14:25 / 09.03.2021
1 598

Buxoroda puldor shaxsning ortidan tushgan jinoiy guruh qo‘lga olindi

Buxoroda puldor shaxsning ortidan tushgan jinoiy guruh qo‘lga olindi
Foto: Buxoro viloyati IIB
Buxorolik 1975 yilda tug‘ilgan T.S. ismli shaxs aholi orasida moddiy jihatdan yaxshi ta’minlangan shaxs sifatida tanilgan.
Bu shaxsning tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib, katta daromadga ega ekanligi va moddiy jihatdan yaxshi ta’minlanganligidan xabardor bir necha shaxslar oldindan jinoiy til biriktirib, undan tovlamachilik yo‘li bilan pul undirish payiga tushishadi.

Shu maqsadda, uni tanigan 1962 yilda tug‘ilgan B.S. o‘zining jinoiy sheriklari, akasi 1960 yilda tug‘ilgan B.I. hamda 1992 yilda tug‘ilgan T.S. hamda 1983 yilda tug‘ilgan Sh.D. ismli sportchi yigitlar bilan bir guruh bo‘lib, oldindan jinoiy til biriktirib, jabrlanuvchidan pul undirish rejasini tuzib, vazifalarni o‘zaro taqsimlab olishadi.

Bunda, jabrlanuvchining ishxonasiga qo‘shni qurilish firmasida qorovul bo‘lib ishlab kelayotgan B.I. jinoiy to‘da a’zolarini kunlik ma’lumotlar bilan ta’minlab, uning qaysi vaqt ishga kelishi va ishdan ketishi, qay rusumdagi avtomashinalar bilan yurishi, yonida kimlar bo‘lishi va boshqa shu kabi ma’lumotlarni yetkazib turadi.

Jinoiy guruhning qolgan ishtirokchilari esa, gumon qilinuvchi Sh.D.ning boshqaruvida bo‘lgan Kaptiva rusumli avtomashinada bir necha kun davomida jabrlanuvchining avtomashinasi orqasidan kuzatib, zaruriy ma’lumotlar to‘plashadi.

Jinoiy reja obdon o‘ylab chiqilib, jabrlanuvchini qo‘rqitish maqsadida TOZ rusumli qirqma o‘q otar qurol ham tayyorlab qo‘yiladi.

2021 yil 4 mart kuni gumon qilinuvchi B.S. o‘zininig jinoiy sheriklari T.S. hamda Sh.D. lar bilan birgalikda, Sh.D.ning Kaptiva rusumli avtomashinasida jabrlanuvchining boshqaruvida bo‘lgan Kaptiva rusumli avtomashinani soat 17:10 larda, A-380 avtomobil yo‘lida to‘xtatib, avtomashina saloniga o‘tiradi va oldindan tayyorlangan yonida olib kelgan «TOZ» rusumli qirqma o‘q otar qurolni o‘qtab, uni o‘ldirish uchun buyurtma tushganligini, buyurtmani bajarsa 50.000 AQSH dollar miqdorida xizmat haqi olishini, agarda buyurtmachi tomonidan beriladigan summadan ortiqroq pul bersa, uni o‘ldirmasdan, buyurtma bergan shaxslar to‘g‘risida ma’lumot berishini, buning evaziga 70.000 AQSH dollar pul talab qilib, jabrlanuvchini o‘z mulkini berishga majbur qiladigan sharoitga solib qo‘yadi.

Jabrlanuvchi tovlamachining talabiga rozi bo‘lib, ikki kun muxlat so‘ragan holda jinoyatchilarning qo‘lidan qutulib, joriy yilning 5 mart kuni Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘iga murojaat qiladi va o‘z arizasida unga nisbatan tovlamachilik qilayotgan shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘raydi.

Jabrlanuvchining arizasi va bergan ma’lumotlariga asosan Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Jinoyat qidiruv boshqarmasi tomonidan tergov-tezkor guruh tuzilib, kechiktirib bo‘lmas tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borildi.

Joriy yilning 6 mart kunidan 7 mart kuniga o‘tar kechasi o‘tkazilgan tezkor tadbirda B.S. ning topshirig‘iga asosan uning akasi, jinoiy guruh a’zosi B.I. kimyoviy ishlov berilgan milliy so‘mga nisbati 522.000.000 so‘m bo‘lgan, 50.000 AQSH dollar pullarni jabrlanuvchidan olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Jinoiy guruh tashkilotchisi B.S. dan esa bir dona «TOZ» rusumli qirqma o‘q otar qurol, 6 dona jangovar patronlar, jinoiy guruhning yana bir a’zosi T.S. dan esa bir dona sovuq qurol hisoblangan pichoq ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirib olindi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Tergov boshqarmasi tomonidan jinoiy guruh a’zolariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 165-modda 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan holda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Jamiyat » Buxoroda puldor shaxsning ortidan tushgan jinoiy guruh qo‘lga olindi