15:19 / 10.04.2021
2 961

«So‘yib ketamiz deb aytishdi». Qashqadaryoda o‘quvchilarga 2 baho qo‘ygan o‘qituvchi kaltaklandi (video)

«So‘yib ketamiz deb aytishdi». Qashqadaryoda o‘quvchilarga 2 baho qo‘ygan o‘qituvchi kaltaklandi (video)
Foto: Nasafnews
Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani 134-umumiy o‘rta ta’lim maktabining ingliz tili o‘qituvchisi o‘quvchilardan birining akalari tomonidan qattiq kaltaklandi.

Maktabning ingliz tili o‘qituvchisi Shoxnur Oqqo‘ziyevning so‘zlariga ko‘ra, 6 aprel kuni 6-A sinfga darsga kirgan va tayyorlanib kelmagan o‘quvchilarga past baho qo‘ygan.

«6 yoki 7 nafar o‘quvchiga jurnalga 3 baho, kundaliklarga esa uydagilari xabar topsin deb 2 baho qo‘ygandim. Keyin bir o‘quvchim norozi bo‘la boshladi va jahl qilib chiqib ketib qoldi. Dars tugagandan keyin jurnallarimni yig‘ishtirib pastga tushsam, o‘sha o‘quvchi kelib, ustoz sizni akam chaqiryapti deb qoldi. Men har doimgi ota-onalardan biri bo‘lsa kerak, deb o‘yladim. Borganimda esa 3 nafar yigit turgan ekan, senmi o‘sha zo‘ravon deb birdan qo‘limga tarmashib ketdi.

Nima qildim men, shikoyatingiz bo‘lsa ustimdan arz qiling dedim. O‘sha vaqtda ichimga mushtlab ura boshlashdi. O‘zimni o‘sha holatda himoya qilishga harakat qildim. To‘g‘risi, kuchim yetmay qoldi. Keyin ulardan biri bo‘ynimdan bo‘g‘ib ketdi. Keyin o‘zimni yo‘qotdim
», – deydi jabrlangan o‘qituvchi.

Shoxnur Oqqo‘ziyevning aytishicha, janjalni maktab o‘qituvchilari to‘xtatib qolgan. O‘quvchining akalari o‘qituvchini kaltaklaganidan keyin tahdid ham qilgan. «Kaltaklashgandan keyin, sen ketib qolmay turgin, kechga so‘yib ketamiz. Tayyor bo‘lib tur shu yerda, deb aytishdi. Shundan so‘ng, ona tili fani o‘qituvchisi mahalla inspektorini chaqirdi», – deb qo‘shimcha qiladi jabrlanuvchi.

Jabrlanuvchi 2 baho qo‘ygan o‘quvchi ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarining o‘g‘li ekanini, uni kaltaklagan yigitlar esa maktabning sobiq o‘quvchilari ekanini aytmoqda.

Foto: Nasafnews

Foto: Nasafnews
Ta’kidlanishicha, 134-maktabning ma’naviy- ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari maktab hududida janjal sodir bo‘lganini rad etmagan, ammo voqeaga uning farzandlari sababchimi yoki yo‘q bunga aniqlik kiritmagan.

Kaltaklangan o‘qituvchining onasi esa o‘g‘lining keyingi faoliyatidan xavotirlanmoqda.

«O‘g‘lim Milliy universitetning filologiya fakultetini 2020 yilda tamomlagandi. 4-kursda tahsil olayotganda viloyat hokimi Zoir Mirzayev o‘g‘limning kontraktini to‘lashga yordam bergandi. Sharti esa chekka hududlarga borib dars berishi kerak edi. O‘g‘lim hozirda 100 kilometr masofaga, Qarshi tumanidan Chiroqchi tumaniga qatnab ishlayapti. Chekka qishloqning farzandlariga chet tilini o‘rgatishga astoydil harakat qilyapti. Yaxshi niyat bilan ishga kirganiga hali atigi 6 oy bo‘ldi. Lekin tahdidlarga qolib, kaltaklangani menga ham, unga ham juda og‘ir botdi. Uning kelgusi faoliyatidan xavotirga tushyapman», – deydi o‘qituvchining onasi Inobat Qurbonova.

Inobat Qurbonovaning aytishicha, o‘g‘li shifoxonaga yotqizilgandan keyin «zo‘ravon» yigitlar va ularning qarindoshlari bir necha bor kelib uzr so‘ragan. Kelishib olishni taklif qilishgan.

Ma’lum bo‘lishicha, ayni paytda Shoxnur Oqqo‘ziyev viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining Neyroxirurgiya bo‘limida davolanmoqda. Uning bilaklari, beli va oyog‘iga shikast yetkazilgan. Hodisa sodir bo‘lgan «Umakay» mahallasi profilaktika inspektori Sardor Ahmadovning so‘zlariga ko‘ra, u Shoxnur Oqqo‘ziyevga Sud tibbiy ekspertizasiga qaror chiqarib bergan, hozirda holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «So‘yib ketamiz deb aytishdi». Qashqadaryoda o‘quvchilarga 2 baho qo‘ygan o‘qituvchi kaltaklandi (video)