13:53 / 12.01.2021
3 615

"Isteriya" - nevrozning bir turimi?

"Isteriya" - nevrozning bir turimi?
“Isteriya” so‘zi – yunoncha “hysteria” so‘zidan olingan bo‘lib, bachadon degan ma’noni anglatadi. Bu kasallik belgilari haqida qadimda ko‘p yozilgan va isteriyani avvallari bachadon funksiyasi bilan bog‘lashgan. Chunki uni asosan ayollarda kuzatishgan. Keyinchalik isterik buzilishlar erkaklarda ham aniqlangan bo‘lsa-da, uning avvalgi nomi saqlanib qolgan. Isteriya nevrozning boshqa turlari kabi keng tarqalgan kasallik.

Isterik nevroz asosan yoshlik davrida, ko‘proq ayollarda kuzatiladi. Ayni paytda uning kelib chiqishida xulq-atvorning bolalikdan isterik tarzda shakllanishi katta ahamiyat kasb etadi.

Isteriya qanday namoyon bo‘ladi?
Ortiqcha ta’sirlanish, har narsaga haddan tashqari e’tibor berish, mustaqil fikrlay olmaslik, ortiqcha ishonuvchanlik, rang-barang his-tuyg‘ularga berilish isteriya uchun juda xos belgilardir. Ular ruhan va jismonan zaif kishilar hisoblanadi. Ko‘pchilik isterik bemorlar fe’l-atvori xuddi bolalar fe’l-atvoriga o‘xshab ketadi. Bunday bemorlar uchun atrofdagilar diqqatini o‘ziga jalb etish juda xos.

Isterik buzilishlar faqat nevrozlarda emas, balki psixopatiyalarda ham kuzatiladi. Isterik nevroz simptomlari aksariyat hollarda xilma-xil kasalliklar alomatlarini eslatadi. Shu bois ham isteriyani “katta mug‘ambir” deb atashadi. Isteriyada barcha ichki a’zolar kasalliklarini eslatuvchi belgilarni kuzatish mumkin. Aslida ularda ichki a’zolar kasalliklari aniqlanmaydi.

Puerilizm – bolalar xatti-harakatini eslatuvchi holat bo‘lib, katta yoshdagilarda kuzatiladi. Bolalarga xos bo‘lgan qiliqlar, boladek ingichka tovush chiqarib gapirish, ko‘zlarni katta-katta qilib ochish, kipriklarni pirpiratish, birov gapirganda og‘zini ochib turish puerilizm uchun juda xos. Bemor shu qilig‘i bilan boshqalarning diqqatini o‘ziga jalb qiladi.

Isteriklarda ham tutqanoq xuruji kuzatiladimi?
Isterik tutqanoq xuruji ham keng tarqalgan belgilardan biridir. Isteriyada kuzatiluvchi tutqanoqlar har xil bo‘ladi va ularning epilepsiyada kuzatiladigan haqiqiy tutqanoqlardan farq qiladigan tomoni ko‘p. Isterik tutqanoq hech qachon bemor yolg‘iz qolganda ro‘y bermaydi, chunki unga doim tomoshabinlar kerak. Talvasa tutganda bemor birdan yerga yiqilib, mushaklari tortishadi va talpina boshlaydi, lekin boshi bilan qattiq narsalarga urilmaydi. Bemor “tutqanoq xuruji” paytida o‘ziga qulay joy topib, biror joyiga qattiq shikast yetkazmasdan yiqiladi. Xuruj paytida yoy singari egiladi – bunga isterik yoy deb ataladi.

Bunday fe’l-atvor ko‘pgina injiq va erka bolalarga xos. Masalan, onasi yangi o‘yinchoq olib bermaganda, bola do‘konda yerga yiqilib, qo‘l va oyoqlarini, goho boshini ham polga urib, qattiq chinqirab yig‘laydi. Qo‘rqib ketgan ona bolasi so‘ragan o‘yinchoqni olib bersa, bola shu zahoti tinchlanadi. Bu odat keyinchalik voyaga yetganda ham namoyon bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, soxta falajliklar, sezgi buzilishlari, giperkinezlar, tananing qaqshab og‘rishlari kabi belgilar ham kuzatiladi.

Davolash qanday olib borilishi kerak?
Isterik bemorlarni davolashni o‘ta qisqa muddat ichida olib borish lozim. Davolash muolajalari qancha ko‘p cho‘zilsa, ijobiy natijaga erishish shuncha qiyin bo‘ladi. Bemor to‘la tuzalgandan so‘ng ham oilaviy va boshqa mojarolar oqibatida kasallik belgilari yana namoyon bo‘lib, shifokor qabuliga kelishi mumkin. Isterik bemorlar vrach va tabiblarga eng ko‘p qatnaydigan bemorlar sirasiga kiradi. Tuzalib ketgandan so‘ng ham bir oz vaqt o‘tgach, unda “Vrach yo‘qligi sindromi” rivojlanib, yana vrach qabuliga chopib keladi.

Bunday hollarda bemorga qo‘llangan avvalgi davolash usulini o‘zgartirishga to‘g‘ri keladi. Agar sizda muvaffaqiyatli davolanib, rahmatlar aytib ketgan bemorni bir necha oydan so‘ng boshqa bir vrachning qabulida ko‘rib qolsangiz, aslo xafa bo‘lmang. Chunki isterik bemorlar vrachlarni o‘zgartirib turishni xush ko‘rishadi.

Zarifboy Ibodullayevning
“Asab va ruhiyat” kitobidan olindi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » "Isteriya" - nevrozning bir turimi?