19:40 / 25.12.2020
1 154

Tibbiyot psixologiyasimi yoki klinik psixologiya?

Tibbiyot psixologiyasimi yoki klinik psixologiya?
Epigraf. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholiga psixologik xizmat ko‘rsatish va psixologiya sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 1518/20-2-sonli Farmoni 19.12.2020 yili e’lon qilindi. Unda O‘zbekiston davlat psixologiya universitetini ochish hamda tibbiy va klinik psixologiya haqida ham bandlar bor. Bugungi suhbatdoshimiz Respublikamizda “Tibbiyot psixologiyasi” faniga asos solgan olim, shu nomli darslik va o‘quv qo‘llanmalari muallifi, Toshkent tibbbiyot akademiyasi “Tibbiy psixologiya va psixoterapiya” kursi mudiri, prof. Ibodullayev Zarifboy Rajabovich.

Savol: Ustoz! Bundan bir necha yillar oldin tibbiyot institutlarida “Klinik psixologiya” fakulteti hamda “Tibbiy psixologiya va psixoterapiya” kafedrasini ochish zarurligi ko‘targansiz, “Tibbiy psixologiya” bo‘yicha Davlat ta’lim standartini ishlab chiqqansiz, darsliklar yozgansiz. Sizning tashabbus bilan Respublikamiz tibbiyot institutlarida 2012/2013 o‘quv yilidan boshlab “Tibbiy psixologiya” mutaxassisligi bo‘yicha magistratura va klinik ordinatura yo‘nalishlari ochildi. Biroq har gal hali ishlar ko‘ngildagidek emas, deysiz. Muammo nimada? Dastlab “Tibbiyot psixologiyasi va “Klinik psixologiya” tushunchalariga oydinlik kiritsangiz. Bu borada xanuzgacha hatto tibbiyot xodimlari va psixologlar orasida bahs-munozaralar davom etmoqda.

Javob: Tibbiy psixologiyami yoki klinik psixologiya? Bu borada qarashlar turlicha. Bu fanlarni ikkala nom bilan ataluvchi bitta fan yoki alohida-alohida fan deguvchilar hanuzgacha bor. Rivojlangan xorij davlatlari hamda bir necha yillardan buyon tibbiy psixologiyani o‘qitishga asoslangan tajribamiz asnosida ushbu fanlar haqida o‘z fikr-mulohazalarimizni keltirib o‘tamiz.

Tibbiy va klinik psixologiyalarning farq qiluvchi tomonlari:
1.Tibbiy psixologiya – bu tibbiy mutaxassislik va u psixologik ilmga ega vrach, klinik psixologiya – bu psixologik mutaxassislik va u sog‘liqni saqlash tizimi uchun tayyorlangan psixolog. Klinik psixolog – vrach emas.
2.Tibbiy psixolog – bu “davolash ishi” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha bakalavriaturani tugatib, so‘ngra magistratura yoki klinik ordinaturada “Tibbiy psixologiya” ixtisosligi bo‘yicha tayyorlangan mutaxassis.
3.Klinik psixolog – bu psixologik fanlar bo‘yicha bakalavriaturani tugatib, so‘ngra “Klinik psixologiya” bo‘yicha tayyorlangan mutaxassis.
4.Tibbiy psixolog tashxis qo‘yish jarayonida tibbiy diagnostikadan foydalanishga, davolash jarayonida esa farmakoterapiyani qo‘llashga yuridik huquqi bor. Chunki u tibbiy ta’limga ega. Klinik psixolog esa tibbiyotda faoliyat ko‘rsatsa-da, tibbiy diagnostikadan foydalana olmaydi, dori-darmonlar tavsiya etish va platseboterapiya o‘tkazishga ham haqqi yo‘q.
5.Tibbiy psixolog psixosomatik buzilishlarni organik buzilishlardan farqlay oladi, klinik psixolog esa – yo‘q. Chunki klinik psixolog kasalliklar klinikasi bilan emas, bemorlar psixologiyasi bilan shug‘ullanadi va u vrach emas.
6.Tibbiy psixolog psixogen va psixosomatik buzilishlarni korreksiya qilishda yordamchi davolash usullari, ya’ni fizioterapiya, ignaterapiya, magnitoterapiya, lazeroterapiya va shu kabi tibbiyotga aloqador metodlardan foydalanishga haqli, klinik psixolog esa – yo‘q. Chunki bular tibbiy muolajalar hisoblanadi.
7.Tibbiy psixolog maxsus tayyorlov kurslarini o‘qib, nevropatolog, psixonevrolog yoki psixiatr kasbida ishlashi mumkin, klinik psixologda esa bunday imkoniyat yo‘q. Chunki u tibbiyot ma’lumotga ega emas. Klinik psixolog turli kasalliklarda bemorlar psixologiyasi va kasalliklarning psixologik strukturasini bilsa-da, biroq psixoemotsional buzilishlarning patogenetik mexanizmlari bo‘yicha bilimga ega emas.

Tibbiy va klinik psixologiyaning o‘xshash tomonlari:
1.Tibbiy psixolog ham, klinik psixolog ham sog‘liqni saqlash tizimida faoliyat ko‘rsatuvchi psixologlar. Ikkala kasb egasi ham klinikada faoliyat ko‘rsatishadi va asosiy vazifasi bemorlarga psixodiagnostik va psixoterapevtik (psixokorreksion) yordam ko‘rsatish. Ular har qanday yo‘nalishdagi davolash muassasasi, ya’ni psixiatriya, nevrologiya, psixonevrologiya, kardiologiya, neyroxirurgiya, travmatologiya, pediatriya, onkologiya, ftiziatriya, akusherlik va ginekologiya, tez tibbiy yordam, dermatovenerologiya, OITS kabi maxsus klinikalar, sog‘lomlashtirish markazlari va, albatta, psixosomatik tibbiyot markazlari bo‘limlarida faoliyat ko‘rsatishadi.
2.Tibbiy psixolog uchun ham, klinik psixolog uchun ham asosiy ish quroli – bu psixodiagnostika va psixoterapiya. Shuningdek, ikkala kasb egalari ham psixogen va psixosomatik buzilishlar profilaktikasi bilan shug‘ullanishadi. Bu maqsadda ular psixogigiyena va psixoprofilaktika uslublaridan keng foydalanishadi.
3.Tibbiy psixolog ham, klinik psixolog ham har qanday turdagi psixoterapiya, ya’ni gipnoterapiya, bixevioral terapiya, kognitiv psixoterapiya, kognitiv-bixevioral terapiya, geshtaltterapiya, ratsional-emotiv terapiya, psixodinamik terapiya kabi psixoterapevtik usullarni qo‘llashga haqli. Ushbu uslublar o‘qitish dasturiga kiritilgan. Biroq maxsus kurslarda ham o‘qish talab etiladi.

Savol: Bu ikkala yo‘nalishning tarixi haqida ham so‘zlab bersangiz.
Javob: AQSH va Yevropalik olimlar klinik psixologiya yaratilishi tarixini XIX asrning so‘nggi yillari bilan bog‘lashadi. 1896 yili Germaniyaning Leypsig shahrida o‘qib qaytgan amerikalik psixolog Laytner Uitmer Pensilvaniya shtatida dunyoda birinchi bo‘lib “Psixologik klinika” ochadi. Ha, klinik psixologiya emas, psixologik klinika. L. Uitmer bu yerda hulq-atvori og‘ir bolalar psixodiagnostikasi va psixokorreksiyasi bilan shug‘ullanadi. XX asr boshiga kelib AQSH ning bir qator universitetlarida psixologik klinikalar faoliyat ko‘rsatib boshlaydi va klinik psixologlar tibbiy gospitallarga oshga olinadi.

XX asr boshlarida bu ishning davomchilari Yevropada ham paydo bo‘ladi va ular aynan klinikalarda psixologik yordam tizimini yo‘lga qo‘yish bilan shug‘ullanishadi. Umumiy psixologlardan farqli o‘laroq, klinikalarda faoliyat ko‘rsatuvchi psixologlarni “Klinik psixolog” deb atash taklifi o‘rtaga tashlanadi. Biroq o‘sha davrning atoqli nemis psixiatrlari Emil Krepelin va uning shogirdi Ernst Krechmer bunday yondoshuvni qo‘llab quvvatlashmaydi. Ularning ikkalasi ham umumiy psixologlarning klinik psixolog qiyofasida tibbiyotga kirib kelishiga e’tirozlari bo‘lgan.

Savol: Ma’ruzalaringizning birida Emil Krepelin umumiy psixologlarning sog‘liqni saqlash tizimiga “Klinik psixolog” sifatida kirib kelishini xushlamagan, degan edingiz.
Javob: Haqiqatan ham shunday bo‘lgan. Aslida psixiatr bo‘lgan Emil Krepelin o‘z shogirdi Ernst Krechmerga tibbiyot psixologiyasini alohida fan sifatida shakllantirish tavsiyalarini bergan.

Emil Krepelin (1856-1926) klinik psixiatriya va patopsixologiya yo‘nalishida yirik olim bo‘lib, nafaqat bir qator ruhiy kasalliklar, balki turli xil nevrologik va psixopatologik sindromlarga ham nom bergan, ularning klinikasini yozib sistemalashtirgan. Alsxaymer kasalligi, oligofreniya, dismorfofobiya kabi tibbiy terminlarni fanga u kiritgan. E. Krepelin psixiatriya amaliyotida psixologik usullarni keng qo‘llagan va barcha psixiatrlarni psixologiya ilmini ham chuqur egallashga chorlagan.

Emil Krepelin
Emil Krepelin dav’atlari chetda qolmadi. Uning shogirdi psixiatr Ernst Krechmer (1888-1964) tibbiyot psixologiyasini rivojlantirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yadi. Olim 1922 yili “Tibbiyot psixologiyasi” darsligini chop qildiradi va shu sanani tarixchilar tibbiyot psixologiyasiga asos solingan yil deb hisoblashadi.
Ernst Krechmer
E. Krechmerni ko‘pchiligimiz psixiatr va tibbiy psixolog sifatida bilamiz. Biroq u birinchi Jaxon urushi davrida harbiy gospitalda “Nevrologiya klinikasi” ni tashkil qiladi va uni o‘zi boshqaradi. Nevrologiya sohasidagi ishlari yuksak baholangan 38 yoshli E. Krechmer 1926 yili Marburg universitetining nevrologiya va psixiatriya kafedrasiga ishga qabul qilinadi. Olim uzoq yillar (1946-1959 yy) mobaynida Tyubingem universitetida nevrologiya klinikasini boshqaradi.

Savol: XX asr boshlarida nevrologiya va psixiatriya sohasida tanilgan buyuk olimlarning aksariyati “Tibbiy psixologiya” rivojlanishiga katta hissa qo‘shgan derdingiz. Shundaymi?
Javob: Biz o‘sha davrga bir nazar tashlaydigan bo‘lsak, ko‘zga ko‘ringan yirik olimlar, ya’ni J.M. Sharko, Z.Freyd, E. Krechmer, P.Fleksig, V.M. Bexterevlar nevrologiya, psixiatriya va psixologiya sohasida faoliyat ko‘rsatishgan, ko‘plab asarlar yozishgan. Tom ma’noda olganda, miya va ruhiyatni bir-biridan ayro deb bilishmagan va ular asab va ruhiyat borasida yirik asarlar yaratishgan.

E. Krechmer klassik tibbiyotchilar ta’kidlaganidek “Har bir vrach psixolog bo‘lishi kerak” degan tashabbusni o‘rtaga tashlaydi va uni barcha soha vrachlariga o‘qitish zarurligini o‘z ma’ruzalari va yozgan asarlarida doim ko‘rsatib o‘tgan. E. Krechmerning maqsadi tibbiyot psixologiyasini boshqa soha vrachlariga ham yaqinlashtirish edi. Uning “Tibbiyot psixologiyasi” darsligi juda ko‘p tillarga tarjima qilinadi va birin-ketin “Tibbiy psixologiya” kafedralari tashkil etiladi.

Biroq umumiy psixologlar tomonidan parallel tarzda tibbiyotga aloqasi bo‘lmagan universitetlarda “Klinik psixologiya” kafedralari ham tashkil etiladi va keyinchalik shu nomli fakultetlar ochiladi. Shunday qilib boshqa universitetlarda klinik psixologlar, tibbiyot universitetlarida esa tibbiy psixologlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi va bu holat xanuzgacha davom etmoqda. Psixiatrlarning qattiq qarshiligiga uchragan klinik psixologlar o‘z nigohlarini somatik klinikalarga qaratishadi. Tan olish lozimki, tibbiy psixologiyaga qaraganda klinik psixologiya jadalroq rivojlandi va bunda umumiy psixologlarning hissasi katta.

Savol: “Psixosomatik tibbiyot” haqida ham so‘zlab bersangiz.
Javob: XX asr boshida somatik klinikalarda psixologik yordamning yo‘lga qo‘yilishi Yevropa va AQSH da psixosomatik tibbiyot rivojlanib boshlashiga katta turtki bo‘ldi. 1818 yili Germaniyalik vrach Yogann-Xristian Xaynrot (1773-1843) birinchi bo‘lib “psixosomatika” iborasini qo‘llaydi. 1939 yili AQSH da “Psixosomatik tibbiyot” nomli jurnal ta’sis etiladi. Biroq o‘sha yillari boshlangan ikkinchi Jaxon urushi bu yo‘nalishni ancha to‘xtatib qo‘yadi.

1950 yili AQSH da “Amerika psixosomatik tibbiyot jamiyati” tuziladi. Bu jamiyatga nafaqat psixiatrlar va psixologlar, balki psixosomatik tibbiyotga qiziqish bildirgan turli soha vrachlari ham a’zo bo‘lishadi. Ushbu jamiyatda klinik/tibbiy psixologiya, psixosomatik tibbiyot va psixoterapevtik yordam bilan bog‘liq barcha tayanch iboralar, atamalar va boshqa muammolar yechimi hamkorlikda muhokama qilinadi. Bu borada rivojlanish juda yaxshi davom etadi.

O‘sha paytda, ya’ni 1950 yili amerikalik psixoanalitik Frans Aleksander (1891-1964) “Psixosomatik tibbiyot” nomli kitob chop qildiradi. Bu kitob ham ko‘p tillarga tarjima qilinadi.

Frans Aleksander
Albatta Yevropa ham psixosomatik tibbiyot borasida jadal ishlarni boshlab yuboradi. 1950 yili Germaniyaning Geydelberg shaxrida Aleksandr Micherlix (1908-1982) Yevropada birinchi bo‘lib «Psixosomatik tibbiyot» klinikasini ochadi. 1954 yili Xamburgda «Psixosomatik tibbiyot va psixoanaliz» jurnalining birinchi soni nashrdan chiqadi.

1950-1960-yillar ichida Yevropaning deyarli barcha davlatlarida bir nechtadan “Psixosomatik tibbiyot va psixoterapiya” klinikalari tashkil qilinadi. Albatta bunday markazlarning asosiy ishchilari tibbiy yoki deylik klinik psixologlar bo‘lishsa-da, u yerda tibbiyotning boshqa yo‘nalishidagi vrach-mutaxassislar ham faoliyat ko‘rsatishgan (davomi bor).

Toshkent tibbiyot akademiyasi psixologi,
ilmiy izlanuvchi Rasulbek Polvanov suhbatlashdi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)