00:55 / 27.09.2020
2 463

Amerikalik ekspertlar: Kuchli Markaziy Osiyo siyosati AQSHning tashqi siyosatdagi maqsadlariga to‘liq mos keladi

Amerikalik ekspertlar: Kuchli Markaziy Osiyo siyosati AQSHning tashqi siyosatdagi maqsadlariga to‘liq mos keladi
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 75-yubiley sessiyasida ilgari surgan fikrlari va takliflari yuzasidan AQSH ekspertlari o‘z fikrlarini bildirib o‘tishdi.
O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasi ana shunday ekspertlarning ayrimlari tomonidan bildirilgan fikrlarni taqdim etdi.

Ariel Koen, xalqaro munosabatlar bo‘yicha Kengash a’zosi, AQSH soliqlar va investitsiyalar bo‘yicha Xalqaro markazi katta tadqiqotchisi

“Men prezident Shavkat Mirziyoyevning nutqini juda diqqat bilan tingladim. Prezident Yer yuzida barcha aziyat chekayotgan COVID-19 tufayli ilk bor videokonferensaloqa formatida, boz ustiga o‘zbek tilida BMT Bosh Assambleyasiga murojaat qildi.

Birinchidan, u XXI axborot asrida O‘zbekiston xalqi uchun juda muhim bo‘lgan keng miqyosli iqtisodiy islohotlarga qat’iy sodiqligini bildirdi. Bu kontekstda O‘zbekistonda jahonga taklif eta oladigan narsalar ko‘p. Masalan, mamlakatda dunyodagi eng sifatli paxtalardan biri yetishtiriladi. O‘tmishdagi majburiy va bolalar mehnati bilan bog‘liq muammolar bartaraf etilgan, bu esa jahondagi eng mashhur kiyim-kechak brendlari tomonidan o‘zbek paxtasining xarid qilinishiga yo‘l ochadi.

Ikkinchidan, O‘zbekistonda g‘ayratli va yosh avlod yashamoqda. Ular ta’lim olib, boshqa davlatlardan o‘z bizneslarini olib chiqayotgan investorlar uchun yaxshigina ishchi kuchi bo‘la oladi.

Uchinchidan, Markaziy Osiyoda Afg‘onistonga — Toshkent barcha ishtirokchi tomonlar bilan tinchlik tashabbuslarni qo‘llab quvvatlab kelayotgan davlatga qo‘shniligi, O‘zbekistonning yonma-yomon strategik joylashuvidir. O‘zbekiston shuningdek, mintaqaning integratsiyalashuvi uchun faol katta qadamlar tashlamoqda. “Bir mintaqa — bir yo‘l” tashabbusi bilan birgalikda, AQSH xalqaro rivojlanishni moliyalashtirish korporatsiyasi, Jahon banki, YETTB, OTB kabi xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikda O‘zbekiston zarur texnik ekspertiza va moliyalashtirishni olmoqda.

To‘rtinchidan, prezident Mirziyoyev iqlim o‘zgarishi va Orol dengizining muhim fojiaviy muammosiga to‘xtaldi.

Nihoyat, O‘zbekistonda UNESCO tomonidan tan olingan, millionlab turistlar tomosha qilishga oshufta insoniyat madaniy meroslarini tilga olishim kerak. Bu albatta faxrga sabab bo‘ladi, shuningdek O‘zbekistonda mehmondorchilik industriyasini rivojlantirish manbayi hamdir.

Prezident tomonidan belgilab berilgan iqtisodiy islohotlar, korrupsiyaga qarshi qat’iy kurash, yoshlarning ta’lim darajasini oshirish va muammolarini hal qilish bo‘yicha sa’y-harakatlar bilan O‘zbekiston yorqin kelajakka ega bo‘ladi, buni esa AQSH doxil butun jahon hamjamiyati mamnuniyat bilan qo‘llab-quvvatlaydi”.

Briann Todd, AQSH Milliy mudofaa universiteti (NESA) Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo strategik tadqiqotlar Markazi professori:

«Men prezident Mirziyoyev O‘zbekiston fuqarolari tomonidan erishilgan muvaffaqiyatni tilga olib, gender tenglikni ustuvorlik deganidan xursand bo‘ldim. O‘z nutqida prezident davlat boshqaruvida ayollarning roli oshib borishini ta’kidlab o‘tdi.

Mirziyoyevning yoshlarga oid tashabbuslarini to‘liq qo‘llab-quvvatlayman. O‘zbekiston aholisining 60 foizidan ziyodrog‘ini 30 yoshdan kichik yoshlar tashkil etadi. Avgust oyida Samarqandda BMT shafeligi ostida yoshlar huquqi bo‘yicha xalqaro forum bo‘lib o‘tdi.

Shuningdek, prezident Mirziyoyevning O‘zbekiston Afg‘onistonni Markaziy Osiyoning ajralmas qismi sifatida ko‘rishi haqidagi so‘zlari ham kishini xursand qildi. O‘zbekiston 1990-yillarda BMT qoshida afg‘on mojarosini bartaraf etish uchun platforma bo‘luvchi “6+2” muloqot guruhini taklif qilgan ilk mamlakatlardan biri bo‘lgan. 2018 yilgi Toshkent deklaratsiyasi Afg‘onistonda tinchlikka erishish uchun global sa’y-harakatlarni birlashtirdi.

Men prezident Mirziyoyevning yirik infratuzilmaviy loyihalar vositasida hamda BMT shafeligi ostida transport va kommunikatsiyalarni rivojlantirish bo‘yicha mintaqaviy markaz tuzish bilan Afg‘onistonni mintaqaviy iqtisodiy integratsiya jarayoniga qo‘shish taklifini qo‘llab-quvvatlayman”.

Skott Levi, Ohayo davlat universiteti Yaqin Sharq tillari va madaniyatlari Departamenti direktori:

«Men O‘zbekiston tarixi bo‘yicha mutaxassisman, Markaziy Osiyo tarixi bo‘yicha ham kitoblar yozganman. Mening so‘nggi kitobimning katta qismi XVIII asrdagi Buxoro amirligiga bag‘ishlangan, Qo‘qon xonligi haqida ham ilgariroq yozgan edim. Ilk marta 1995 yilda O‘zbekistonga borganman. Do‘stlarim juda ko‘p.

Menda prezident Mirziyoyevning rahbarligi, O‘zbekiston xalqi va Markaziy Osiyo mintaqasi manfaatlari yo‘lidagi harakatlari katta taassurot qoldirgan. Uning O‘zbekiston xalqi farovonligi uchun fuqarolik jamiyati qurish, korrupsiyaga qarshi kurashish, mustaqil sud tizimini mustahkamlash yo‘lidagi ishlarini ilhomlantiruvchi deb baholayman.

Shuningdek, prezidentning O‘zbekiston xalqi, jumladan ayollar va bolalarning, etnik ozchiliklarning huquq va erkinliklarini yaxshilash yo‘lidagi sobitqadamligini olqishlayman. Fikrimcha, unda kuchli O‘zbekiston borasida yaxshi tasavvur bor.

O‘zining BMTdagi chiqishida prezident mintaqada ham, undan tashqarida ham boshqa mamlakatlar bilan ikki tomonlama aloqalarda so‘nggi yillarda aynan mana shu sa’y-harakatlar tufayli juda muvaffaqiyatli bo‘lgan.

Prezident atrof-muhit, iqlim o‘zgarishiga doir tanqidiy muammolar bilan shug‘ullanayotganini ko‘rib turganimdan xursandman. O‘zbekiston Orolning qurishidan tortib, qurg‘oqchilik keltirib chiqargan muammolargacha barchasini o‘z tanasida his qilib turibdi.

O‘zbekiston hukumati ish o‘rinlari yaratish uchun sanoat va ta’lim innratuzilmasini rivojlantirishga intilayotgani ham quvonarli. Bu ajoyib tashabbuslar, ish o‘rinlari O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun muhim, ta’lim infratuzilmasi esa mamlakat kelajagi uchun kerak. O‘zbekiston farzandlari yaxshi bilim olishadi, o‘zlari uchun yangi ish o‘rinlari ochishadi, mamlakat iqtisodiyotini kuchaytirishadi.

Fikrimcha, mamlakatning ajoyib madaniyati va boy tarixi bilan tanishishga imkon yaratib, xorijliklarga mamlakatga kirishni yengillatish kerak. Shaxsan o‘zim Samarqand, Buxoro va Xiva kabi shaharlar, shuningdek, men uchun sevimli Farg‘ona vodiysiga amerikalik talabalarning o‘quv sayohatlarini tashkillashtirmoqchiman”.

4. Sherjon Ahmadzay, Omahadagi Nebraska universiteti Afg‘oniston tadqiqotlari markazi rahbari:

«Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi sammitida so‘zlagan nutqi juda qiziqarli bo‘ldi, chunki unda mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik, ayniqsa Afg‘oniston bilan aloqalar ham tilga olindi. O‘zbekistonning so‘nggi to‘rt yil ichida qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro savdo hajmi besh barobarga o‘sgani nafaqat Afg‘oniston uchun, butun mintaqa uchun ham ijobiy dinamika hisoblanadi.

O‘zbekistonning Pokiston orqali Hind okeaniga chiqib, global iqtisodiy, transport va tranzit koridorlarga Markaziy Osiyoni integratsiya qilish borasidagi sa’y-harakatlari mintaqa aholisining uzoq kutgan, yanada jips iqtisodiy munosabatlar o‘rnatilishi borasidagi umidlarini moddiylashtirishi mumkin.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT sammitida qilgan chiqishidagi yana bir asosiy mujda O‘zbekiston Afg‘onistondagi o‘zaro qarshilik qilayotgan kuchlar o‘rtasidagi muzokara jarayonlarida asosiy rolni o‘ynayotgani, Dohadagi muzokaralarda faol ishtirok etayotgani bilan bog‘liqdir. Fikrimcha, urushning tugashi borasidagi uzoq kutilgan umid tez orada reallikka aylanadi.

Prezident Mirziyoyevning BMT qoshida bosh vazifasi Afg‘onistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ko‘mak berish bo‘lgan doimiy qo‘mita tashkil qilish borasidagi taklifi ham muhim tashabbus hisoblanadi. Bu O‘zbekiston hukumati mintaqada tinchlik va hamjihatlik, xalqlarning farovonligi oshishidan manfaatdor ekanini ko‘rsatadi.

Markaziy Osiyoni yagona va ravnaq topayotgan mintaqa sifatida mustahkamlash borasida o‘zbek tomonining tashabbuslari amalga oshadigan bo‘lsa, O‘zbekiston va mintaqaning boshqa davlatlari o‘z mahsulotlari bilan Pokiston va Hindistonning katta bozorlariga chiqib, eksport salohiyatlarini yanada oshirib olishadi.

Boz ustiga, ta’kidlash joizki, kuchli Markaziy Osiyo siyosati AQSHning tashqi siyosatdagi maqsadlariga to‘liq muvofiqdir. AQSH davlat departamenti Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi integratsiya va o‘zaro bog‘liqlikni har doim qo‘llab-quvvatlaydi. Afg‘oniston esa bu borada birlashtiruvchi ko‘prik bo‘ladi”.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Amerikalik ekspertlar: Kuchli Markaziy Osiyo siyosati AQSHning tashqi siyosatdagi maqsadlariga to‘liq mos keladi