaqiyati garovi bo‘ladi.

Ba’zan yangilanishlar, islohotlar jarayonida, o‘zgarishlarning ruhiga butunlay mos kelmagan qandaydir tartib, qoidalar uchrab turishi bor gap. Ularni aniqlash, tan olish va o‘z vaqtida voz kechishdan qo‘rqmaslik kerak.

Shubhasiz, tartibga solish ta’sirini baholash borasida xalqaro tajribada sinovdan o‘tgan, nisbatan yangi, zamonaviy usul va mexanizmlardan foydalanish huquq ijodkorligi jarayonining takomillashishiga, qonunchilik yukining kamayishiga, uning xalqchil bo‘lishiga xizmat qilish bilan birga davlat boshqaruvining samaradorligi oshishiga hissa qo‘shadi.

Xudoyor Meliyev
Adliya vazirligining mas’ul xodimi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)