07:30 / 05.02.2021
575

Toshkentning qadimiy 12 ta darvozasi qayta tiklanadi

Toshkentning qadimiy 12 ta darvozasi qayta tiklanadi
Foto: Kadastr agentligi
Toshkentning 12 ta darvozasi tarixiy o‘rinlarida qayta tiklanadi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz».

Avvalroq 2021 yilgi davlat dasturi qabul qilingani haqida ma’lum qilingan edi. Qayd etilishicha, ushbu dastur loyihasi muhokamasi davomida 4 mingga yaqin taklif kelib tushgan. 49 ta taklif bo‘yicha konseptual hamda 100 dan ortiq tahririy o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan.

Ma’lum qilinishicha, ular qatorida fuqaro Firuza Xusainovaning Toshkent shahrining qadimiy 12 ta darvozasini qayta tiklash va turizm maskaniga aylantirish borasidagi taklifi ham qabul qilingan. U davlat dasturiga alohida band tariqasida kiritilgan.

Unga ko‘ra, Toshkent shahar hokimligi, Madaniyat vazirligi va Fanlar akademiyasi poytaxtning qadimiy 12 ta darvozasi aniq belgilangan joylari, ularning ko‘rinishi va tarixi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni shakllantiradi.

Foto: «Visittashkent.uz»
Shunga ko‘ra, 12 ta darvozaning tarixiy ko‘rinishlari asosida ular qayta tiklanadi. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi esa darvozalarni turizm namoyishi ob’ektlariga kiritadi va turistlarni jalb qiladi.

Mazkur maqsadlarga mahalliy budjet hamda homiylar, tashabbuskorlar mablag‘lari yo‘naltiriladi. Chora-tadbirlarni amalga oshirish muddati 1 iyun etib belgilangan.

Ma’lumot o‘rnida, XVIII asrda Toshkentni bosqinchilar hujumidan himoya qilish maqsadida uning atrofi 8-20 metr balandlikdagi devor bilan o‘ralgan. Devorning 12 joyiga tongda ochilib, shomda yopiladigan darvozalar o‘rnatilgan.

Bu darvozalar o‘rni Labzak, Qorasaroy, Beshyog‘och, Ko‘kcha, Kamolon, Qashqar, Samarqand darvoza kabi nom ostida ham xalqqa yaxshi tanish. Har bir darvoza kalitida tegishli darvozaning nomi va kalit yasalgan yil yozilgan.

Foto: «Visittashkent.uz»
Toshkent 1865 yil iyun oyida Rossiya imperiyasi tomonidan fath etilgach podsho hukumatiga tobelik ramzi sifatida 12 ta darvozaning ramziy oltin kalitlari shoshilinch ravishda yasalib, podsho ma’murlariga topshirilgan. Kalitlar Sankt-Peterburgga olib ketilib, harbiy muzeyda saqlangan.

Ustoz Yahyo G‘ulomovning ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur oltin kalitlar Toshkentning pichoqchilik mahallasida yashovchi Abdurahmon ismli zargar tomonidan yasalgan ekan.

1933 yil 14 iyunda tarixiy to‘rtta ramziy kalitlar O‘zbekistonga qaytarib berilgan. Kalitlarning faqat bittasi O‘zbekiston tarixi davlat muzeyida, qolgan 11 tasi esa O‘zbekiston TIV milliy bankida saqlanmoqda.

1890 yilda Toshkentda yangi shahar barpo etila boshlangan. Shahar kengayib borgan sari Toshkentning tarixiy darvozalari asta-sekin buzib tashlangan. Uning ayrim darvozalarigina tarixiy obida sifatida Fanlar akademiyasining Tarix muzeyida saqlanmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)