23:55 / 25.02.2021
1 499

«Aholida 10 milliard dollar bor» – Sodiq Safoyev bo‘sh mablag‘dan foydalanish zarurligini aytdi

«Aholida 10 milliard dollar bor» – Sodiq Safoyev bo‘sh mablag‘dan foydalanish zarurligini aytdi
Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Kun.uz muxbiriga bergan intervyusida ishlab chiqarishni rivojlantirish zaruriyati haqida gapirdi.

Aytilishicha, aholida mablag‘ bor, lekin pullar uy-joy va to‘yxonalarga ishlatiladi yoki yostiq ostida saqlanadi. Undan ko‘ra, maqsadli sarflansa edi, chetdan investitsiya kutishga ham hojat qolmasdi.

«Har bir jamiyatda bo‘lgani kabi, bizning aholimizda ham mablag‘ bor. Agar shu mablag‘larni ishlab chiqarishga yo‘naltirsak, gapning ochig‘i, bizga xorijiy investitsiyalar ham bugungichalik dolzarb bo‘lmaydi. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, aholida 10 milliard dollarga yaqin mablag‘ bor.

Lekin u pullar ishlab chiqarish emas, uy-joy, to‘yxonalarga sarflanadi yoki xalq iborasi bilan aytganda, «yostiq tagida yotgan mablag‘lar». Vaholanki, bu pul ishlashi kerak. Pul o‘z qiymatini oshirishi lozim. Yangi ish o‘rinlarini yaratish zarur. Buning uchun esa kapital bozori kerak. Ishbilarmonlar bu haqida kuyinib gapirishyapti.

Banklarimiz, afsuski, mijoz uchun kurashayotgani yo‘q. Tafovutni ko‘rdik. Jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, banklar qachon mijoz uchun kurashsa, uning uchun raqobat qilsa, o‘shanda rivojlanadi. Agar u faqatgina berilgan mablag‘larni saqlab o‘tirish bilan kifoyalansa, iqtisodiyotda ularning roli kamayadi.

Oldimizda ikkita muhim masala turibdi. Birinchisi banklarimizni isloh qilish. Ikkinchisi kapital bozorini rivojlantirish
», – dedi Senat rasmiysi.

O‘zbekiston kapital bozori kapitallashuvi mamlakat YAIMga nisbatan 1 foizni tashkil etadi. Kapital bozorini rivojlantirish agentligi direktori Otabek Nazirov rivojlanayotgan davlatlarda bu ko‘rsatkich 30–60 foiz atrofida ekanini, rivojlangan davlatlarda esa 100 foiz va undan ham ortiq bo‘lishini aytgandi.

Ma’lumot uchun, 2020 yilning 1 noyabr holatiga fond birjasining umumiy bozor kapitallashuvi 52,55 trillion so‘m yoki 5 milliard AQSH dollaridan ortiqni tashkil etgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Jamiyat » «Aholida 10 milliard dollar bor» – Sodiq Safoyev bo‘sh mablag‘dan foydalanish zarurligini aytdi